O‘zbekiston – Fransiya: qat’iy ishonch va azaliy do‘stlikka asoslangan munosabatlar strategik sheriklik darajasida davom etadi

03.11.2023, 15:45

O‘zbekiston – Fransiya: qat’iy ishonch va azaliy do‘stlikka asoslangan munosabatlar strategik sheriklik darajasida davom etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron 1-2 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

O‘zbekiston va Fransiya. Bu ikki mamlakatni bir necha ming kilometr masofa ajratib tursa-da savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xususan, Sohibqiron Amir Temur Fransiya qiroli Sharl VI bilan maktub almashib, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratgan. Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda Fransiyada buyuk Sohibqiron va temuriylar haqida ko‘plab ilmiy, badiiy asarlar yaratilgan, buyuk jahongirning davlatchilik siyosati chuqur o‘rganilgan. Aynan ushbu yurtda Sohibqiron sharafiga ilk bor oltindan haykal ishlangan.

Fransiya mamlakatimiz mustaqilligini ham birinchilardan bo‘lib, 1992 yil 3 yanvarda e’tirof etgan. Davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 1 martda o‘rnatilgan bo‘lib, 1992 yil iyunda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, 1995 yil mart oyida esa O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi faoliyat boshlagan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 47 korxona, jumladan, to‘liq Fransiya sarmoyasi asosidagi 17 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkentda Fransiya Tadbirkorlar harakati – “MEDEF International” bilan hamkorlikda tashkil etilgan biznes forumda 35 dan ortiq Fransiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. 

Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) bilan imzolangan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida qiymati 1 milliard yevrodan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Keyingi yillarda jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 va 2022 yillarda Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Jumladan, o‘tgan yil 22 noyabr kuni Parijdagi uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik ruhida rivojlantirishga kelishib olgandilar. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgandi.

Fransiya Prezidentining yurtimizga tashrifi asosiy tadbirlari 2 noyabr kuni Samarqand shahrida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi.

Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy qarshi oldi va shohsupaga taklif qildi.

Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul davlat rahbarlari oldidan tantanali yurib o‘tdi.

O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlari rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi Fransiya Prezidentining O‘zbekistonga oxirgi 30 yildagi ilk tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Emmanuel Makron davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelish taklifi hamda Fransiya delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Fransiya rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Yetakchilar Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar hamda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar.

Keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni karrasiga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan oshdi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

“Yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ta’kidlandi.

Siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani aytildi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston – Fransiya oliy ta’lim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, Fransiya Prezidentiga rasmiy shaxslar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, taniqli madaniyat va fan arboblaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida O‘zbekistonga kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.

– Bu sizning O‘zbekiston – Fransiya do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga shaxsiy e’tiboringiz va alohida yondashuvingizning yorqin tasdig‘idir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlar tufayli ikki mamlakat munosabatlari keng qamrovli tus olgani ta’kidlandi.

Tomonlar faol siyosiy aloqalarni, parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy idoralarning muntazam muloqotini davom ettirishga kelishib oldilar.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin orada 1 milliard yevroga yetishi kutilayotgan tovar ayirboshlash jadal o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Yurtimizda Fransiyaning Orano, EDF, Total, SUEZ, Eiffage, Voltalia, Lactalis, Veolia va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Davlatimiz rahbari qazib olish tarmog‘i, strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash, gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida qayd etdi.

Ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston – Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi.

Gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida uch yillik dastur qabul qilish va uning doirasida o‘zaro Madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi.

Tomonlar Samarqand shahrida Fransiya alyansi filiali ochilishini olqishladilar hamda qo‘shma oliy ta’lim muassasasini tashkil etishni jadallashtirishga kelishib oldilar.

Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Xalqaro kun tartibidagi masalalar, xavfsizlikka umumiy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Fransiya Prezidentiga 2024 yilda Parij shahrida yozgi Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Hujjatda ikki davlatning o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyati qayd etilgan.

Ikki tomonlama hamkorlikning joriy holatiga hamda turli sohalarda davlatlararo munosabatlarni kengaytirish istiqbollariga baho berilgan, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, dolzarb global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishga intilishi tasdiqlangan.

