TAROZINING IKKI PALLASI

18.04.2018, 11:45

TAROZINING IKKI PALLASI

Mutafakkirlar soliq amallarini tarozining ikki pallasiga qiyoslab, “posangi”ning teng bo‘lishi yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi uchun xizmat qilishini alohida ta’kidlaydilar.

Haqiqatan ham, qaysiki mamlakatda soliqqa tortish shartlari qulay, foyda olish koeffitsenti yuqori, hisobot topshirish nisbatan yengil, harajatlar kamroq bo‘lsa, sarmoya ham shunga yarasha oqib kelaveradi.

Shu ma’noda Prezidentimizning joriy yil 13 fevraldagi “Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ham tadbirkor ham partiya faoli sifatida shuni aytishim mumkinki, Konsepsiya loyihasining umumxalq muhokamasiga qo‘yilishining o‘ziyoq uning hayotiyligini ko‘rsatib turibdi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad bildirilgan xilma-xil fikrlardan eng maqbullarini saralab olish hamda soliq qonunchiligi va ma’muriyatchiligini rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.

Keling, o‘rni kelganda, taklif etilayotgan soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasida belgilangan o‘zgartirishlar tadbirkorlik rivoji uchun nimasi bilan ahamiyatli ekanligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam.

E’tiborga molik jihati ishlab chiqilgan konsepsiyada eng avvalo soliqlarni soddalashtirish, ularning sonini qisqartirish, stavkalarini pasaytirish asosiy yo‘nalishlar etib belgilangan. Maqsad iqtisodiyotda soliq yukini pasaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish va investitsiyalarni jalb etishga imkoniyat yaratishdir.

Amaldagi soliq tizimida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarining aylanma mablag‘laridan belgilangan stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovi (asosiy stavkasi 5 foiz) hamda budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga 3,2 foiz soliq to‘lagan bo‘lsa, endilikda faqatgina olgan daromadlaridan soliq to‘lash tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa men kabi tadbirkorlarni ko‘p yillardan beri o‘ylantirib kelayotgan masalalardan biri edi, desam adashmayman. Chunki ilgari boshlagan ishingdan foyda olasanmi, yo‘qmi soliq to‘lash kerak edi. Shu jihatdan konsepsiyada bunga alohida e’tibor qaratilgani nafaqat meni balki, barcha hamkasblarimni quvontirgani tabiiy.

Shuningdek, konsepsiyada soliq turlarini qisqartirish bilan bir qatorda ularning stavkalarini  ham keskin pasaytirish nazarda tutilayapti. Birgina mahsulot va xizmatlar narxini belgilashga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 20 foizdan 12 foizga pasaytirish belgilangan. Bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Turgan gapki, QQS stavkasining kiritilishi va past miqdorda o‘rnatilishi o‘z samarasini beradi. Ya’ni bunda, iqtisodiyotda QQS uzilishi tushunchasi yo‘qoladi, ya’ni mahsulot ishlab chiqaruvchi (etkazib beruvchi) QQS to‘lovchi bo‘lganda QQS summasi mahsulot tannarxiga kiritilmaydi va soliqdan soliq olish bartaraf etiladi. Bu qulaylik, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlaridagi buxgalterlar ishini yengillashtirishga, soddalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, albatta.

Umuman olganda, yangi soliq konsepsiyasida mana shunday ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilib, nafaqat tadbirkorlar, balki oddiy fuqarolarimiz uchun ham juda katta qulaylikldar yaratilmoqda. Maqsad mamlakatning iqtisodiy taraqqiy etishida muhim o‘ringa ega bo‘lgan soliq tizimini ko‘pchilikning fikri, taklif-tavsiyalarini o‘rgangan holda zamonga moslashtirish, soliqqa tortish sohasida tadbirkorlar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan turli kamchiliklarni bartaraf etishdan iboratdir. Shu ma’noda biz O‘zLiDeP vakillari ushbu tashabbusni to‘la qo‘llab-qo‘vvatlaymiz va uni maromiga yetkazib qabul qilinishida aniq takliflarimizni beramiz.

Mazkur konsepsiyada bizni mulohazaga chorlagan jihatlar ham yo‘q emas, albatta. Xususan, unda tadbirkorlik sub’ektlarining shu jumladan oilaviy va xususiy korxonalarning samarasiz tashkiliy-huquqiy shakllarini bekor qilish masalasi ilgari surilmoqda. Bugun davlatimiz rahbari tomonidan aholini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgan  bir paytda mazkur taklif qanchalik o‘zini oqlaydi? Zero, aholi bandligini ta’minlashda tadbirkorlikning ayniqsa uning oilaviy shakli alohida o‘ringa ega.

Birgina partiyamiz tomonidan o‘tgan yillar mobaynida hayotga tadbiq etilgan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasi doirasida qanchadan-qancha yoshlar va ayollar partiya ko‘magi va yordami bilan bankdan kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydilar.

Jahon tajribasida ham biznesning ushbu ko‘rinishi faol qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari ichida yetakchilaridan sanalgan Germaniyada kichik va o‘rta firmalarning 95 foizini aynan oilaviy tadbirkorlar tashkil etadi. Bunday firmalar ko‘pincha avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tadi, hatto ayrimlari yirik transmilliy korporatsiyalar darajasiga yetgan. Misol uchun ko‘pchiligimiz eshitgan, “Class”, “Knauf” yoki “Herrenknecht” kompaniyalarini ana shundan korxonalar sirasiga kiradi. Biznesga bunday mas’uliyatli munosabat kompaniyalarning raqobatga chidamliligini oshiradi. Mutaxassislarning fikricha, bu holat 2009-2011 yillardagi inqiroz paytida juda yaxshi ko‘zga tashlandi va aynan  oilaviy korxonalar Germaniyaning boshqa korxonalariga qaraganda ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshiroq holatda saqlab qoldilar.

Internet saytlarida e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili Italiya iqtisodiyotida oilaviy kompaniyalarning ulushi 90, Germaniyada 85, Ispaniyada 70 va Shvetsariyada esa 60 foizni tashkil qilgan.

Shu bois bugun partiyamizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ushbu taklifga ko‘pchilik maslakdoshlarimiz tomonidan turli-tuman fikrlar bildirilmoqda. Ushbu fikrlarning aksariyati oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, unga yanada ko‘proq qulayliklar yaratishni yoqlanmoqda. Biz ham ya’ni partiyamiz va uning Oliy Majlis qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda mahalliy kengash deputatlari mazkur masala yuzasidan takliflar ishlab chiqishimiz zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi soliq konsepsiyasini miromiga yetkazib qabul qilinishida, unda tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlarini aniq aks ettirish uchun barchamiz birdek faol bo‘lishimiz talab etilai.

Furqat QALANDAROV,

Xalq deputatlari Toshkent 

shahar Kengashi deputati, O‘zLiDeP

Bektemir tumani Kengashi raisi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1430
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Тохир Рахимов2018-04-18 15:25:39

Минг рахмат сизларга юртбошимиз сог булсинлар Сизлар хам куп яшанглар ишиларга омад биз хар доим сизлар билан.


Fikringizni qoldiring

+