Ayolning bilimli, hunarli bo‘lishi oilaning katta yutug‘idir

02.02.2023, 15:40

Ayolning bilimli, hunarli bo‘lishi oilaning katta yutug‘idir

Prezidentimizning jonajon Andijonimizga bu galgi tashrifi bizning Bo‘ston tumanidan boshlangani hammamizni quvonchimizga sabab bo‘ldi.

Bo‘stonimiz iqtisodiy jihatdan qoloq tumanlardan edi. Yurtboshimiz tashabbuslari va rahnamoliklari ostida bugun Bo‘stonimizda mana shunday yirik korxonalar qurilib, ishga tushirildi. Ushbu yangi korxonalarda men kabi yosh opa-singillarimiz o‘zining ish o‘rniga ega bo‘ldi. Buning ortidan moddiy farovonligi ortib, oila va jamiyatda ham o‘z o‘rni va qadrini topa boshladi.

Bizning to‘qimachilikka ixtisoslashgan korxonamizda mingga yaqin opa-singillarimiz Turkiyadan keltirib o‘rnatilgan zamonaviy uskunalarda mehnat qilishmoqda. Deyarli hammamiz ehtiyojmand xotin-qizlar sirasiga kirardik. Korxonamiz huzuridagi kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazida kasbga o‘qitilib, ishga qabul qilindik. Bularning bari Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat, insonparvarlikning mahsuli, deb bilaman. Kechagina tikuvchilik, to‘quvchilik borasida tushunchaga ega bo‘lmagan, qo‘lida igna tutmagan opa-singillarimizning bugun kasbga o‘qitilib, so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnikalarda mehnat qilayotgani zamirida juda katta insonparvarlik mujassam emasmi?!

Bugun biz katta ahil jamoamiz bilan erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 turdan ortiq trikotaj mahsulotlarini “Elegance SM” brendi ostida ishlab chiqarayapmiz. Sifatli, bejirim mahsulotlarimizning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan mana shu dargohda mehnat qilayotganimizdan faxrlanamiz .

Yurtboshimizning korxonamizga tashrifi biz uchun kutilmagan g‘oyat quvonchli voqea bo‘ldi. Mamlakatimizdagi opa-singillarimizning farovon turmushi, davlat va jamiyat hayotida o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun qayg‘uradigan, bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan Prezidentimiz biz bilan samimiy suhbatlashdi.  

Ayolning bilimli, hunarli bo‘lishi oilaning katta yutug‘i ekanini ta’kidladi. Korxonamizga muvaffaqiyat, oilalarimizga farovonlik tiladi.

Prezidentimiz bilan kechgan suhbat bizni ruhlantirib yubordi. Katta motivatsiya berdi. Shijoat bag‘ishladi. O’qib, bilim olib, o‘z kasbimizning sir-asrorlarini o‘rganib, o‘z ustimizda ishlab, Yangi O’zbekistonimizning yorug‘ kelajagi uchun xizmat qiladigan farzandlar tarbiyalab, el-yurt koriga yarashga undadi.

Davlatimiz rahbarining “Onalarimiz yuksak fazilatli, mard, jasur farzandlarni tarbiyalab bersa, biz ularni zamonaviy maktab va oliygohlarda kamolga yetkazamiz. Maqsadimiz – har bir oila, xonadon va mahalla mana shu ulug‘ harakatning markaziga aylansin”, - degan gaplari har birimiz uchun dasturulamal bo‘lishi kerak, deb bilaman.

Yurtimiz otasining biz ayollarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklariga nisbatan labbay, deb javob berib, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol bo‘lishimiz lozim.

Nilufar Yusupova,

O`zLiDeP Bo‘ston tuman Kengashi qoshidagi

 “Ayollar qanoti”faoli,

“Sayyora favvorasi” MChJ ishchisi

  • Ko'rildi
    242
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+