Deputatlar jarqo‘rg‘onlik saylovchilarning muammo va takliflarini o‘rgandi

21.04.2024, 12:28

Deputatlar jarqo‘rg‘onlik saylovchilarning muammo va takliflarini o‘rgandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov, Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Samatovlar  ishtirokida Jarqo‘rg‘on tuman hokimligida tadbir o‘tkazildi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari U.Ro‘ziboyev, mahalliy kengash deputatlari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.     

Dastlab, "Yashil makon" umummilliy loyihasi,  Sayxunobod tajribasi bo‘yicha yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish ishlarini jadallashtirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati borasida so‘z bordi.  

So‘zga chiqqan deputatlar qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, jumladan, joriy yilning 16 aprel kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-qarori bo‘yicha tushunchalar berildi. Mazkur qaror iste’molchilarni yoqilg‘i energetika mahsulotlari bilan ishonchli tarzda ta’minlash, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatilishini va energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etilishini rag‘batlantirish, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazishni davom ettirishga xizmat qiladi. Uchrashuvda shular xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Xuddi shunday uchrashuv tumanning «Yangi ariq» mahallasidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ham bo‘lib o‘tdi. Unda "mahalladagi yettilik" faoliyati yo‘lga qo‘yilgani joylarda aholi muammolarini samarali hal etish imkonini berayotgani, aholi bilan ishlashning bunday tartibi davlat organlari va aholi o‘rtasida o‘zaro yaqinlikni hamda ishonchli hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqayotgani borasida so‘z bordi.

Shuningdek, tadbirda xonadonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda agronom xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar uchun mahalla kafilligini joriy qilishni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, takliflari eshitildi. Bildirilgan takliflar batafsil ko‘rib chiqilib, savollarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan batafsil javoblar berildi.

  • Ko'rildi
    30
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+