Axborot texnologiyalari: yoshlar uchun madad va rag‘bat

30.11.2023, 10:02

Axborot texnologiyalari:  yoshlar uchun madad va rag‘bat

“O’zbekiston – 2030” strategiyasi­dan o‘rin olgan besh yo‘nalish va yuz maqsad ijrosini joriy yilda ta’­minlash hamda bu borada jamoatchi­lik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadi­da shu yil sentyabrda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan kichik ishchi guruhlar tashkil etilgan edi.

Yaqinda ctrategiyaning yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xiz­matlar eksportini oshirish maqsadidagi vazi­falar bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhning Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi IT parkda navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Partiyamiz faollari yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish, “Bir million dasturchi” loyihasini kengaytirish orqali eng iqtidorlilarini tanlab olib, xalqaro nufuzli kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida xalqaro IT bozoriga tayyorlashga ahamiyat qaratish yo‘nalishida bajarilayotgan ishlar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar vakillarining hisobot­larini tingladilar.

Raqamli texnologiyalar vazirligining raqamli ta’limni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i S. Butanovning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichida yoshlarga uzbekcoders.uz platformasi orqali AQShning “Coursera” kompa­niyasi onlayn ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Dasturlashga qiziquvchi yigit-qizlar uchun albatta bu ajoyib tuhfa. Chunki “Coursera” – ma­sofaviy ta’limning ulkan platformasi. Un­da dunyoning 275 ta yetakchi universiteti va kom­paniyalarining (jumladan, “Google”, “Amazon”, “Meta”, “Stanford”, “Yale” va boshqalar) 12 mingta professional ta’lim resursi joylashtirilgan. 2023-2025 yillarda ushbu loyiha doirasida 1,2 mln. nafar yigit-qiz 8 ta yo‘nalishdagi onlayn kurslarda bepul ta’lim oladilar. E’tiborli­si, ayni park tomonidan barcha kontentdan foy­dalanish imkoniyatini beruvchi jami 10 ming dona litsenziya sotib olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha 3,5 ming dona xarid qilingan. Hozirda uzbekcoders.uz sayti orqali “Coursera” platfor­masida 314 ming o‘quvchi tahsil olyapti. 606 nafar yosh esa professional – pullik kurslarda o‘qiyapti.

Kompyuter texnologiyalari sohasidagi bi­limlarini oshirishni maqsad qilgan navqiron avlod vakillari moddiy-moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani ham e’tiborga molik. Kurslarda tahsil olayotgan yoki muvaffaqiyatli tamomlagan 15 mingdan ortiq yigit-qizga kom­pyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miq­dorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratildi. Shuning baro­barida “Bir million dasturchi” doirasida va IT parkning ta’lim rezidentlarida tegishli serti­fikatni qo‘lga kiritgan yoshlarga kompyuter xari­di uchun 7,5 mln so‘m miqdoridagi imtiyozli kre­ditlar ajratildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazir­ligining AKTni joriy etish va raqamlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh. Saidov mamla­katimizda ushbu sohada oliy ta’lim beradigan muassasalar soni 60 tadan va ularda tahsil ola­yotgan talabalar soni 50 mingdan ortganini bil­dirdi. Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha 29 mingdan ortiq oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanyapti.

Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati bo‘lim boshlig‘i B. Sindorov o‘z so‘zida agentlik tomonidan IT sertifikatlarini olishga sarfla­nadigan xarajatlarning 50 foizini qoplashga imkon beruvchi “IT iste’dod” portali ishga tushi­rilganini, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali – my.gov.uz orqali arizalar­ni qabul qilish uchun xalqaro IT sertifikatlari­ni olish hamda o‘qish xarajatlarining 50 foizga­cha bo‘lgan qismini qoplab berish xizmati joriy etilganini qayd etdi. Natijada hozirgi kungacha xalqaro IT sertifikatini olish dasturida qat­nashgan 735 nafar yoshning jami 1 mlrd so‘m dan ortiq xarajatlari qoplab berildi.

Yig‘ilish yakunida ishchi guruh a’zolari maz­kur faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan 4 ta aniq va asosli taklif-tavsiyani ilgari su­rishdi.

Birinchi, Raqamli texnologiyalar vazirligi “El-yurt umidi” fondi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali xorijiy mamlakatlarda IT yo‘nali­shida ta’lim olayotgan talabalar va mehnat qila­yotgan vatandoshlar bilan aloqa o‘rnatishi, ular­ni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishi zarur.

Ikkinchi, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ajratilayotgan mablag‘larning shaf­fof yetkazilishini ta’minlash bo‘yicha platfor­mani yanada takomillashtirish talab etiladi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan zamonaviy kompyuter jamlanmalariga ajratiladigan sub­sidiyalarni o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlash maqsadga muvofiq.

Uchinchi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining “Bir million dasturchi” loyihasi platformasiga integratsiya jarayonlari yakunlarini amalga oshi­rish hamda mazkur vazirliklarga platforma ad­minligini ajratish choralarini belgilash.

To‘rtinchi, O‘zLiDeP deputatlik guruhlari, Yoshlar parlamenti a’zolarini jalb etgan holda Yagona interaktiv davlat xizmatlar portalini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish.

Bu kabi istiqbolli maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar izchil davom eta­veradi.

Abdulla ASLANOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari

  • Ko'rildi
    118
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+