O’zLiDeP mustahkam siyosiy kuchga aylandi

22.11.2023, 16:24

O’zLiDeP mustahkam siyosiy kuchga aylandi

O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashida partiya tashkil etilganligining 20 yilligiga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi. Muloqotda viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Arziqul Sherov, Jamoatchilik bilan aloqalar va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri Sayfulla Ikromov, partiya faxriylaridan Dilorom Azizova, Jo‘ra Suyarov va boshqalar so‘zga chiqishib,  O`zLiDeP tadbirkorlar va ishbilarmonlarning ijtimoiy qatlam sifatida shakllanishi, ularni yagona maslak yo‘lida birlashishlari, iqtisodiy jihatdan rivojlanishlari, siyosiy irodasini ifoda etadigan yetakchi siyosiy kuch sifatida mamlakat sahnasida o‘z o‘rnini topganligini alohida ta’kidlashdi.

E’tirof etmoq lozimki, dastlabki yilda Qashqadaryoda uch ming nafardan ortiq partiya a’zosi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda yagona maqsad yo‘lida jipslashgan 104 ming 89 nafar faollardan iborat elektoratni shakllantirilgan.   

O’tgan yigirma yil davomida partiya a’zosi bo‘lgan voha tadbirkorlari tomonidan to‘rt yuzdan ortiq yirik sanoat korxonalari, mikrofirma va MChJlar ishga tushirilib, mahalliy xom ashyoni qayta ishlash asnosida o‘ttizdan ortiq eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar va xotin-qizlar uchun millionga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. O’tgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga qashqadaryolik partiya a’zolaridan 4 nafari saylandi, 2 nafari Senat a’zosi bo‘ldi. Xalq deputatlari viloyat kengashida 20, shahar va tuman kengashlarida 144 nafar deputat faoliyat yuritayotganligi esa vohada O`zLiDePning nufuzi yil sayin ortib borayotganligidan dalolatdir.   

O’tgan yillar mobaynida “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, tadbirkorlik ko‘nikmasini oshirgan yuzlab qashqadaryolik xotin-qizlar bugungi kunda vohaning taniqli tadbirkorlari va fermerlari safidan o‘rin olib ulgurishdi. 2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rik-tanlovda 5 ming nafarga yaqin  qashqadaryolik xotin-qizlar ishtirok etgan bo‘lib, mingdan ortig‘i hozirgi kunda vohaning taniqli ishbilarmon ayollari sanalishadi.

Yig‘ilish so‘ngida bunday tadbirlarni barcha tuman, shahar kengashlari va BPTlarda o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berildi.  

  • Ko'rildi
    103
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+