Tomorqa xazina, undan samarali foydalanish kerak!

18.09.2017, 18:43

Tomorqa xazina, undan samarali foydalanish kerak!

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “O‘zLiDeP boshlang‘ich partiya tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi respublikamizning barcha hududlardagi mahallalarda samarali tashkil qilinyapti va ijobiy natijalarga erishilmoqda.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan tashkil qilingan uchrashuvlarda mahalliy kengash deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari xonadonma-xonadon yurishib, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, o‘zaro tajriba almashishda  yaqindan ko‘maklashmoqda.

Ayni chog‘da viloyat kengashi qoshida 982 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti bo‘lib, 23 ming nafar partiya a’zolarini o‘z saflarida birlashtirgan. Hozirga qadar deputatlar, BPT yetakchilari va partiya faollari 10 mingdan ortiq xonadonlarga kirishib, odamlarning turmush sharoiti, ijtimoiy-ma’naviy muhit, oila budjeti va tomorqadan foydalanish holatlarini sinchiklab o‘rgandilar.

Tomorqasini gullatgan inson turmushini ham gullatib, hayotini bahordek yashnatib, shodu xurram bilan umrguzaronlik qilayapti. Bunday xonadonlarda muammolar emas, yangi-yangi g‘oyalar dunyoga kelayapti. Mirishkor tumanida To‘ra bobo Nusratov degan mehnat faxriysi istiqomat qiladi. Keksalikni bo‘yniga olmagan, tunu kun yangiliklar yaratishdan charchamaydigan, tashabbuskor bu inson keksa bo‘lishiga qaramay, ayrim dangasa yoshlarga ibrat bo‘lmoqda. Partiya faollari bu xonadonga tashrif buyurib, ajoyib manzaraning guvohi bo‘ldilar.

Otaxonning 16 sotix tomorqasi bor. Erta bahordan qora qishgacha  bir qarich bo‘sh yerni ko‘rmaysiz. Nafaqat otaxon, balki oila a’zolari ham tunu-kun tomorqada. Xonadonda chorva ham, parranda ham bor. Ziroatchilikning barcha sirlaridan boxabar oila a’zolari bilan suhbat qilsangiz, dehqonchilik qilish istagi paydo bo‘ladi sizda. Bular topayotgan mablag‘ kichikroq fermer xo‘jaligining daromadidan ortiq bo‘lsa bor, kam emas. Yaqin atrofdagi qishloqlar aholisi tez-tez kelib, otaxon va oila a’zolaridan dehqonchilikning sir-asrorlarini o‘rganib ketishayapti.

–Har yili 8 sotix maydonda eng sara sarimsoq piyoz ekilib, 1-1,5 tonna hosil ko‘taramiz, – deydi otaxon. – Sarimsoqpiyozning nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham sevib iste’mol qilishadi. Bugun yurtdoshlarimiz uchun dunyo bozorlari eshiklari ochildi. Shu bois bobo mahsulotini endilikda xorijga, valyutaga sotmoqchi bo‘layapti. Bugun sarimsoqpiyoz ekadigan palla. Yerni sifatli tayyorlab, yaxshi urug‘ tanlab, sentabr tugamasdan  ekib bo‘lsangiz, mo‘may daromad sizniki. Sovuq kunlar boshlangunga qadar bir-ikki sug‘orib, begona o‘tlardan tozalab qo‘ysangiz bo‘ldi. Qor tagida ham u kuch olib, rivojlanaveradi. Bahorda ham uch marta sug‘oriladi va yengil ishlov beriladi. May oyida hosil tayyor bo‘ladi. Sarimsoqpiyozni yig‘ishtirib olgach, yana ikki marotaba ekin ekishingiz mumkin.

G‘uzor tumanidagi Sovbog‘ MFY BPT tashabbusi bilan “Xosiyatli” fermer xo‘jaligi raisi Xayrulla Sherqulov homiyligida to‘rtta xonadonga limon ko‘chati olib berildi. Shuningdek, fermer hududdagi beshta qishloqda yashovchi 21 nafar kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini sunnat to‘ylarini o‘tkazib berdi.  

