Maqsad-zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlar safini kengaytirish

05.07.2024, 12:01

Maqsad-zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlar safini kengaytirish

Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

O’tgan davrda yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy baza mustahkamlanib, ular hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani mamlakatimizda mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslarni tarbiyalashga zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda ham oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratildi. Davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi.

Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish — davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida o‘z aksini topdi. Davlat shu orqali o‘z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqda.

Kelajagimiz bunyodkorlari bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi — “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga tatbiq etilyapti. Mazkur tizim asosida olib borilgan amaliy ishlar natijasida “Yoshlar daftari”ga kirgan minglab yigit-qizlarning muammolari hal etilmoqda, kam ta’minlagan oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarning kontrakt puli to‘lab berilmoqda, ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining yoshlarimizga alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi tufayli sohada mutlaqo yangi tizim yaratilib, mamlakatimizdagi barcha darajadagi rahbarlarning yoshlar bilan ishlash tizimi tubdan o‘zgardi.

Buni birgina Farg‘ona viloyati misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, 2024 yilning o‘tgan davrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning 6674 nafariga iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan ko‘mak ko‘rsatilgan. Yoshlar muammolarini tizimli hal etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armalarida qariyb 15,3 mlrd. so‘m mablag‘ shakllantirilib, ehtiyojmand, deb topilgan 6 589 nafar yoshga 10,7 mlrd. so‘mlik moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ sarflangan. Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 3 255 nafar yoshga 56,9 mlrd.so‘mlik imtiyozli kreditlar berilgan.

Bundan tashqari, “mahalla yettiligi”ning tavsiyasiga asosan dehqonchilik qilish istagidagi 17 409 nafar yoshlarga auksion orqali 30 yil muddatga yer (o‘rtacha 20 sotix) 4 489 gektar yer maydonlari ajratib berilgan. Yoshlarga ajratilgan yer maydonlariga 8 turdagi viloyat iqlimiga mos ekinlar ekishiga ko‘maklashilgan.

E’tiborlisi, “lbrat Academy” mobil ilovasi orqali 68 916 nafar yoshlarning til o‘rganishiga ko‘maklashilib, ularning 580 nafari xorijiy tillar bo‘yicha daraja sertifikatlarini qo‘lga kiritgan. Xalqaro imtihon tizimida yuqori ball (daraja) to‘plagan 519 nafar yoshlarning 903,5 mln. so‘m miqdorida imtihon xarajatlari qoplab berilgan. Bu kabi amaliy misollarni nafaqat Farg‘ona, balki mamlakatimizning barcha viloyatlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Yana bir muhim masala. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham yoshlar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish borasida yangi tizim yaratildi. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Oliy Majlis palatalari huzurida faol va tashabbuskor yoshlardan iborat Yoshlar parlamenti tashkil qilindi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasida 7 nafar yosh deputatdan iborat tarkibda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi.

Bugungi kunda mazkur Komissiya va Yoshlar parlamenti norma ijodkorligi jarayoniga yoshlarni keng jalb etish va qabul qilinayotgan qonunlarni yosh avlod orasida keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Eng quvonarlisi, yoshlarimiz Qonunchilik palatasi majlislarida, fraksiya yig‘ilishlarida ham ishtirok etib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, yoshlarga oid davlat siyosati sohasida olib borilayotgan islohotlarda Qonunchilik palatasining rolini yanada oshirishga, yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga, zamonaviy dunyoqarash, bilim va ko‘nikmaga ega yoshlarning bilimini rivojlantirishga xizmat qilyapti.

Shu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan 30 iyun — Yoshlar kuni har yili mamlakatimizda keng nishonlanib kelinayotganini ta’kidlash joiz. E’tiborlisi, mazkur sanada yoshlar siyosatiga oid amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olinadi, bir guruh yoshlarga davlat mukofotlari topshiriladi.

Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan mana shunday videoselektor yig‘ilishida yosh deputat sifatida ishtirok etib, bugungi globallashuv jarayonida yanada faol bo‘lish, islohotlarga kuzatuvchi bo‘lib emas, balki faol ishtirokchi sifatida qatnashishni ko‘nglimga tuydim.

Tadbirda davlatimiz rahbari yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Xususan, chet tili bo‘yicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qo‘lda yozish imkoniyati bo‘lmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, albatta, yoshlar hayotida yangi-yangi sahifalar ochadi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bahromjon Rahmonaliyev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    26
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+