Mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning muammo va takliflari o‘rganildi

21.09.2022, 11:41

Mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning muammo va takliflari o‘rganildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish hamda mustahkamlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

O’zLiDeP ham davlatimizning ushbu oqilona siyosatini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farovon va baxtli hayot kechirishlari uchun zaruriy sharoitlar yaratib berishni o‘z oldidagi ustuvor vazifalardan deb biladi.

Chinoz tumanidagi “Yaxshi niyat” MFYda partiya tuman Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi ochiq muloqot tadbiri ham ayni maqsadda o‘tkazildi.

Tadbirda so‘z olgan deputat Movluda Saydaliyeva bugun yurtimizda ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani haqida to‘xtaldi.

“Ayollar daftari” joriy etilib, unda ro‘yxatda turuvchi opa-singillarimizga ko‘mak berish, ularni turmushlaridagi tanazzuldan olib chiqib ketishda mutasaddi tashkilotlar, hokimiyat va qolaversa jamoatchilik vakillari bo‘lgan mahalliy Kengashlardagi deputatlar birgalashib, zarur amaliy choralarni ko‘rishayotgani xususida ma’lumotlar berdi.

Buning natijasida mazkur daftarda qayd etilgan ayollarning muammolari atroflicha tizimli o‘rganilib, ijobiy hal qilinib, ularni kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlarida ko‘maklashish ortidan moddiy farovonliklari oshirilib, “Ayollar daftari”dan chiqarishga muvaffaq bo‘linayotganini ta’kidladi.

Bugungi tadbir ham mahalladagi nochor ahvoldagi xotin-qizlarni aniqlash, ular bilan yaqindan bevosita muloqot o‘rnatish, qiynab turgan muammolarini o‘rganib, joyida tizimli ijobiy yechim topish maqsadida tashkil etilayotganini qayd etdi.

Buning uchun sharoit va imkoniyat yetarli ekaniga urg‘u berdi. Partiya tuman Kengashi apparat rahbari Payzulla Tojiqulov ham mavzu doirasidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan, ayollarga azal-azaldan xalqimiz alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelishi Yangi qabul qilinishi rejalashtirilayotgan O’zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilayotgani borasida so‘z yuritdi.

Yangi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyati, u butun xalqimiz muallifligida yaratilayotgani zamirida ham katta hikmat va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan siyosat yotganini alohida xalqchil misollar keltirish bilan ochib berdi.

Tadbir mobaynida unga tashrif buyurgan xotin-qizlar orasidan 14 nafarining murojaatlari katta e’tibor bilan tinglandi. Joyida ijobiy hal etish maqsadida mutasaddi tashkilotlarga yo‘naltirildi. Ayrimlariga mutaxassislar va oqila ayollar tomonidan huquqiy, psixologik maslahat va tavsiyalar berildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    397
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+