Shavkat Mirziyoyev buxoroliklarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

12.10.2021, 17:32

Shavkat Mirziyoyev buxoroliklarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Qorako‘l shahrida buxorolik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirni nomzodning Buxoro viloyati bo‘yicha ishonchli vakili S.Husenov ochdi.

Shavkat Mirziyoyev aholini o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid o‘nta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.

Nomzod kelgusi yillarda viloyat sanoatida keskin burilish davri bo‘lishini ta’kidladi. Jumladan, jami 8 milliard dollarlik 5 mingta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Qorako‘l tumanida gaz-kimyo majmuasi barpo etish loyihasi ulardan eng yirigidir. Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘ladigan ushbu zavodda yiliga 1,3 milliard kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 770 ming tonna polimerlar ishlab chiqariladi.

Shuningdek, to‘qimachilik sanoatida jami 450 million dollarlik 180 ta, qurilish materiallari bo‘yicha 10 trillion so‘mlik 282 ta loyiha rejalashtirilgani aytildi. Bu korxonalar va aholini energiya bilan ta’minlash uchun shamol, quyosh va issiqlik elektr stansiyalari barpo etiladi.

Qishloq joylardagi aholining asosiy daromad manbasi ziroatchilik ekanini inobatga olib, bu sohani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda 8 ming kilometr kanal va kollektorlarni ta’mirlash, 126 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish rejalashtirilgan. 100 ming gektar yer meva-sabzavot yetishtirishga ajratilishi, 15 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ochiq tanlov asosida aholiga ijaraga berilishi qayd etildi.

- Buxoro azal-azaldan tadbirkor va hunarmandlar yurti bo‘lib shuhrat qozongan. Bu salohiyatni ishga solish uchun aholiga dastak bo‘ladigan sharoitlar yaratib, kasbga o‘rgatsak va ozgina ko‘mak bersak, bemalol 90 ming aholining bandligini ta’minlasa bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu ishlarni manzilli tashkil etish uchun har bir mahallada “hokim yordamchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mo‘ljallangan.

Buxoro viloyatida 829 ta madaniy yodgorlik bo‘lib, 287 tasining tarixi ming yilliklarga oid. Shu bois, Buxoroda turizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, kelgusi besh yilda viloyatda 255 ta mehmonxona, 60 ta yangi turizm yo‘nalishi tashkil etiladi. 800 dan ziyod madaniy ob’ektlar restavratsiya qilinadi. Ark qo‘rg‘onining yuz yil oldin vayron qilingan qismlari qayta tiklanadi. G‘ijduvonda hududlararo ulgurji savdo markazi quriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 50 trillion so‘m ajratish va jami 280 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Nomzod, shuningdek, uy-joy, ichki yo‘llar, muhandislik tarmoqlari qurish, tibbiyot va ta’lim sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlariga to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda saylovchilar so‘zga chiqib, nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Bo‘lajak Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishini ta’kidlashdi.

  • Ko'rildi
    428
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+