Davlat Dasturi loyihasiga O‘zLiDeP faollari tomonidan yuzga yaqin takliflar berildi

15.01.2018, 19:13

Davlat Dasturi loyihasiga O‘zLiDeP faollari tomonidan yuzga yaqin takliflar berildi

2018 yilning 15 yanvar kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga oid Davlat dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.  

Partiya qoshida tuzilgan ekspertlar guruhi a’zolari, tadbirkor va fermerlar, Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga O‘zLiDePdan saylangan deputatlar, hududiy tashkilotlardan kelgan vakillar hamda OAV xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ushbu jarayonda O‘zLiDeP va uning hududiy bo‘linmalari ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, barcha hududlarda tadbirkorlar, fermerlar, aholining boshqa qatlamlari vakillarini keng jalb qilgan holda Dastur atroflicha muhokama qilinib, takliflar olindi. E’tiborga molik jihati, ana shu yig‘ilishlarda ikki mingdan ortiq aholi vakillari qatnashib, ular tomonidan yuzga yaqin takliflar bildirilgan. Bu esa fuqarolarning amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bilan qarab, ushbu islohotlarda kuzatuvchi sifatida emas, balki faol ishtirokchi sifatida qatnashish istagida ekanliklarini namoyon etmoqda.

Shunday bir sharoitda O‘zLiDeP oldida turgan eng muhim vazifalardan biri yurtdoshlarimizdagi ushbu faollikni, islohotlarda yaqindan ishtirok etish istagini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, buning uchun imkoniyat yaratib berish, qolaversa muhim davlat dasturlariga ular tomonidan bildirilayotgan fikrlarni mutasaddi idoralarga yetib borishni ta’minlashda o‘ziga xos ko‘prik bo‘lishdan iboratdir.

Qizg‘in va ishchanlik ruhida o‘tgan yig‘ilishda shu va boshqa bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar Davlat dasturi loyihasi mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaati va boshqa bir qator chiqishlarida ilgari surilgan  g‘oyalardan kelib chiqib, bugun xalqimizni o‘ylantirgan, qolaversa mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etganligi bilan ajralib turishini, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya dasturning eng markaziy liniyasi sifatida o‘tganligini alohida ta’kidlashdi.

Qolaversa, Dasturda asosiy elektoratimiz hisoblangan tadbirkorlar hamda yurtimizga o‘z mablag‘larini olib kelayotgan investorlarni har tomonlama himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida real ishlar ko‘zda tutilganligi ayniqsa, tadbirkorlarni nihoyatda mamnun etmoqda. Shu ma’noda dastur loyihasida O‘zLiDeP tomonidan ko‘tarib chiqilayotgan tadbirkorlikka oid bir qator masalalar aks etgani nihoyatda quvonarli ekanligi e’tirof etildi.   

Xususan, o‘tgan yili partiya tashabbusi bilan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini qonun bilan tartibga solish bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazilgan edi. Bugun mamlakatimizda yuz minglab  fuqarolarimiz ayni shu turdagi faoliyat turi bilan mashg‘ul bo‘lsada, sohani tartibga soluvchi qonunchilik yetarli darajada emas. E’tiborga molik jihati, Davlat dasturi loyihasida ularni davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha qonun loyihasini qabul qilish masalasi o‘z aksini topdi. Qolaversa, tadbirkorlik faoliyatiga bevosita daxldor bo‘lgan soliq va bojxona qonunchiligi, tartib taomillarini rivojlantirish bo‘yicha ham o‘tgan yillar davomida partiyamiz tomonidan ilgari surilgan qator takliflar Dastur loyihasida o‘rin olganki, ularning amalga oshirilishi, ayniqsa, mamlakatimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili doirasida tadbirkorlarning faoliyatini yanada kengayishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.  

Davra suhbati davomida butun dunyoda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham innovatsion faoliyatning qonuniy asoslarini takomillashtirish masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, Dastur loyihasida bu yo‘nalishda bir qator ishlar rejalashtirilgani, tabiiyki ularni hayotga joriy etish borasida O‘zLiDeP o‘z deputatlik korpusi imkoniyatlaridan foydalangan holda alohida takliflar ishlab chiqishi lozimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zLiDeP hududiy Kengashlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlar davomida hamda bugungi davra suhbatida bildirilgan barcha takliflar umumlashtirilib, ularni qayta ko‘rib chiqqandan so‘ng Milliy komissiya ko‘rib chiqishi uchun yuborish lozimligi ta’kidlandi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1177
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+