O‘zLiDeP yoshlarga oid yangi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi

12.09.2020, 11:37

O‘zLiDeP yoshlarga oid yangi  “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi

Joriy yilning 12 sentabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan videokonferensaloqa shaklida onlayn muloqot o‘tkazildi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya hududiy kengashlari vakillari hamda “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etgan muloqotda O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning maqsad va vazifalari, partiyaviy loyihalar doirasida qilingan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, asosiy maqsadi - yangilik yaratishga chanqoq, el-yurt ravnaqi va Vatan manfaatlari uchun fidoyi bo‘lgan, zamon ruhini teran ilg‘aydigan, ishbilarmon-tadbirkor yoshlarni o‘z atrofida jipslashtirib, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini hayotga tadbiq etishga yo‘naltirishdan iborat bo‘lgan «Yoshlar qanoti» tomonidan so‘nggi yillarda bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.  

Xususan, ijtimoiy-siyosiy sohaga qiziqqan yoshlarni qamrab olgan “Yangi avlod kadrlari”, “Parlamentda mening o‘rnim” va “Kelajak deputatlari” loyihalari bu borada muhim ahamiyatga egadir. Chunki, birgina “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida mamlakatimizning 28 ta oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumi imzolanib, O‘zLiDeP g‘oyalariga qiziquvchi va qo‘llab-quvvatlovchi 2 ming 321 talaba-yoshlar ma’lumot bazasi shakllantirilgan. Eng muhimi, ulardan 860 nafari partiya a’zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, 697 nafari partiyaning istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni  tadbirkorlikka o‘rgatish, kasb malakasini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlash eng asosiy masala hisoblanadi. Shu ma’noda partiya “Yoshlar qanoti” tomonidan tadbirkorlikka qiziqqan va o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun “Ishbilarmon yoshlar”, “Yosh tadbirkorlar”, “Yosh fermer” loyihalari doirasida salmoqli ishlar qilindi.

Istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan “Yosh innovatsiyachilar” stipendiyasi, “Startap”, “Startap-innoveyshn” loyihalari doirasidagi ishlar ham e’tirofga loyiq. 

Muloqotda “Yoshlar qanoti”ning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. “Yoshlar qanoti” guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish va yoshlarning partiya faoliyatidagi ishtirokini rag‘batlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Partiya “Yoshlar qanoti” faoliyatida uch yil va undan ko‘proq muddat davomida faol ishtirok etib, tashabbbuskorligi va intilishi bilan boshqa yoshlarga namuna bo‘layotgan yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli kirishlarida partiya tavsiyanomasi vakolatlarini belgilash, partiyaning har bir tuman va shaharlarida “Yoshlar qanoti” guruhlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maosh olib ishlovchi xodim ajratish lozimligi aytib o‘tildi.

Qayd etildiki, partiya oldida turgan asosiy vazifa faol yoshlarni bir g‘oya atrofida jipslashtirib, partiyaning targ‘ibot-tashviqot ishlarida keng va samarali foydalanishning yangicha mexanizmini yaratishdan iborat. Shu boisdan “Yoshlar qanoti” faoliyatini mutlaqo yangicha talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, partiya a’zolari safini bilimli, vatanga sodiq, shijoatli yoshlar bilan kengaytirish, ularning salohiyati hamda intilishlarini faol qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq dasturiy chora-tadbirlar “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritasi”da partiya tarkibidagi faol yoshlarni partiya tavsiyasiga ko‘ra yiliga kamida ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi tizimidagi kurslarda o‘qitish, partiyaning “Parlamentda mening o‘rnim” loyihasi doirasida “Agar men deputat bo‘lsam” Respublika tanlovini o‘tkazish, “Yosh blogerlar klubi”ni tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida keng muhokama qilingan masalalarga bag‘ishlangan “Yoshlar minbari” ijtimoiy-siyosiy muloqot forumini tashkil etish, hozirda mavjud “O‘zLiDeP kutubxonalari” kitob fondini yuz mingdan, 500 mingga yetkazish hamda yoshlarimiz orasida ommalashgan biznes kitoblarning audio formatini tayyorlash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yoshlar mavzusida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalarini keng muhokama qilish vazifalari ham O‘zLiDePning yoshlarga oid siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Tadbir so‘ngida O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning hududiy hisobot-saylov konferensiyalari va Respublika konferensiyasini o‘tkazish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    867
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+