Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – dolzarb masala

14.11.2023, 16:49

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – dolzarb masala

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi davlatimiz rahbarining “O’zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O’zbekiston – 2030” strategiyani 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori ijrosi borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.

Tadbirda viloyat kengashi deputati Davron Shodmonov, tuman kengashi deputati Muhiddin Hamroyev va boshqalar so‘zga chiqib, “O’zbekiston – 2030” strategiyasida 2020–2030 yillarga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritdilar.     

Bugun jamiyatimizning yangilanishi, demokratik jarayonlarning rivojlanishi ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligidagi islohotlar samarasiga bog‘liq bo‘lib qoldi.  Jahonda va mamlakatimizda aholi sonining ko‘payib borayotgani, urbanizatsiya jarayonlarining kuchayishi, suv zahiralarining kamayib borishi natijasida yerlarning cho‘llanish holatining kuchayishi, mavjud sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanmaslik natijasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali aholi ehtiyojlarini qondirish imkoniyatlarini keskin qilib qo‘ymoqda. Mavjud muammolarning maqbul yechimlarini topish uchun voha dalalariga sabzavot, poliz, kartoshka va ozuqabop kabi qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashuvini ishlab chiqish, qo‘shimcha imkoniyat va manbalarni aniqlash, qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish borasida o‘ndan ortiq tashabbuslar amaliyotga tatbiq etish borasida amaliy takliflar bildirildi. 

- Davlatimiz rahbari har safar fermerlar bilan bo‘lgan muloqotda doimo g‘alladan bo‘shagan maydonlarda savzavot, kartoshka yetishtirish, ozuqabop ekinlar ekish orqali chorva ozuqasini ko‘paytirish borasida qimmatli fikrlar bildiradilar, - deydi O’zLiDeP Nishon tuman kengashi raisi Sherzod Jo‘rayev. – Ushbu vazifalar ijrosi doirasida g‘alladan bo‘shagan barcha maydonlarga 70 ming gektarga takroriy ekin ekilib, mo‘l hosil yetishtirildi. 27 ming gektar maydonga to‘qsonbosti ekin ekishni rejalashtirganmiz. Yerlardan samarali foydalanish viloyat iqtisodini yuksaltirish, aholi farovonligini oshirishga muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Xo‘jaliklarining dala chetlariga millionlab tut, tok ko‘chatlari ekilib, yaxshigina daromad topayotgan fermerlar soni yil sayin ko‘payib borayotir. Yoz oylarida suv tanqisligi bois suvsizlikka chidamli ekinlar urug‘ini topish va ekish texnologiyasi borasida tinimsiz izlanayapmiz. Har bir tumanning tuproq iqlimiga mos ekin urug‘larini tanlab, sinab ko‘rganimizdan so‘nggina ekish uchun tavsiya etayapmiz. Shu bois dehqonlar qilgan mehnat va sarf xarajatiga kuyib qolmasdan, yaxshigina daromad olishayapti. Tilloga teng zaminimizdan samarali foydalanish aholi bandligi va farovonligini oshirish, tumanlar iqtisodini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida tuman tuproq iqlim sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib, lalmi va yaylov yerlariga qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish, mevali bog‘, uzumzorlar barpo etish borasida amaliy takliflar bildirildi. Endilikda tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklari dalalarini suv bilan ta’minlash uchun quduqlar qazish, ekish uchun urug‘ tanlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish  borasida partiya deputatlari va faollari keng ko‘lamda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borishlari zarurligi e’tirof etildi.

  • Ko'rildi
    86
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+