Mutasaddilar munosabati qachon o‘zgaradi?

18.05.2018, 15:52

Mutasaddilar munosabati  qachon o‘zgaradi?

Qashqadaryodagi uchta kichik sanoat zonasidagi loyihalar amalga  oshirilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 iyuldagi “Davlat mulki ob’ektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qashqadaryoda 3 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Mazkur hujjatdan kelib chiqilgan holda tadbirkorlik sub’ektlariga yangi korxonalar barpo etish uchun 64 ming 300 kvadrat metr yer uchastkalari ajratilib, 216 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kerak edi. Xo‘sh, belgilangan rejalar qay darajada amalga oshdi? Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining nav­batdagi yig‘ilishida ana shu asosiy savolga javob izlandi. Majlisda sanoat zonalarida bajarilayotgan ishlar yuzasidan shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlarining hisobotlari tinglanib, amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar batafsil tahlil etildi.

Qarshi shahar hokimining 2014 yil 21 noyabrdagi qaroriga asosan Qarshi-Beshkent yo‘lining 1-kilometrida joylashgan  kichik sanoat zonasidagi 12 ta tadbirkorlik sub’ektiga 2,4 gektar yer maydoni ajratib berilgan. 12 ta korxonaning loyiha bo‘yicha  qiymati 2,8 milliard so‘m bo‘lib, shundan 1,5 milliard so‘mi tadbirkorlarning o‘z mablag‘i, 1,3 milliard so‘mi tijorat banklarining kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi va 78 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan edi. Ayni paytgacha, ya’ni oradan to‘rt yil o‘tib, 6 ta loyiha amalga oshirilgan, 46 fuqaro bandligi ta’minlangan.  Qolgan 6 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 1 239 million so‘m mablag‘ hisobiga yangi loyihalar amalga oshirilganda, yana 32 yigit-qizning bandligi ta’minlangan bo‘lardi. Tadbirkorlarning aytishlaricha, qaror chiqqanidan buyon ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, KSZ tashqi muhandislik kommunikatsiyalari bilan to‘liq ta’minlanmagan, kirish yo‘llari yaroqsiz bo‘lib yotibdi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bunyod qilish ishlari o‘lda-jo‘lda. Qarshi shahar hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonasini boshqarish yagona direksiyasi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi, “Suvoqava” korxonasi va “O‘ztransgaz” AK Qashqadaryo viloyat hududiy gaz ta’minoti idoralariga allaqachon rasman murojaat etgan bo‘lsa-da, hali-hanuz amaliy ishlar ko‘zga tashlanmayapti. Sanoat zonasiga o‘rnatilgan transformatorning quvvati yetarli emasligi bois tadbirkorlar boshqa tarmoqlarga vaqtinchalik ulangan holda ishlayaptilar. Kuchliroq transformator o‘rnatish yuzasidan “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJga shu yilning 16 mart kuni murojaat etilgan. Nahotki, mutasaddilar ushbu muammodan shu paytgacha bexabar edi?       

Nishon tuman  hokimining 2014 yil 21 noyabrdagi tegishli qaroriga asosan 7 ta tadbirkorlik sub’ektiga sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalari tashkil etish uchun yer uchastkalari ajratilgan. “Uchqun” xususiy firmasi  tomonidan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, alyumin eshik-romlar, polietilen mahsulotlari va bruschatka ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yi­lishi kerak. Qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsa-da, polietilen ishlab chiqaradigan uskunalar hali keltirilgani yo‘q.

Sanoat zonasida bo‘lganimizda ishlab chiqarish emas, negadir xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etishga ko‘proq e’tibor qaratilganining guvohi bo‘ldik.  Tadbirkor Olim Qo‘ziyevning izoh berishicha, 150 million bank krediti va 320 million o‘z mab­lag‘i evaziga yuqorida tilga olingan loyihalarni ishga tushirib, 21 nafar yoshni ish bilan ta’minlamoqchi. Ammo bo‘m-bo‘sh binolarni ko‘rib, bu yerda yaqin orada ishlab chiqarish boshlanishiga umid yo‘q.

