O'zLiDeP o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi

25.01.2023, 18:44

O'zLiDeP o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi

Kuni kecha mamlakatimiz Energetika vazirligi bilan  “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning imzolangani  jamoatchiligimizda ayrim savollarni tug‘dirdi. Energetika vazirligining shu munosabat bilan e’lon qilgan rasmiy bayonoti asossiz  taxmin va savollarga mutlaqo o‘rin qoldirmaydi. Bayonotda ma’lum qilinishicha,  olib borilgan muzokaralar hamda “yo‘l xaritasi”da O’zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gazni zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q.

Shuningdek, rasmiy axborotda  24 yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, unda Rossiyadan O’zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilingani va  “yo‘l xaritasi” imzolangani bildirilgan. Energetika vazirligi Ishchi guruh tuzilgani,  Qozog‘iston va O’zbekiston hududidan o‘tuvchi “O’rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni va o‘rganishni kelishib olinganini ham ma’lum qildi. Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinishiga kelishilgan. Vazirlik kelgusida ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar O’zbekiston Respublikasining milliy manfaatlari to‘liq himoya qilingan holda amalga oshirilib, natijalari doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib borilishi haqida qat’iy pozitsiyani e’lon qilgan.

Bundan ayon bo‘lyaptiki, davlatimiz, hukumatimiz xalqimizning  tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun zarur barcha choralarni ko‘rmoqda. Muhimi, bu choralar  mustaqilligimizga hech qanday putur yetkazmaydi, aksincha, iqtisodiyotimiz rivojiga, mustaqilligimiz mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ana shu omillarni hisobga olgan holda partiyamiz mazkur sa’y-harakatlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi, tilga olingan hamkorlikka xayrixohligini bildiradi. O’zLiDeP dasturida ham shu singari masalalarga oid pozitsiyamiz aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan: “Biz, eng avvalo, xalqimiz va mamlakat manfaatlarni himoya qilish va ilgari surishga,  yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar, butun dunyo hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlaymiz”.

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari – fraksiya rahbari,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.

  • Ko'rildi
    182
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+