Tadbirkorga suv limiti ajratiladigan bo‘ldi

15.06.2024, 11:23

Tadbirkorga suv limiti ajratiladigan bo‘ldi

Yozning issiq kunlarida, ekinlar vegetatsiyasi jarayonida sug‘orish muhim ahamiyat kasb etadi. Qashqadaryo mamlakatimizning eng ko‘p g‘alla va paxta yetishtiradigan viloyatlaridan biri hisoblanadi. Xo‘sh, bu yilgi sug‘orish mavsumiga  qanday hozirlik ko‘rildi.  Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi O’zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida “O’zbekiston–2030” strategiyasining 62-,63-,64-maqsadlari bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti eshitildi.

Unda ta’kidlanishicha, mazkur hujjatda xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish, tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash hamda xalq manfaatlariga qaratilgan. Viloyatda suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, ishlatish samaradorligini oshirish, qayta ishlash, yetkazish va taqsimlash tizimiga xususiy sektorni jalb etish maqsadida dalalarga suv yetkazadigan ob’ektlar tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklari va klasterlar  boshqaruviga berish borasida amaliy ishlar qilinayotir.   

Suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olish maqsadida 2017-2023 yillarda viloyatda jami 90022 gektar, jumladan 38010 gektarda tomchilatib, 3031 gektarda yomg‘irlatib, 600 gektarda diskret sug‘orish, 3157 gektarda egatga plyonka to‘shab sug‘orish, 6670 gektarda  egiluvchan quvur orqali sug‘orish texnologiyalarni joriy etish hamda 38554 gektarda lazerli tekislash tadbirlari amalga oshirildi.  

Joriy yilda  68900 gektar, jumladan 13000 gektarda tomchilatib, 5900 gektarda yomg‘irlatib, 4500 gektarda diskret sug‘orish, 4500 gektarda egatga plyonka tushab sug‘orish, 11000 gektarda  egiluvchan quvur orqali sug‘orish texnologiyalarni joriy etish hamda 30000 gektarda lazerli tekislash tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 68900 gektar maydondan 52228 gektar maydonda qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, 44988 gektar  maydonda montaj ishlari yakunlanib, texnologiya joriy etildi.

Suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soxa boshqaruviga xususiy sektor davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari keng joriy etish maqsadida yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilinmoqda. Irrigatsiya soxasiga xususiy sektorni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish xisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsadida viloyatdagi 12 ta nasos stansiyalar va 70 ta sug‘orish va meliorativ quduqlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan. Shundan 50 ta sug‘orish quduqlarining loyiha xujjatlari (finmodel, LBH, konsepsiya) ishlab chiqilib, Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etildi.

Yig‘ilishda Qamashilik tadbirkor Do‘stmurod Choriyevning viloyat kengashi O’zLiDeP deputatlik guruhiga murojaati ham ko‘rib chiqildi. E’tirof etmoq lozimki, tumanning Chim qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan tadbirkor   bundan besh yil muqaddam hamqishloqlari bandligini  ta’minlash uchun xayrli bir ishga qo‘l urgandi. Ijtimoiy tarmoqlardan gulxayri o‘simligining quritilgan guli dorivor hisoblanib, Yevropa mamlakatlarining farmatsevtika sanoatida bunday xom ashyoga ehtiyoj nihoyatda kattaligidan xabar topgach, ekib sinab ko‘rdi va chimliklarga shu ish bilan shug‘ullanishni tavsiya etdi. 2019 yil erta bahorda Yevropadan gulxayri urug‘ini keltirib, tomorqa egalariga tarqatib chiqdi. Bugun yuzlab odamlar gulxayri yetishtirish bilan shug‘ullanishadi. Tayyor mahsulotlarni “VVU – AZAMAT” xususiy korxonasi orqali Polsha, Germaniya, Ispaniya kabi Yevropaning o‘nlab davlatlariga har yili o‘rtacha 60 tonnagacha gulxayri guli eksport qilishadi.  Buyuk tabib bobomiz Abu Ali Ibn Sino   gulxayrining  ildizi, bargi va urug‘idan tayyorlangan damlama bilan yo‘tal, qon tupurish, zotiljam va buyrak kasalliklarini davolagan ekan.  Gulxayri gullaridan olingan asal nafaqat totli, balki shifobaxshligini bilan ham nom qozongan. 1 sotix joyga 4 gramm urug‘ ketadi. Yaxshi parvarishlab, oziqlantirib, sug‘orib tursangiz sentyabrga qadar tinimsiz gullaydi. Bir sotix maydonga 250-300 tup gulxayri eksangiz, yerning unumdorligi va parvarishga qarab 25 kilodan 50 kilogacha hosil olishingiz mumkin.

Bu yil “VVU – AZAMAT” xususiy korxonasi  60 gektar maydonga gulxayri yetishtirishmoqda. Uning 20 gektari Chimqo‘rg‘on hududida parvarishlanmoqda. 40 tonna hosil olish mumkin ekan. Ammo Qamashi tuman suv xo‘jaligi irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Anvar Erdonov tadbirkorning yerlarini sug‘orish uchun suv limiti ajratmayotgan ekan. U suv yo‘llari aholi tomorqalari orasidan o‘tgan bo‘lib, suv tadbirkorning yerigacha yetib bormaydi degan vajni ko‘rsatyapti. Tadbirkor amaliy yordam so‘rab, O’zLiDeP deputatlik guruhi murojaat etgandi. So‘zga chiqqan deputatlar suvdan tejamkor va oqilona foydalanish borasida targ‘ibot ishlari kuchaytirish, tadbirkorlarning dalasini sug‘orishda suv limitini ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklariga suv tejovchi uskunalarni o‘rnatishda imtiyozli kreditlar ajratish, tadbirkorAzamat Choriyevga ekinlarini sug‘orishi masalasida yordam kerakligini, aks holda qilgan mehnat va xarajatiga kuyib qolishini bildirdilar. Boshqarma boshlig‘i Fozilxon Siddiqov tadbirkorga gulxayrini sug‘orish uchun suv limiti zudlik bilan ajratilishini ma’lum qildi. Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqildi.   

  • Ko'rildi
    11
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+