 “Xolov Azamat”  MChJ raisi Azamat Xolov bilan suhbatlashganimizda, 2017 yil fevral oyidan buyon faoliyat olib borayotganini, 5 kishini ish bilan ta’minlaganini bildirdi. Asosan shlakoblok ishlab chiqarishayotgan ekan. Loyihaga kiritilgan bo‘lsa-da,  tadbirkor bir yarim yildan buyon tuman hokimining qarorini ololmay sarson bo‘lib yurganidan keyin nihoyat partiyamizdan saylangan deputatga murojaat qiladi. Xalq vakillari mavjud  kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqishib, kichik sanoat zonasi direksiyasiga ma’lum qilganlaridan keyingina unga tuman hokimining qarorini keltirib berishibdi.

Dunyoning ishlari qiziq: ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor qarorni yillab ololmaydi, qo‘lida hujjat borlari esa hali mahsulot tayyorlash haqida  o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q. 

 Shahrisabz tumanidagi kichik sanoat zonasida 9 tadbirkorlik sub’ekti tomonidan loyihalar amalga tatbiq qilinishi kerak edi. 6 ishbilarmon  tomonidan  1 935 million so‘m investitsiya kiritilgan bo‘lib, 70 nafar yosh bandligi ta’minlangan. “Kesh Aziya Miks” MChJ tomonidan
2 000 kvadrat metr maydonda  qurilish ishlari yakunlangan va texnologik uskunalar keltirilgan bo‘lsa-da, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan emas. Yana ikki tadbirkorlik sub’ektida xuddi shunday ishlar amalga oshirilgan.  Biroq texnologik uskunalar keltirib o‘rnatilmagan.  Xususiy sektor vakillari bilan muloqot qilganimizda kirish yo‘li va yo‘l lotoklarini ta’mirlash to‘xtab turgani ishlab chiqarishga to‘sqinlik qilayotganini qayd etdilar.

Sanoatni rivojlantirishdek muhim ishga panja orasidan qaralayotgani achinarli. Ushbu jiddiy masala yig‘ilishlarda bir necha bor muhokama etildi. Tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, mutasaddilarga yetkazildi. Biroq ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmayapti. Loyihalar amalga oshganda 200 dan ortiq yigit-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lardi. Bandlik masalasi ham dolzarb bo‘lib turgan paytda nahotki hech kim bu haqda qayg‘urishni istamasa? Qisqasi, viloyatda Prezident qarorining ijrosi to‘liq ta’minlanmayapti.

Deputatlik guruhi yig‘ilishida kichik sanoat zonalarida elektr, tabiiy gaz, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlarga banklardan moliyaviy ko‘mak ajratish va zarur texnologiyalar keltirilishida yordam berish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Viloyatdagi sanoat zonalari faoliyati deputatlik guruhi a’zolari tomonidan yanada chuqur o‘rganilib, tanqidiy-tahlil etilib, bu borada xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasiga masala kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Balki, ana shunda qarorda belgilangan vazifalar bajarilishiga jiddiyroq e’tibor qaratilar?!

Sarvar BEKMURODOV,

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat

Kengashining deputatlik guruhlari

bilan ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1259
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Е.Даулетмуратов-Шуманай тумани Кенгаши депутатлик гуруҳ раҳбари 2018-05-19 10:40:05

Мухтарам президентимиз олиб бораётган сиёсатни куллаб - кувватлашимиз ва юртбошимиз билан елкама-елка харакат килишимиз лозим. Юртимизнинг ривожланиши учун хаммамиз маьсулият билан ёндашишимиз керак. халқ депутатлари вилоят Кенгашининг навбатдаги сессиясига масала киритиш бўйича қарор уринли булган ва сессиядан сунг ишлар фаоллашишига умид киламиз


Сарвиноз Маматова Хатирчи тумани ижрочи котиби2018-05-19 09:14:57

Саноат зоналаридан ташқари туманнинг ижтимоий иқтисодий ривожлантириш лойихаларини вақтида ишга туширилишини хам ўрганиб боришни мақсад қилиб олдик


Q.Eshqorayeva-Navoiy viloyati Uchquduq tuman ijrochi kotib2018-05-19 08:34:48

Mutasaddilarning belgilangan topshiriqlarni belgilangan muddatda ma'suliyat bilan faoliyat olib borishi yuksak yutuqlarga erishishda asos bo'ladi. Sustkashlik yomon illat. Bundan voz kechish vaqti keldi.


