Endi u paytlar o‘tdi...

27.07.2017, 20:42

Endi u paytlar o‘tdi...

Prezidentimizning shu yil 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida “bugungi kunda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘rtta siyosiy partiyaga rasman jami bo‘lib 1 mil. 150 mingga yaqin fuqaro a’zo. Savol tug‘iladi: ularning qanchasi partiyaning g‘oyasi, maqsad va vazifalarini chin yurakdan his qiladi va shu g‘oyani amalga oshirish uchun kurashga tayyor?” degan haqli savolni qo‘ygan edilar.

Darhaqiqat, a’zolik masalasida son ortidan quvib, sifat to‘g‘risida unutib qo‘ygan edik. Tan olish kerak, yo‘l-yo‘lakay, shunchaki partiya nomi va maqsadini aytib, yangi a’zolarni taklif qilgan paytlarimiz ham bo‘lgan.

Endi u paytlar o‘tdi. Bugun har bir partiya faoliga, ayniqsa aholi bilan bevosita ishlaydigan quyi bo‘g‘inlarga katta talab qo‘yilmoqdaki, fuqarolar partiyaga a’zo bo‘lishni ongli ravishda, qiziqqan, tushungan holda tanlasin va uning faoliyatida faol ishtirok etsin.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasidagi boshlang‘ich partiya tashkilotida Prezidentimizning “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma’ruzasidan kelib chiquvchi galdagi vazifalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishida shu masalalar qizg‘in muhokama qilindi.

Bahodir Tagayev, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasidagi Siyosiy ta’lim markazi rahbari:

— Aholini partiya faoliyatiga qiziqtirish uchun avvalo ularni tinglashimiz, bevosita muloqot qilishimiz kerak. Ayniqsa, BPTga kelib tushadigan murojaatlar bilan ishlash tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak.  Murojaatlarni hal etishda partiyaning asosiy vositalari: deputatlar va matbuot kuchidan to‘g‘ri foydalanish, bu bo‘yicha barcha faollarda ko‘nikma va malakani yanada mustahkamlash zarur.

Nilufar Xotamova, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi:

— Targ‘ibot tadbirlarni yangi usulda amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bunda aholining har bir qatlamiga alohida yondashuv, auditoriya bilan ishlashda zamonaviy metodlardan foydalanish talab etiladi. Buning uchun quyi bo‘g‘inlardagi faollarni maxsus dastur asosida samarali o‘qitish kerak. Zero, boshlang‘ich tashkilot Partiyaning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi.

Munozarada so‘z olgan BPT a’zolari boshlang‘ich tashkilot ish rejasini yanada takomillashtirish, hamkor tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tishdi.

Yig‘ilish yakunida boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari uchun aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini o‘rgatishga qaratilgan maxsus o‘quv tashkil etishga kelishib olindi.

Sayyora Asranova,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasidagi

boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    1122
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+