– Otam Xudoyberdi bobo butun umr maktablarga direktor bo‘lib ishlab, umrlarini tumanimizda archa, yong‘oq, tok va tut ko‘chatlarini yetishtirish va bog‘-rog‘lar yaratish ishiga baxshida etdilar, – deydi Yakkabog‘ tumanidagi Chubron qishlog‘ida yashovchi o‘qituvchi Shokir Yarashev. – Otamning tashabbusi bilan  qishlog‘imizda ilk bor o‘z tomorqamizda 5 sotix maydonda to‘t ko‘chati ekib, suvni sotib olib, chelaklab sug‘orib ko‘kartirganmiz. Shu mahalgacha odamlarning xonadonlarida birorta ham daraxt yo‘q edi. Ko‘karmaydi deb ekishmasdi.  Daraxtlarni har yili ikki marta sel suvlari bilan sug‘orib olardik. Hozir har bir xonadonda daraxt bor. Hamqishloqlarimiz partiya tashabbusiga labbay deb javob bergancha, xonadonlarida yong‘oq ko‘chati ekishni boshlab yuborishdi. Hozir ayni payti. Bir-ikki suvlasangiz tutib ketadi. Har bir xonadon sohibi 10 tadan yong‘oq ko‘chati ekayapti. Bir-ikki yildan so‘ng bu daraxtlardan yaxshigina daromad topishadi. Tomorqadan unumli foydalanishning yana bir foydali tomoni, oilangizning har bir a’zosi foydali mehnat bilan band bo‘ladi. Ular o‘z mehnatlari bilan mo‘‘jiza yaratishib, inson baxti, farovon turmushi mehnatda ekanligini teranroq anglaydi.

Koson tumanidagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari faollari mingdan ortiq xonadonda bo‘lishib, tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish borasida amaliy maslahat va tavsiyalar berdilar. Quyibog‘ MFY, Po‘lati QFY, “Kapital invest” BPTlar faollari Nargiza Sayimova, Obid Muhammadiyev, Xo‘jamberdi Mahmanazarov, Sevara Husanova va Jahongir Bobosharipovlar oilalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘rganishib, ularga ekish uchun daraxt ko‘chatlari, o‘z kuchi bilan issiqxona tashkil etganlarga esa limon va boshqa sitrus mevalar ko‘chatlarini olib berishdi.

–Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xonadonlarning imkoniyatlari ham to‘liq o‘rganilib, tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanishda aholiga moliyaviy va boshqa amaliy yordam ko‘rsatilayotganligi xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlashda yaqindan yordam berayapti, –deydi  O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi tashkiliy-partiyaviy ishlar bo‘limi mudiri Muhiddin Hamroyev. –Tomorqasi borning-barakasi bor, – deydi donishmandlarimiz, undan samarali foydalanish har birimiz farovonligimiz manbaidir. Ammo buni ayrim vohadoshlarimiz haligacha anglab yetganlari yo‘q. Shunday holat bo‘layaptiki, biz ayrim oilalarga faollarimiz bilan borib, urug‘ olib, tomorqalariga ekib berayapmiz. Negaki, eng asosiy maqsadimiz ham xalqni tadbirkor qilish, odamlarni turmush farovonligini ta’minlashdan iborat. Ularning ezgu tashabbuslarini targ‘ib qilish ham mazkur loyihaning maqsad vazifalaridan biri sanaladi. 

Darhaqiqat, tomorqani rivojlantirish odamlarning turmush darajasini oshiribgina qolmasdan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni mehnatga o‘rgatadi. Xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Eng muhimi, bozor iqtisodi sharotida oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligiga erishilib, dasturxonlar to‘kinligiga xizmat qiladi.

  O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    2125
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

O‘zLiDeP Бухоро туман Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари-аппарат раҳбари Саттор Бафоев2019-04-03 16:45:00

Жорий йилнинг 29-30 март кунлари Президентимизнинг Бухорога ташрифида белгилаб берган топшириқларни бажаришга ситқи дилдан ҳаракат қиламиз.


Ташанов Яздон Самарқанд вилояти Каттақўрғон туман Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари аппарат раҳбари2019-04-03 14:12:00

Президентимизнинг Бухорога ташрифи чоғида белгилаб берган вазифалари биргина Бухоро вилояти учун эмас балки барча вилоятлар учун берилган топшириқлар деб қабул қилишимиз керак.


Fikringizni qoldiring

+