Adolat izlab sarson-sargardon bo‘lib yurgan odamlarning muammolariga yechim topilmoqda (+Video)

07.07.2017, 20:46

Adolat izlab sarson-sargardon bo‘lib yurgan odamlarning muammolariga yechim topilmoqda (+Video)

Bugun o‘zaro suhbatlarda, uchrashuv va muloqotlarda “endi xalqning orasiga kirib borishimiz, eng avvalo, chekka qishloqlar, tuman yoki viloyat rahbarlari qadami yetmagan hududlargacha kirib borish kerak” degan da’vat tez-tez aytilmoqda. Nega deganda bu kabi muloqotlarda oylab, yillab adolat izlab sarson-sargardon bo‘lib yurgan odamlarning muammolariga yechim topilmoqda.

Bu haqda gapirganda O‘zLiDePning markaziy va hududiy tashkilotlari tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da eng chekka hududlar aholisi dardu-tashvishi alohida e’tiborda” shiori ostida tashkil etib kelinapyotgan ochiq muloqotlarni alohida ta’kidlash joiz.

Yaqinda O‘zLiDePning Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan sayyor uchrashuvning navbatdagisi Beshariq tumanidagi Qashqar-qishloq MFYda bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni tuman hokimi o‘rinbosari A.Abduraxmonov ochib, ushbu tadbir shunchaki qog‘ozbozlik, hisobot uchun o‘tkazilmayotgani, bundan ko‘zlangan maqsad avvalo, odamlarning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini yechish uchun amaliy ko‘mak berishimiz kerak,  deya  fuqarolarni faolroq bo‘lishga chorladi.

Tuman rahbarining so‘zlaridan quvonib ketgan Yangi Qashqar qishlog‘ida  yashovchi Xaydarali Usmonov dast o‘rnidan turib o‘z muammolari haqida gapira ketdi. Qishloqda tabiy gazning past bosimli paytida 11 oilada hisoblagichlarni ishlamayotganligi natijasida gaz nazoratchilari gaz hisoblagichlarini ishlamayapti deb jarimaga tortayotgani, bundan esa fuqarolar jabr ko‘rayotganligini aytdi. 

X.Usmonovning muammosi shu joyning o‘zida hal etildi. “Vodiygazta’minot” UK Beshariq bo‘limi rahbari M.Mirzayev ushbu masalani darhol shu xudud nazoratchisini chaqirtirib, joyida aniqlik kiritishni o‘z zimmasiga oldi.

– Ochig‘i, muammom bu darajada tez hal bo‘ladi, deb o‘ylamagandim, – deydi X.Usmonov. – Hozir judayam xursandman, hattoki quvonchim ichimga sig‘mayapti. Nega deganda muloqot davomida birgina meni emas, balki ko‘plab fuqarolarning muammolari hal etildi, o‘z yechimini topdi. Ochig‘i bundan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.

Yuqori Qashqar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Isog‘ali Tojiyev anchadan buyon qishloq aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligini, bu bo‘yicha bir necha marotaba tegishli joylarga murojaat qilgani, biroq bugunga qadar biror tashkilot yoki idoradan yordam berilmaganini aytdi. Uning murojaatiga javoban tuman suvoqava ishlab chiqarish korxonasi boshlig‘i A.Boratov mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgandan yaqin kunlar ichida yangilik bo‘lishiga va’da berdi.

Bugun har bir fuqaroning o‘ziga yarasha muammosi, tashvishi bor. Masalan, fuqaro Zilola Po‘latova ham anchadan buyon hududni suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlashda uzilishlar bo‘lishidan qiynalib kelmoqda. Hayriyat muloqotda ushbu masala yuzasidan murojaat qilgan Zilola opaning muammosi shu yerning o‘zida yechim topdi. “Vodiygaztaminot” Beshariq tuman bo‘limi boshlig‘i M.Mirzayev ushbu masalani o‘z zimmasiga oldi.

– Odamlar bilan yuzma-yuz, ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yilgani mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf qilishda qo‘l kelmoqda, – deydi O`zLiDeP viloyat  Kengashi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojatlari bilan ishlash” bo‘limi mudiri M.Maxametova. – Nega deganda muloqotlar davomida chekka, olis qishloqlarda yashovchi, markazlarga borishga imkoni, sharoiti bo‘lmagan yurtdoshlarimiz o‘z muammolariga, savollariga yechim topilmoqda. E’tiborli tomoni, sayyor qabul davomida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etilishiga erishilayapti.

Muloqotda ishtirokchilar tomonidan kelib tushgan murojaatlar tuman va shahar hokimlari, mutasaddi idora rahbarlari ishtirokida shu yerning o‘zidayoq o‘rganib chiqilib, aksariyati joyida hal etildi. Bir qator yechimtalab murojaatlar viloyat, tuman deputatlari tomonidan deputatlik so‘rovi yuborish uchun yozib olindi. 

Salohiddin ISOMIDDINOV,

O‘zLiDeP faoli

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1519
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+