Botmondek kuchni shukuhli zamondan topaman

07.09.2023, 10:53

Botmondek kuchni shukuhli zamondan topaman

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor har qachongidan yuksak. Buning isbotini har qadamda kuzatish mumkin. Ayniqsa, gender tengligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, xotin-qizlarimiz kirib bormagan soha qolmadi. Bularning bari tinib-tinchimas, oqila, mehnatkash ayollarimizning faolligini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilayotganidandir. O‘zLiDeP loyihalaridan biri bo‘lgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi ham ana shunday maqsadli loyihalardan sanaladi.

Qariyb 15 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Dastlab 12 nafar kishi bilan ish boshlagan bo‘lsam, hozirgi kunda ularning soni 185 nafarga yetdi. Ilk paytlari mahsulotlarimizni atigi ikkita, ya’ni Koreya va Xitoyga eksport qilgan edik. Bugun esa 14 davlat bilan hamkorlik shartomalarini imzolaganmiz. Ularning talab va istaklari asosida sifatli tovar yetkazib berayapmiz. Faoliyatimiz – salomatlik uchun nihoyatda foydali va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan qizilmiya ildizidan qalamchalar kesish, tayyorlash, saralash va qutilarga joylashtirishdan iborat.

Firmamiz o‘zining “Product of Uzbekistan”, “Made in Karakalpakstan” brendi va logotipiga ega. Bu nom ostida tadbirkorlik qilish va dunyoni zabt etish menga yuksak faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Ona yurtimiz sha’ni, obro‘sini saqlash va tanitish uchun ham tovar va xizmatlarimizni sifatli hamda talab doirasida bo‘lishiga intilamiz. Chorvachilik va bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanamiz. 2020 yil Avstriyadan Golshteyn naslli mollarni olib kelgan edik. Hozirda xalqni arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlayapmiz.

Bugun aholi bandligini ta’minlashga nafaqat davlat, har bir inson o‘z hissasini qo‘shmoqda. Qo‘ng‘irot, Taxiatosh tumani va Nukus shahridagi eng chekka qishloq va mahallalarda yashayotgan ishsiz xotin-qizlar bilan suhbatlashish asnosida 33 nafarini kasanachilikka jalb etdik. Ayni damda ular shu sohada band. Tadbirkor uchun har daqiqa g‘animat, har vaqt oltinga teng. U o‘z ustida muttasil izlanishi, tajribasini orttirib turmog‘i darkor. Shu bois tinmay izlanaman, chet davlatlarda tajriba almashib kelaman.

Buni qarangki, joriy yil men uchun yanada omadli keldi: kamtaringina mehnatim yuqori baholandi. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Prezidentimiz tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim, “Ishbilarmon ayol” ko‘rin-tanlovining respublika hududiy bosqichida g‘olib bo‘ldim. To‘g‘ri, tanlaganimiz oson soha emas, ammo mana shunday e’tirof etilganingda tortgan barcha mashaqqatlaring unut bo‘ladi. Yanada ishlaging, shu yurt, shu el koriga yanada yaraging keladi. Botmondek kuchni mana shunday pallalarda topasan kishi. Ularni ezgu amallarga sarflash qoladi, xolos.

Zamira HOJAMETOVA,

“Kungrad agro – solodka sistem” MChJ rahbari,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.

  • Ko'rildi
    73
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+