Tadbirkorlar tijorat banklari faoliyatidan mamnunmi?

21.02.2018, 19:11

Tadbirkorlar tijorat banklari faoliyatidan mamnunmi?

Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida ana shu masala muhokama etildi. Unda deputatlar Namangan shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Xoliqovning hisobotini  tingladi.

– 2017 yilda shaharda 119 ta loyiha amalga oshirilib, 3 ming 781 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shahar mahalliy budjeti esa 255 mlrd 841 mln 522 so‘m o‘rniga 263 mlrd 284 mln 654,2 ming so‘m qilib ortig‘i bilan bajarildi, – deydi U. Xoliqov o‘z hisobotida. – Ayni chog‘da esa shaharda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda. Masalan, tadbirkorlar uchun eng dolzarb masalalardan biri ularni yer maydonlari bilan ta’minlash ekanligini e’tiborga olib, “Orzu” kichik sanoat zonasidan ularga yer maydonlari ajratib berildi. Biroq olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, tadbirkorlarning o‘z faoliyatlarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar ham uchrab turibdi. Tijorat banklari tomonidan kredit ajratilishida  yuzaga kelayotgan turli muammolar esa tadbirkorlarni  sarson sargardon qilmoqda.                                                         

Bank  vakillari  qanday  fikrda?

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Davron Munavvarovning aytishicha, banklarning to‘lov qobiliyati mustahkam bo‘lishi uchun kredit va boshqa maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar o‘z vaqtida qaytib kelishi zarur. Har yili paxta, g‘alla uchun fermer xo‘jaliklariga kredit mablag‘lari beriladi. Biroq bu mablag‘larni to‘liq va o‘z vaqtida qaytarish masalasida muammolar bor. Ayrim fermer xo‘jaliklari shartnoma rejasini bajarolmay iqtisodiy tanazzulga uchrab, tugatilmoqda, ularning o‘rnida yangi fermer xo‘jaliklari tuziladi. Lekin tugatilgan fermer xo‘jaligidan bank qarzlarini undirish masalasi muaallaq bo‘lib qolmoqda. Bu esa banklarning iqtisodiy holatiga salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda.

– 2017 yilda 3 mlrd so‘mga yaqin  9 foizli imtiyozli kredit berdik, – deydi Xalq banki amaliyot bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Jo‘raboyev. – Lekin bu mablag‘lar o‘z vaqtida to‘liq qaytmadi. Ayrimlar hatto chorvachilik uchun olgan kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarga ishlatib yuborganliklari ham aniqlandi. Shuning uchun kredit ajratishda kafillik, garov masalasiga jiddiy e’tibor berilmoqda.

O‘zLiDeP vakillari nima deydi?

– Bank vakillari kreditlarning qaytarilishi bo‘yicha muammolar borligini aytishdi. Lekin bunga ularning o‘zlari ham sababchi, deb hisoblayman, – deydi O‘zLiDeP Namangan shahar Kengashi raisining o‘rinbosari Atxamjon To‘rayev. – Nima uchun banklarning o‘zida berilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini nazorat qiladigan tizim yo‘q. Bo‘lsa ham, izchil ishlamaydi. Natijada kredit mablag‘larini maqsadsiz ishlatib yuborish holatlari yuzaga kelmoqda. Tan olish kerak, bugun ko‘pgina loyihalarni moliyalashtirishda ayrim banklar bu bizning mijoz emas, deb o‘zini chetga olishadi. Bu esa fuqarolarning olgan kreditlarini maqsadsiz ishlashtishlariga turtki bo‘lmoqda. Shunday ekan, banklar ham bu jarayonda befarq bo‘lmasliklari kerak.

Ta’kidlash kerak, hisobotlar ham, deputatlar muhokamasi ham juda jonli, bahsli tarzda o‘tdi. Yig‘ilishda shunday xulosaga kelindiki, bugun iqtisodiyotni rivojlantirishda, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda banklarning amaliy ko‘magiga ehtiyoj har qachongidan ham kuchaygan. Chunki bugun Namanganda yangi-yangi tadbirkorlik sub’ektlari ish boshlayapti. Ular sanoat, qurilish, savdo va maishiy xizmat sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratish biznes loyihalari bilan chiqmoqda. Ularning o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun esa ko‘mak kerak, xolos.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. 

 O‘zLiDeP Namangan viloyat

Kengashi matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1888
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+