Talabalar turar joyi yaqinida arzonlashtirilgan savdo shohobchasi tashkil qilish taklifi bildirildi

23.11.2023, 18:52

Talabalar turar joyi yaqinida arzonlashtirilgan savdo shohobchasi tashkil qilish taklifi bildirildi

So‘nggi yillarda qabul kvotalarining oshirilgani natijasida oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar soni deyarli ikki barobarga ko‘paydi. Qabul kvotalarining oshirilishiga mos ravishda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kengaytirish, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash, talabalar turar joylari qurilish ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xususan, “O’zbekiston-2030” strategiyasining 8-maqsadida Oliy ta’lim muassasalari tashkiliy boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylari kelgusi 7 yillikda qurish belgilangan.

O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi bir guruh deputatlari, “Yoshlar parlamenti” a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridan iborat bir guruh vakillar Urganch davlat universitetiga qarashli talabalar turar joylaridagi mavjud holatni yaqindan o‘rganishdi.

Universitet tasarrufida hozirgi kunda 7 ta talabalar turar joyi faoliyat ko‘rsatib, umumiy 3 ming 400 dan ortiq o‘rinni tashkil qiladi.  Talabalar turar joyi faoliyatiga oid me’yoriy hujjatlar asosida univesitetning ichki me’yoriy–huquqiy hujjatlari ishlab chiqib tasdiqlangan.  Jumladan, talabalar turar joyi nizomi, e’lonlar burchagi, talabalar ro‘yhati, yong‘in xavfsizligi burchagi mavjud.

Talabalarning yashashi, o‘z ustida mustaqil ishlashi, dam olishi uchun sharoitlar yaratilgan. Talabalar uchun Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbus bo‘yicha bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun  san’at, sport, kompyuter texnologiyalari, kitobxonlik va tikuvchilik xonalar mavjud.  Yoshlar uchun  ingliz tilini o‘rganish, “Musavvirlik”, “Tikuvchilik va to‘quvchilik”  to‘garaklari tashkil qilingan. “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalari, o‘quv zallari tashkil qilinib, ular zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan.

O’rganishlar davomida deputatlar tomonidan talabalar turar joyida imkoniyati cheklangan, nogiron talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishishdi. Imkoniyati cheklangan talabalarga kundalik ishlarda yordam beradigan faollar biriktirib qo‘yilgan.

Deputatlar mavjud shart-sharoitlarga qo‘shimcha ravishda talabalar turar joyidagi moddiy-texnik bazani yanada boyitish, yoshlarning talabalar  turar-joyiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qo‘shimcha binolar qurish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.  

Shuningdek, Deputatlar talabalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish va oliy ta’lim muassasasi oldidagi avtotransportlar xarakatlanadigan katta yo‘ldan piyodalar kesib o‘tish uchun tunnel yoki piyodalar o‘tish ko‘prigi qurish taklifini bildirdi.

Bir guruh talabalar esa talabalar turar joyi yaqinida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo shohobchasi tashkil qilib berish taklifini bildirdi.

Sevara Ro‘zmetova

O’zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi

Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    110
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+