Deputat ko‘magi bilan ajrim yoqasidagi oila qayta tiklandi

26.08.2020, 17:38

Deputat ko‘magi bilan ajrim yoqasidagi oila qayta tiklandi

Asli Andijon tumanilik Qizlarxon Jo‘rayeva  Izboskan tumani Cho‘rtallik mahalla fuqarolar yig‘ini, Qushchilar ko‘chasida istiqomat qiluvchi Hayotbek Xolmirzayev bilan oila qurganiga endigina besh yil bo‘ldi. Ammo oiladagi notinchlik ikki yoshni allaqachon ajrim yoqasiga olib kelgani achinarli. So‘nggi janjaldan so‘ng Qizlarxon uch yoshli farzandi bilan ota uyiga qaytib keldi. Buning ustiga yetti oylik homilador. Hademay ikki farzandning otasi bo‘lay deb turgan Hayotbekning parvoyi falak. Mahalla oqsoqollari, otinoyilarining bir necha bor tushuntirishlari ham oila sohiblariga kor qilmadi.

Xalq deputatlari Andijon tuman kengashi deputati Shuhratbek Bozorovning Andijon tumani, “Ekin-tikin” mahalla fuqarolar yig‘ini, Shaftolizor ko‘chasi aholisi muammolarini o‘rganishi davomida aniqlangan mazkur muammoga yeichm topishga kirishildi. Qizlarxon ayni vaqtda shu mahalladagi ota uyida.

Deputat darhol Izboskan tuman mutasaddilari bilan bog‘landi. Har ikki tuman mas’ullaridan tuzilgan ishchi guruhning urinishlari zoye ketmadi. Yoshlar hayotiy misollar, ibratli fikrlar bilan “yo‘lga solindi”.

-Oila muqaddas dargoh ekanini aksariyat yoshlar tushunmayotgani afsuslanarli holat, - deydi deputat Sh.Bozorov. – Saylovchilar bilan uchrashuvlarda shunday voqealarga duch kelayotganimiz bu borada turmush ostonasida turgan yigit-qizlar uchun oilaga tayyorlash mashg‘ulotlari zarurligini ko‘rsatadi. Albatta, bunday darslar mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida mas’ullar ishtirokida tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Kelinlik odobi, kuyovlik mas’uliyati, qaynota-qaynonaga hurmat munosabatlarini milliy an’analarimiz asosida tushuntirish zarur.

Deputat haq gapni aytdi. Muammo ildiz otguncha uning oldini olgan ma’qul. Ayniqsa, oila masalasiga jiddiy yondashish shartligini unutmaslik kerak.

Zilola RAHMONOVA,

O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    721
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+