Prezidentlar huzurida moliya, ta’lim, madaniyat va hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Jumladan:

– “Samarqand Fransuz Alyansi”ni tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnomalar (1- va 2-bosqichlar);

– O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi va “PROPARKO”ni tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;

– tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;

– maktabgacha, maktab, professional va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bayonnoma;

– madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;

– professional va texnik ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda «SUEZ» va «Bouygues» kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolandi.

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Samarqand shahrida qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida ikki davlat rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida ham ushbu mamlakat ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashgan. O‘shanda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilgan edi. Bugungi uchrashuv ushbu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi bo‘ldi.

Fransiya tomonidan tadbirda tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vazir-delegat Olive Besht, iqtisodiyot, moliya, sanoat va raqamli suverenitet vaziri huzuridagi sanoat masalalari bo‘yicha vazir-delegat Rolan Leskyur, “MEDEF International” biznes uyushmasi bosh direktori Klod Imoven, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu qatnashdi.

Bundan tashqari, tadbirda EDF, Voltalia, Total Energies, Orano, Eiffage, Veolia, SUEZ, Lactalis, Semai, Semmaris, Alstom, Airbus Helicopters, ATR, Vicat, Mobilitas, Boehringer Ingelheim, Thales, Aramine, Meridiame, Societe Generale, Natixis kabi yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Ko‘hna Samarqanddagi uchrashuvni ochar ekan, davlatimiz rahbari Prezident Emmanuel Makronni va Fransiya ishbilarmon elitasi vakillarini samimiy qutladi.

Oliy darajadagi faol muloqotlar tufayli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda ijobiy sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshidan o‘zaro savdo hajmi uch barobar, keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt barobar ko‘paydi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalari va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos ekani qayd etildi.

– Bugun qadrli hamkasbim bilan nihoyatda samarali muzokaralarni o‘tkazdik, hamkorligimizning yangi davri boshlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Kelgusida o‘zaro munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatidamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yetakchilar kelgusida savdo hajmlarini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini faollashtirish masalalariga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olganlarini qayd etdi.

Bunda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama ko‘maklashiladi.

Bugungi kunda energetika, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya va boshqa sohalardagi hamkorlikda katta natijalarga erishilmoqda.

Fransiyaning ishbilarmon doiralari bilan samarali va ochiq muloqotni kengaytirish uchun yangi sermahsul platformalarni yaratishga tayyorlik bildirildi.

Shu ma’noda, mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston – Fransiya savdo palatasini tashkil etish bo‘yicha forum doirasida erishilgan kelishuvni olqishladi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida “Business France” agentligining ofisini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Fransiya hukumati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari O‘zbekistondagi islohotlar dasturini faol qo‘llab-quvvatlashda davom ettirishidan manfaatdorlik bildirildi.

– Bir narsani aniq aytishim mumkin – islohotlarimiz orqaga qaytmas tus oldi. Bizning bosh ustuvor maqsadimiz – kuchli fuqarolik jamiyati institutlari, zamonaviy infratuzilma va qudratli sanoatga ega bo‘lgan demokratik davlatni qurishdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Fransiya sherikligini kengaytirish bo‘yicha to‘rtta eng ustuvor yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatimiz “yashil” energetikadek muhim sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi. Bu borada “EDF”, “Voltalia” va “Total Energies” kompaniyalari bilan yirik loyihalar boshlangan.

Kooperatsiyaning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilg‘or texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etildi. Bu sohada “Orano” kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalari borligi ta’kidlandi.

Suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. “SUEZ”, “Eiffage” va “Veolia” kompaniyalari bilan birgalikda yurtimiz suv ta’minoti va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Navbatdagi muhim yo‘nalish sifatida qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga katta e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz hududlarida zamonaviy agrologistika majmualarini qurish bo‘yicha Fransiya tomoni bilan faol hamkorlik qilinishi qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston Prezidenti biznes-forum ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida amaliy muloqotni jadallashtirish hamda yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishga qaratilgani bilan, ayniqsa, ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

– Yangi O‘zbekistonda ishlash uchun fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq ekanini, qanday foydali qo‘shma loyihalaringiz bo‘lsa, amalga oshirishga doim tayyorligimizni ta’kidlamoqchiman, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham biznes–forum ishtirokchilariga murojaat qildi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, ushbu siyosat tufayli ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar ochilganini qayd etdi. O‘zaro manfaatli sheriklikda mavjud ulkan salohiyatni yanada faol ishga solishga chaqirdi, bundan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari va xalqlari manfaat topishiga ishonch bildirdi. 

