Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi

04.10.2023, 14:54

Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi

O’tgan yili qish mavsumidagi anomal sovuq havo harorati barchani birday jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Shu tufayli 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari hozirdan boshlab yuborilgan.

Xalq deputatlari Angren shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi hamda Xalq deputatlari Angren shahar Kengashi “Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya”si o‘zaro hamkorligida qo‘shma yig‘ilish o‘tkazishdi.

Qo‘shma yig‘ilishda izg‘irin qishni betalofot o‘tkazishda kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish korxonalarining tayyorgarligini yaqindan o‘rganish, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hozirdanoq bartaraf etib, oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Unda Angren shahri hududidagi kommunal soha tashkilotlari rahbarlari, xususan, shahar hokimi o‘rinbosari A.Kamalxanov, “Suvoqova” DUK shahar filiali rahbari X.Muxiddinov, “Shahargaz” korxonasi rahbari S.Mirzamiddinov, shahar “Issiqlik manbai” korxonasi rahbari E.G’ayibov, shahar Tibbiyot Birlashmasi bosh shifokori F.Imanov, shahar MMTB vakili  S.Nuriddinov, shahar “Elektrtarmoqlari” korxonasi va shahar kommunal sohasi bo‘limi, shahar Obodonlashtirish bo‘limi vakillarining hisobotlari tinglandi.

Hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi xonadonlarini mavsumga tayyorlash borasida bajarilayotgan ishlar yuzasidan berilgan hisobotlar birma-bir muhokamadan o‘tkazildi.

Xususan, “Shahargaz” korxonasining aholi va ulgurji iste’molchilarni isitish mavsumida tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar rejasi sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi.

Shuningdek, kommunal soha tashkilotlarining uskuna va qurilmalarining soz holatda bo‘lishi lozimligiga ham alohida e’tibor qaratilib, aniqlangan muammolar o‘z vaqtida va sifatli bartaraf etilishi borasida tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Deputatlik guruhi eshituvini tashkillashtirishdan ko‘zlangan maqsad – kuz-qish mavsumi davomida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlarini barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlashdan iborat ekani, sovuq qishning ayozli kunlarida aholining og‘irini yengil qilishdan iborat ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilish so‘nggida qish-kuz mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va sovuq mavsum davrida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash masalasiga doir tegishli qaror qabul qilinib, Xalq deputatlari Angren shahar Kengashining  navbatdagi sessiyasiga kiritildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    216
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+