Kontraktga kirgan qizlar xafa bo‘lmang, sizni davlat o‘qitadi

09.03.2022, 17:13

Kontraktga kirgan qizlar xafa bo‘lmang, sizni davlat o‘qitadi

Ayol benuqson yaratilmishdir. Chunki faqat ugina ham oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qishni va yoki ish joyidagi vazifalarini ham tindirib qo‘yishga o‘zida kuch topa oladi. U shu ko‘yi boshiga tushgan tashvishu musibatlarni, hayotdagi qiyinchiliklarni ham nozik yelkasida ko‘tarib yurib, unga yechim, yo‘l axtaradi. Yaqinlarining qaysidir ishidan ko‘ngli to‘lmasa-da, ayrim paytlar unga ortiqcha bosim o‘tkazilsa-da, ayol bardoshiga suyanadi, sabr qila oladi. Aslida aytayotganlarimning bari boshqalar uchun odatiy hol, “shunchaki bu ayolning vazifasi, kerak bo‘lsa qiladi-da, chidaydi-da...” degan tushuncha bo‘lib ko‘rinsa-da, bu chinakam matonatdir!

Ha, hatto davlat rahbari “Ham, oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qish, ish yoki tadbirkorlikni olib borish katta matonat talab qiladi”, deya bekorga ta’kidlamadi.

Quvonganim esa, davlatimiz rahbari shu yilning 1 mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham, “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiridagi nutqida ham bugun og‘riq nuqtamizga aylanib borayotgan ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladigan qator o‘zgarishlar haqida aytib o‘tdi.

Birgina o‘tgan 2021 yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zo‘ravonlik va taz’yiqlarga duch kelgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2,5 baravarga ko‘pdir. Vaholanki, bu raqamlar bizning bugungi turmush-tarzimizdagi haqiqiy holatni ko‘rsatadi. Albatta, bu achinarli. To‘g‘ri, respublikamizda joriy qilingan himoya orderlari bu kabi zo‘ravonlikning oldini olishga qaysidir ma’noda yordam berayapti. Ushbu masalada murojaat qilgan ayollarning aksariyati 30 kun ichida himoyaga olinayapti, biroq, 30 kundan keyingi taqdiri nima bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang turibdi. Shu bois, endi ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan ta’minlanadi va alohida himoyaga olish bir yilgacha belgilanishi mumkin.

Chekka hududlarda, qishloqlarda ko‘plab ilmga chanqoq, bilimli qizlarni ko‘rganman. Ular orasida oliy ta’lim olish uchun o‘qishga kontraktga kirganlarining qancha-qanchasi o‘qiy olmagani meni juda qiynardi. Afsuski, birining oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmasa, birining ota-onasi “qiz bolaga shuncha pul sarflab o‘qitmaymiz” degan fikr bilan ruxsat berishmasdi. Bundan bir necha yillar oldin magistraturaga kontraktga o‘qishga kirganimda ham qarindosh-urug‘lar “qiz bolani ham magistraturada o‘qitadimi. Yana kontraktga-ya” deya otamga iddao qilishgani hali ko‘z oldimda. Hatto, tug‘ishganlarim o‘qitmaysiz deya, qarshilik ko‘rsatishgani, o‘zim ishlab, o‘zim to‘layman, faqat ruxsat beringlar deb yalinganimdan keyingina rozi bo‘lishgani kechagiday esimda. Bir men emas, ko‘pchilik qizlarimizni qiynaydigan mana shu kabi vaziyatlarga ham yengillik, imkoniyat yaratilishi ayni muddao bo‘ldi. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi” qabul qilinib, dastur doirasida yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinishi, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab berilishi, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti esa mahalliy budjetdan to‘lanishini eng katta yangilik bo‘ldi.

Qolaversa, poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi. Har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi. Yosh farzandi bor talaba-qizlarga esa masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi. Har yili maktab va kollejlarni bitirayotgan 20 ming nafar qiz IT sohasida davlat buyurtmasi asosida o‘qitiladi.

Bolasini bog‘chaga berishga iqtisodiy sharoiti yo‘q, ehtiyojmand yolg‘iz ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovlari budjetdan qoplab berilishi ham ham xotin-qizlarga, ham maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga foydali bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi, ijtimoiy uylarning 700 tasi uy-joyga muhtoj yolg‘iz ayollarga ijaraga berilishi, xususiy sektorda ishlaydiganlarga 4 oy uchun 2 million so‘mdan bir martalik homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan to‘lab berilishi ham bu imkoniyatlarni davomi sifatida ayollarimizni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Ayol tadbirkorlar safi kundan kunga kengayib bormoqda. Davlat rahbari bu harakatni yanada jadallashtirish niyatida 6 oy davomida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan xotin-qizlarga 300 million so‘m, 2 yillik faoliyatga ega xotin-qizlarga esa 1 milliardgacha, 3 yillik faoliyatga ega tadbirkor ayollarga 2 milliardgacha imtiyozli kreditlar ajratish taklifini bildirdi. Ayniqsa, doktoranturada o‘qish uchun xotin-qizlarga har yili 300 tadan maqsadli kvota, davlat boshqaruvi akademiyada o‘qishi uchun esa 100 ta kvota ajratilishi ilm o‘rganishga ahd qilgan olima qizlarimiz uchun ham yana bir qulaylik bo‘ldi.

Albatta, xotin-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun shuncha o‘zgarish, shuncha imtiyoz berilishi barchamizni quvontirgani rost. Muhimi, bularning bari ayollarni rozi qilish, shu orqali oilalardagi muhitni yaxshilash ko‘zda tutilgan. Zero, jamiyatning taraqqiy etishi ham ayni shu ko‘zlangan maqsadga bevosita bog‘liqdir.

Feruza Rahmonqulova,

O’zLiDeP faoli

  • Ko'rildi
    907
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+