O’zbekiston – Qirg‘iziston: hamkorlik strategik sheriklik asosida izchil rivojlanmoqda

13.03.2021, 10:39

O’zbekiston – Qirg‘iziston: hamkorlik strategik sheriklik asosida izchil rivojlanmoqda

O’zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zaro tushunish, hurmatli va barqaror munosabatlarni saqlab qolish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish ikki mamlakat xalqlarining manfaatlariga teng darajada javob beradi. Bugungi kunda O’zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida avval qabul qilingan hujjatlarning izchil amalga oshirilishi bilan ajralib turadi.

Davlatlararo munosabatlarning muhim katalizatorlaridan biri – mamlakatlar rahbarlarining tashrifi bo‘lmoqda. Prezident Sadir Japarovning O’zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha davlatimiz rahbari muzokaralar ishonch muhitida o‘tgani, tomonlar o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida keng miqyosli vazifalarni hal qilishga tayyor ekanini qayd etdi.

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida mustahkamlab borish, avval qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish yo‘lida qat’iy ekanini tasdiqladi. Barcha sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish uchun oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.

Bizning fikrimizcha, bo‘lib o‘tgan tashrifning davlatlararo munosabatlar uchun ahamiyati shundaki, unda ikki tomonlama munosabatlarning barcha dolzarb masalalari muhokama qilindi. Bu borada ustuvor e’tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish choralarini ko‘rishga qaratilganini alohida ta’kidlash lozim.

O’zbekiston – Qirg‘iziston sherikligida, shubhasiz, muhim o‘rin tutadigan hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalari chegaraoldi viloyatlar hokimlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi. Shu jihatdan O’zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalar faollashishi uchun qulay sharoitlar yaratilishi, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilishi tarafdori.

Sadir Japarovning O’zbekistonga tashrifi davomida, jumladan, hamkorlikda tashkil etilgan Investitsiya jamg‘armasi doirasida umumiy qiymati 900 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan kelishuvlarga erishilgani nihoyatda ahamiyatlidir.

Binobarin, muzokaralar doirasida  “O’zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li hamda “Toshkent – Andijon –O’sh – Irkeshtom – Qashg‘ar” multimodal yo‘lagi singari samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Eng muhimi, tashrif chog‘ida qo‘shni mamlakatlarning ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

Qariyb 50 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O’zbekiston – Qirg‘iziston Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish, Qirg‘izistonda gidroenergetika ob’ektlarini qurish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidandir.

Bular hali hammasi emas. Chegara viloyatlari rahbarlari ham  hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni imzolashdi. Qolaversa, tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi hamda bojxona ishi, harbiy va harbiy-texnik hamkorlik, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, o‘simliklar karantini, ta’lim, fan va madaniyat sohalari bo‘yicha qator muhim hujjatlar imzolandi.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik davlatlararo munosabatlar asosini tashkil qiladi. Bu borada fan, ta’lim, madaniyat, sport va turizm kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyatga ega. Madaniyat kunlari va boshqa gumanitar tadbirlarni qayta tiklash ikki xalq o‘rtasida o‘zaro tushunish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

Xulosa o‘rnida aytganda, bo‘lib o‘tgan tashrifni muvaffaqiyatli deb baholaymiz. Chunki davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvlar ochiq va do‘stona muhitda o‘tdi. Bu ikki tomonlama munosabatlar darajasini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Zotan, Qirg‘iziston Prezidentining O’zbekistonga tashrifi siyosiy-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.

Aktam  HAITOV,

Oliy  Majlis  Qonunchilik

palatasi  Spikeri o‘rinbosari,

        O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    380
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+