Набижон Артиков Каттақўрғон шахар Кенгаши аппарат рахбари2018-05-18 21:59:56

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2014 йил 3 июлдаги “Давлат мулки объектларини кичик бизнес ва хусусий тадбиркорлик субъектларига сотиш борасидаги қўшимча чора-тадбирлари тўғрисида”ги қарорига асосан Қашқадарёда 3 та кичик саноат зонаси Президентимиз кичик бизнес субъектлари ва хусусий тадбиркорлар учун имкониятлар яратилишидан барчамиз унумли фойдаланишимиз керак.


O‘zLiDeP Касби туман Кенгаши депутатлик гуруҳи ижрочи котиби Х. Абдиев2018-05-18 18:33:00

Саноатни ривожлантиришда ижобий ўзгаришлар жуда кам. Лойиҳалар амалга ошганда 200 дан ортиқ йигит-қизлар учун янги иш ўринлари яратилган бўлиб, ишсизлар сони қисман бўлсада пасаярди. Раҳбарлар томонидан юқорида қайд этилган маълумотларни тезроқ ижобий хал этишса иқтисодий ўсишга эришилади.


О.Атақулов-Навбаҳор тумани2018-05-18 18:15:41

Кичик саноат зонасидаги лойиҳалар амалга оширилишидаги камчиликлар ҳар томонлама ўзининг салбий таъсирини кўрсатади. Шундай экан, юқорида айтиб ўтилган камчиликлар бартараф этилиб, бундан тўғри хулоса қилиниши керак.


Бахром Эшмуродов Камаши туман Кенгаши депутати2018-05-18 18:15:34

Мухтарам президентимиз олиб бораётган одилона сиёсатини куллаб - кувватлашимиз ва юртбошимиз билан елкама-елка харакат килишимиз лозим.Юртимизнинг ривожланиши учун хаммамиз маьсулият билан ёндашишимиз керак.


Халқ депутатлари Миришкор туман Кенгаши депутати Ш.Мустафоев2018-05-18 18:14:40

Айрим мутасадди ташкилот раҳбарларининг кичик саноат зонаси бўйича лойиҳаларни амалга оширилишида ўз ишига маъсулятсизликка йўл қўяётганлиги кўплаб тадбиркорларнинг ранжитаётгани дилларни хира қилади


Жиззах вилояти Янгиобод туман Кенгаши раиси У.Бекмуродов 2018-05-18 18:06:08

Давлатимиз ривожланишида кичик саноат зоналарида саноат ривожи муҳим ўрин тутади.Мутасадди рахбарлар кичик бизнес субъектлари ва хусусий тадбиркорлар тўлиқ фаолият олиб боришларига тўсқинлик қилаётган муаммоларни ўз вақтида бартараф қилишса, янги иш ўринлари яратилиб, иқтисодий ўсишга эришилади.


O‘zLiDeP Касби туман Кенгаши раиси Н. Худойбердиев2018-05-18 17:58:09

Айрим мутасадди ташкилотларнинг ўз ишига маъсулятсизлик билан ёндошиши одамни ранжитади. Давлатимиз рахбари Тадбиркорларни қўллаб қувватлаш, уларга ёрдам бериш, уларнинг фаолиятига тўсиқ бўлаётган муаммоларни хал қилиш борасида жуда кўплаб чора-тадбирларни ишлаб чиқмоқда. Саноатни ривожлантиришдек муҳим ишга панжа орасидан қаралаётгани ачинарли.


Fikringizni qoldiring

+