Skuter mingan fermer

13.06.2024, 12:17

Skuter mingan fermer

O’zLiDeP Andijon viloyati  Kengashi “Ayollar qanoti”  tomonidan Buloqboshi tumanida “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining mahalladagi saralash bosqichi o‘tkazildi. Bu galgi tanlovda Buloqboshi tumani “Navoiy” MFY hududidagi “Shirmonbuloq faxri” fermer xo‘jaligini uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan Muborakxon opa Isroilovaning faoliyati o‘rganildi.

Muborakxon opa asli dehqon farzandi. Qishloqda o‘sib-ulg‘ayib, yerga, dehqonchilikka mehr qo‘ygan inson. Shu bois, bo‘lsa kerak dalasini, ekinlarini yaxshi ko‘radi. Bir kun ko‘rmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Bugungi kunda  u  60 nafar ishchilari bilan 25 gektar yerda paxta, 25 gektar yerda bug‘doy ekinlarini  parvarishlab kelmoqdalar. Shuningdek, mavsumda 10 quti ipak qurti ham parvarishlab, 450 kg sifatli  urug‘lik  pilla yetishtirib topshirdi.

Mana,  endi fermer xo‘jaligining axil va inoq ishchilari  g‘o‘za parvarishi hamda  bug‘doyni nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish taraddudidalar. Muborakxon opa  ishchilarni hamma vaqt  ko‘nglini olib, ularga maosh va rag‘batlantirishlar qilib turganligi bois, xodimlar ham har doim “labbay” deb turadilar.

Mehnatga yarasha  xirmon ham, hosildorlik ham  mo‘l bo‘lmoqda. Yutuqlar ham talaygina. U respublika  fermer, dehqon xo‘jaliklari  va tomorqa yer egalari Kengashi  tomonidan “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Bu yilgi rejalar ham yuksak. Buni esa, bug‘doy  o‘rimi va kech kuzda hosil  yig‘im-terimida ko‘rasizlar. Muborakxon opani skuter minib, dalaga kelib-ketishi, boshqa tashvishlarga yelib-yugurishlari barchani hayratda qoldiradi. Shuning uchun uni hamqishloqlari  - “Haqiqiy,  zamonaviy  ishbilarmon ayol – asli shunday bo‘ladi!” deb qo‘yadilar.

  • Ko'rildi
    18
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+