Davlatoboddagi gulchilik markazi faoliyati bilan tanishildi

02.02.2024, 17:25

Davlatoboddagi gulchilik markazi faoliyati bilan tanishildi

Namanganda gullar bayramini o‘tkazish an’anaviy tus olgan. Prezidentimiz Namanganga qilgan tashriflarida gulchilikni yanada rivojlantirish, bayramni xalqaro miqyosda tashkil etish yuzasidan qator tavsiya va topshiriqlarni bergan edilar. Ikki yildirki, bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Mahalliy gullar bilan birga xorijdan uning eng noyob navlari ham olib kelib parvarish qilinmoqda.

Gulchilik sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bayramning maqomi esa xalqaro darajaga ko‘tarilib, unga respublikamiz viloyatlaridan, shuningdek, jahonning qirqdan ortiq mamlakatlaridan gul ishqibozlari, go‘zallik va nafosat shaydolari tashrif buyurmoqda.

Spiker o‘rinbosari Aktam Xaitov Namangan viloyatida uchrashuvlari davomida Davlatobod tumanidagi "Orzu" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida  joylashgan gulchilik markazida ham bo‘ldi.

Tanishuv jarayonida bu yil ham xalqaro gullar  festivaliga puxta tayyorgarlik ko‘rilayotgani, bu yerda  "filargoniya", "sininariya", "pitoniya" kabi yigirma sakkiz turdagi noyob gullar yetishtirilayotgani, mahalla xotin-qizlari uchun ish o‘rinlari yaratilgani ta’kidlab o‘tildi.

A. Xaitov gulchilar bilan suhbat qurdi, ularning mehnat va turmush sharoitlari bilan qiziqdi. Shuningdek, bu yerda tashkil etilgan "Gulchilik kasbiga o‘qitish" kursi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.

  • Ko'rildi
    84
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+