Asakaning chekka qishlog‘ida yangi zamonaviy shifoxona ishga tushadi

28.12.2017, 15:54

Asakaning chekka qishlog‘ida yangi zamonaviy shifoxona ishga tushadi

Xurriyatxon Xoldarova qo‘li yengil shifokor. Asakaning chekka qishlog‘i Arg‘inda istiqomat qiladi. Tuman markazidagi kasalxonada ishlaydi. Arg‘inliklar bemor bo‘lsa, tuman markaziga yo‘l kira sarflab borishga majbur. Buni kimnidir cho‘ntagi ko‘taradi, kimgadir og‘ir keladi. Demak, Arg‘inga shifoxona kerak. Ayni masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlar ishtirokida Arg‘in mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazilgan sayyor uchrashuvda X. Xoldarova tibbiy markaz qurish uchun joy kerakligi xususida murojaat qildi. Shifokor agar markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, tor soha mutaxassislarini o‘zi jalb qilishga va’da berdi.

Tadbirkor Muhammadjon Husanov ham hududdagi “Avtokomponent” AJga tegishli qarovsiz yotgan binoni “nol” qiymatida olib, tadbirkorligini kengaytirishda yordam so‘radi. Makaron ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorligi doirasida o‘z mablag‘lari hisobidan 120 million so‘mlik loyiha asosida 20 ta yangi ishchi o‘rni yaratmoqchi ekanligi mutasaddilarning bu masalani hal qilishlariga turtki bo‘ldi.

-Mahallamizning Janon-2 ko‘chasiga bir nechta yangi uylar qurilib, ularning barchasida xo‘jaliklar istiqomat qilishyapti, - deydi yangi uy sohibi Husanboy Xudayberdiyev. – Biroq ayni kungacha ham ko‘chamizga transformator o‘rantilmagan. Bu masalada bir necha bor tegishli idoraga murojaat qildik. Ammo foydasi bo‘lmadi. Bugun sayyor qabulga kelib, muammoimiz hal bo‘ldi.

Shuningdek, sayyor qabulda mahallaning Qashqar, Arg‘in ko‘chalari aholisi vakillari tomorqasini sug‘orish uchun ariq ochish, tozalash va ko‘prik ostidagi quvurlarni ta’mirlash zarur ekanligi yuzasidan murojaat qildilar. Muammo tez orada mutasaddi idoralar hamkorligida bartaraf qilinishi aytildi.

Olimjon TOLIPOV,

O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi

jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

 

  • Ko'rildi
    2262
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+