Biznes-forum yakunida energetika, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim sohalarda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.

O‘zbekiston – Fransiya biznes forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Orano» kompaniyasi raisi Klod Imoven, “EDF” kompaniyasi raisi va bosh direktori Lyuk Remon hamda “Semmaris” kompaniyasi raisi Stefan Layani, “Meridiame” kompaniyasi raisi Terri Do, “Lactalis” kompaniyasi raisi Emmanuel Bene, “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen va Fransiya taraqqiyot agentligi rahbari Remi Riu bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Muloqot chog‘ida mazkur kompaniyalar va agentlik bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, birgalikda amalga oshirilayotgan va istiqboldagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Davlatimiz rahbari yurtimizda Fransiya tadbirkorlarining samarali faoliyat yuritishi uchun barcha imkoniyat va qulayliklar yaratilishini qayd etdi.

Samarqanddagi oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qat’iy intilish belgisi sifatida Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida daraxt ekdilar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatimiz madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Unda mamlakatimizning 7 ta muzeyidan eksponatlar jamlangan. Xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati haqida tasavvur beruvchi bu nodir ashyolar xronologik ekskursiya tarzida joylashtirilgan. 

Ma’lumki, yurtimiz hududi transkontinental aloqalar rivojlanishi bilan savdo, fan, ta’lim, madaniyat va me’morchilik markaziga aylangan. Qadimiy yodgorliklarda ko‘plab madaniyatlar – turkiy, forsiy, yunon-baqtriya, arab, hind, xitoy va boshqa xalqlar qadriyatlarining izlari bor. Qiziqarli namoyish tomoshabinga eksponatlarning nafisligini, madaniy va tarixiy ahamiyatini tushunishga yordam beradi hamda mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilish istagini uyg‘otadi.

Ko‘rgazma 3 ta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim qadimgi davlatlar davri, madaniyatlarning Ipak yo‘li orqali tarqalishi, Kushonlar imperiyasi haqida bo‘lib, haykalchalar, tilla buyumlar va tangalar namoyish etilgan. Ularning ayrimlari O‘zbekiston va Fransiya olimlarining birgalikdagi ekspeditsiyasida topilgani diqqatga sazovor.

Ikkinchi bo‘lim qadimgi va o‘rta asrlarda san’at va madaniyatning gullab-yashnashi, yo‘llar va karvonlar mavzusi bilan tanishtiradi.

Uchinchi bo‘lim Renessans va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda islom dinining tarqalishi, madaniyat va ilm-fan rivojlanishi haqida. Bu yerda mehmonlar Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi ulug‘ allomalarning qo‘lyozmalari bilan tanishishi mumkin. Bu bo‘lim buyuk hukmdor Amir Temur siymosi atrofida tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘sha davrga oid bezak buyumlari va Fransiya qirolining Sohibqironga yo‘llagan maktubi taqdim etilgan.

Ko‘rgazma Fransiya Prezidenti va delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Fransuz alyansining Samarqand shahridagi filialiga tashrif buyurdilar.

Fransuz tili va madaniyatini targ‘ib qilishga ko‘maklashuvchi ushbu nohukumat notijorat tashkilot 1883 yilda Parij shahrida Jyul Vern va Lui Paster kabi o‘z davrining atoqli shaxslari tashabbusi bilan tuzilgan. Bugungi kunda Fransuz alyansining 800 dan ziyod filiali dunyoning 137 ta mamlakatida faoliyat yuritmoqda.

Alyansning mamlakatimizdagi birinchi filiali 2015 yilda Toshkentda ochilgan edi. Madaniyat va til sohasidagi ikki tomonlama almashinuvlarni yanada kengaytirish maqsadida yaqinda Samarqand shahrida yana bir filial tashkil etildi.

