Markaziy Osiyo iqtisodiyoti – global ahamiyatga molik o‘zaro bog‘liqlik markazi

27.11.2023, 09:22

Markaziy Osiyo iqtisodiyoti – global ahamiyatga molik o‘zaro bog‘liqlik markazi

Joriy yilda BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPYeKA) ta’sis etilganiga 25 yil to‘ldi. Aytish joizki, SPYeKA 1998 yil 26 mart kuni Markaziy Osiyo prezidentlari, shuningdek, BMT Yevropa iqtisodiyoti komissiyasi hamda Osiyo va Tinch okeani uchun BMT Iqtisodiyoti komissiyalari ijrochi kotiblari tomonidan imzolangan Toshkent deklaratsiyasi bilan ta’sis etilgan.

Dasturning asosiy maqsadi ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishiga, hamkorlikka, shuningdek, Yevropa va Osiyo iqtisodiyotlarini integratsiya qilishga ko‘maklashish hisoblanadi. Hozirda O’zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston SPYeKAning ishtirokchi davlatlari hisoblanadi. Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO hamkorlikda SPYeKA mamlakatlaridagi BMTning doimiy koordinatorlari bilan yaqin hamkorlikda Dastur doirasidagi faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Dasturga hozirda Bokuda “SPYeKA haftaligi”ga mezbonlik qilgan Ozarbayjon raislik qilmoqda. Forumda mintaqaning tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, raqamlashtirish, savdo va transportni rivojlantirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi muhim roli muhokama qilindi. Boku shahrida, shuningdek, SPYeKAning qator ishbilarmonlar anjumanlari, jumladan, iqtisodiy forum va Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat salohiyati ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Davlatimiz rahbari SPYeKA birinchi sammitida ishtirok etdi.

Dastur doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, hududiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPYeKAning Maqsadli jamg‘armasini tashkil etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari surish va boshqa masalalar sessiya kun tartibidan o‘rin oldi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mazkur tarixiy sammit keng mintaqamizni global ahamiyatga molik o‘zaro bog‘liqlik markaziga aylantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida o‘zining nihoyatda zarurligini yaqqol ko‘rsatdi. Uning doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Dasturni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKAP ekspertlari bilan birgalikda “SPYeKA – 2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Bu va boshqa choralar, davlatlarimiz o‘zaro savdo aylanmasini hozirgi 52 milliarddan 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazishga xizmat qiladi.

“Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPYeKAning Maqsadli jamg‘armasini kelgusi yilning o‘zida tashkil etish va uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

BMT ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyati bildirildi.

O’zbekiston yetakchisi SPYeKA doirasida oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi. Suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPYeKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini – ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.

BMT tahlillariga ko‘ra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazdi. O’zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Tizim va samarali muloqotlar tufayli O’zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 34 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi va ipakchilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Transport va logistika sohasida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, qabul qilingan rezolyutsiyada BMT Bosh Assambleyasi SPYeKAning mintaqaviy dastur sifatidagi muhim rolini tan olgan. O’z navbatida, SPYeKA o‘zaro anglashuv, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy rivojlanishga xizmat qilishini alohida ta’kidlash lozim. Bokuda o‘tkazilgan sammit SPYeKA maqsadlarini tatbiq etishda zarur resurslarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Aktam XAITOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    465
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+