O‘zbekistonda yana bir “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi

16.07.2018, 18:06

O‘zbekistonda yana bir “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 iyulda “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, investitsiya muhitini yaxshilash sohasida olib borilayotgan islohotlarning strategik maqsadi 2022 yilgacha Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratish etib belgilandi.

Qaror bilan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

O‘zbekistonning o‘rnini asoslash bo‘yicha jahon banki ekspertlari va “Biznes yuritish” jamoasi bilan muzokaralar o‘tkazish uchun ishchi guruh har yili Vashington shahriga yuboriladi.

Shuningdek, tegishli davlat organlari va tashkilotlari Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda har yili fevral-mart oylarida “Biznes yuritish” hisobotini tayyorlash doirasida Jahon banki ekspertlari tomonidan yuboriladigan savolnomalarni to‘ldirib boradi.

Savdo-sanoat palatasiga amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini hamda “Biznes yuritish” hisoboti yo‘nalishlari yuzasidan qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini xolisona baholash uchun har yili tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida, shu jumladan, ularning murojaatlarini qabul qilish, qayta ishlash, ko‘rib chiqish va takliflarini muhokama qilish bo‘yicha maxsus portal orqali so‘rovlar o‘tkazish vazifasi yuklandi.

Tabiiyki, mazkur qarorda belgilangan vazifalar asosiy elektorati tadbirkorlar qatlami bo‘lgan O‘zLiDeP zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Ya’ni avvalo, har tomonlama puxta o‘ylangan, keng ko‘lamli qarorni hayotga joriy etishda faol bo‘lishimiz kerak. Ushbu qaror mohiyat e’tibori bilan iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng muhimi, Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilganidek, xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy va amaliy jihatdan ustuvor rolini ta’minlashga qaratilgan. 

Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qaror, farmon va qonunlar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatish, tabirkorlarning har bir murojaatini e’tibordan chetda qoldirmasdan ularni ijobiy hal etish masalasiga qat’iyat bilan yondashishimiz lozim. Ana shundagina mamlakatimizda eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamjamiyatda mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirish, hududlarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shamiz. Zero, O‘zLiDeP tadbirkorlar erkinliklarini ta’minlash uchun iqtisodiy, tashkiliy, huquqiy sharoit va kafolatlar yaratilishi, mazkur qatlam faoliyatining har tomonlama rag‘batlantirilishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi mavjud to‘siqlarning bartaraf etilishi tarafdoridir.

Zafar KARIMOV,

Samarqand viloyat Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi,

“Savdogar” ATB Samarqand

filiali boshqaruvchisi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1064
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Yazdon Toshonov O'zLiDeP Kattaqurg'on tuman Kengashi raisining birinchi o'rinbosari ,apparat rahbari.2018-07-17 02:18:56

Bu qarorni hayotga tatbiq qilinishi tatbirkorlarimiz uchun keng imkoniyatlarni ochishga samarali ta'sir ko'rsatadi.


Холмат Тўраев Жиззах вилояти2018-07-16 18:31:07

Жойларда тадбиркорликни ривожлантиришга қаратилган қарор, фармон ва қонунлар ижроси устидан самарали депутатлик назоратини ўрнатиш, табиркорларнинг ҳар бир мурожаатини эътибордан четда қолдирмасдан уларни ижобий ҳал этиш масаласига қатъият билан ёндашишимиз лозим.


Fikringizni qoldiring

+