Tashrif chog‘ida davlat rahbarlari tasmani tantanali ravishda kesdilar va markazni ochib berdilar.

Prezidentlar zamonaviy jihozlangan markazning imkoniyatlari bilan tanishdilar. Bu yerda fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Markaz 200 nafargacha fransuz madaniyatiga qiziquvchilarni qabul qila oladi. 

Alyansning Samarqanddagi faoliyati xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishdi.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rdi. 

Ma’lumki, Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan, Sohibqironning ezgu ishlarini davom ettirgan. U ham hukmdor, ham olim sifatida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirgan, bunyodkorlikka katta e’tibor qaratgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona barpo etib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. 

Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qo‘llanma hisoblanadi. Uni Yevropa, jumladan, fransiyaliklar ham yaxshi bilishadi. 

Xususan, fransuz astronomi Jozef-Nikolya Delil faoliyati davomida Mirzo Ulug‘bekning asarlarini o‘rgangan, “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini lotin tiliga tarjima qildirgan. Delil 1739 yilda buyuk bobokalonimizning astronomiya jadvallari haqida nutq so‘zlagan. Ushbu nutqning matni hozirgacha saqlanib qolgan.

Bu kabi ma’lumotlar ikki xalq aloqalarining tarixiy ildizlari qanchalik teranligini ko‘rsatadi.

Mehmonlar muzeyda Mirzo Ulug‘bek davriga oid ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobini ko‘zdan kechirdi. 

Prezidentlar Amir Temur maqbarasiga bordi. 

Oliy martabali mehmonga buyuk Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati, bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berildi. 

Amir Temur o‘z kuch va salohiyati bilan hukmdorlik darajasiga chiqqan, Hindistondan Yevropagacha bo‘lgan hududda barqaror davlat barpo etgan nodir shaxsdir. Sohibqironning harbiy yurishlari va diplomatiyasi uzoq o‘lkalarga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Yevropa qirollari Amir Temur davlatini tan olib, u bilan aloqa o‘rnatishga intilgan.

Shu bois ham butun dunyoda Amir Temur shaxsiga va temuriylar merosiga qiziqish katta. Jumladan, 1988 yilda Fransiyada Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiatsiyasi tuzilgan. Uning sobiq prezidenti, professor Lyusen Keren Amir Temur va temuriylar davrini ko‘p yillar davomida tadqiq etgani, Fransiya va O‘zbekiston xalqlari yaqinlashishiga katta hissa qo‘shgani uchun O‘zbekistonning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

1996 yilda Parijdagi YUNESKO qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” nomli ko‘rgazma bo‘lgan. O‘tgan yili davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Luvr muzeyida tashkil etilgan “O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi katta voqea bo‘lgan edi. Unda temuriylar merosiga alohida o‘rin ajratildi.

Davlat rahbarlari Registon majmuasida ham bo‘ldi.

Ma’lumki, bu maskan Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat. Mirzo Ulug‘bek va Bahodir Yalangto‘sh qurdirgan bu obidalar asrlar davomida ilm ahlini o‘ziga chorlab kelgan, yuzlab olimu fuzalolarga maktab bo‘lgan. Ajoyib simmetriya va me’moriy qiyofa kasb etgan majmua bugungi kunda Samarqandning "tashrif qog‘ozi"ga aylangan. 

Mehmonlarga ajdodlarimizning me’morchilik an’analari, peshtoqlardagi naqshlar va ma’nolar haqida so‘zlab berildi.

So‘ng Prezidentlar Shohi Zindaga bordi. Bu majmua sahoba Qusam ibn Abbos va allomalarning maqbaralaridan iborat. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy qimmati shundaki, u arxitektura va bezak san’atining bir necha asrlar davomida rivojlanishi haqida tasavvur beradi. Shohi Zinda 2001 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shu jihatlari bilan sayyohlarni hamisha o‘ziga jalb etadi.

Mehmonlar majmua darvozasi va maqbaralar tarixi bilan tanishdi, naqshlar nafisligini e’tirof etdi.

Shu bilan Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

G‘olib HASANOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    350
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+