Deputatlik eshituvi: qishloq xo‘jaligi sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi

30.11.2022, 15:27

Deputatlik eshituvi: qishloq xo‘jaligi sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi

Qarshi tuman kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida Qarshi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ulugbek Botirovning hisoboti eshitildi. 

Hisobotda ta’kidlanishicha, tumanda 1000 tadan ortiq fermer xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, 652 tasi g‘allachilikka, 35 tasi polizchilikka, 320 tasi bog‘dorchilik va uzumchilik, 184 tasi chorvachilikka ixtisoslashgan. 2021-2022 yillarda viloyatda mavjud fermer xo‘jaliklarining 135 tasida qo‘shimcha ishlab chiqarish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, servis xizmatlari ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha  ko‘p tarmoqli faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular tomonidan 500 gektarda mahalliy bog‘, 300 gektarda tokzorlar barpo etildi hamda 65 ta fermer xo‘jaliklarida servis xizmatlari va 4 ta go‘sht, sut va meva-sabzavotni qayta ishlash loyihalari amalga oshirildi. Natijada mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.  Kengash ko‘magi bilan 27 nafar ishsizlarga chorva mollari xarid qilish uchun 33 mln. so‘m, 115 nafariga esa 1 sotixdan issiqxona tashkil etish uchun 7,5  mln so‘m  imtiyozli kreditlar ajratildi.  Tomorqa yerlarini oqova suv bilan ta’minlash maqsadida 6 ta artezian qudug‘i qazdirib  berildi.  Fermerlarning dala shiyponlarida ishchi-xizmatchilarini oziq-ovqat bilan ta’minlash maqsadida 100 boshdan parranda, 10 boshdan sigir va 10 qutidan asalari oilasini boqish tashkil etilmoqda. Parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari o‘z maxsulotlarini aholiga va tadbirkorlarga yetkazib bermoqdalar. Deputatlardan Ruhiddin Berdiyev, Dilfuza Jo‘rayeva, Mashhura Hayitova va boshqalar so‘zga chiqib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fermer xo‘jaliklari dala chetlariga tut ko‘chati, terak va tok qalamchalari, mevali daraxt  ko‘chatlarini ekishni jadallashtirish, xo‘jalik a’zolari uchun mehnat daftarchalari yuritishni yaxshilash, dala shiyponlarida sharoit yaratish, ishlovchilarning turmush farovonligini oshirish borasida amaliy taklif-mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    274
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+