O‘zLiDeP tashabbusi bilan tashkil etilgan respublika konferensiyasida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi

30.04.2019, 18:29

O‘zLiDeP tashabbusi bilan tashkil etilgan respublika konferensiyasida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 30 aprel kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida “Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, logistika hamda eksportini tashkil qilishning  dolzarb vazifa  va istiqbollari” mavzuida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Konferensiyada Qishloq xo‘jaligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, olimlar, tadqiqotchi-izlanuvchilar, fermerlar, agroklasterlar, xususiy korxonalar, tadbirkorlar hamda nodavlat -notijorat tashkilotlar, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida hamda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish, shu jumladan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, chuqur qayta ishlash, logistika  va eksportini rivojlantirish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishda mavjud ilmiy va amaliy imkoniyatlarni keng jalb etish orqali taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.

Ta’kidlanganidek, iqtisodiyotimizning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan meva-sabzavotchilik yurtimizda xususiy sektor rivojlanishining to‘rt asosiy yo‘nalishidan birini tashkil etadi. Bu borada meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlashda innovatsion va intensiv texnologiyalarni keng joriy qilinayotganligi mahsulot hajmini oshirishda yuqori natija bermoqda. Shu sababli, eksportbop meva va uzum mahsulotlari yetishtirish uchun tog‘, tog‘oldi, adirlik va lalmi yerlar o‘zlashtirilib, intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilyapti, ularni tomchilatib sug‘orish usulida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Intensiv va innovatsion qishloq xo‘jaligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli choralar amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 44 ming gektar intensiv bog‘lar, 2,5 ming gektar yong‘oqzorlar tashkil etildi.

Joriy yilda qariyb 20 mingga yaqin fermer xo‘jaliklarida 21 mingdan ziyod loyihalar amalga oshirilishi, ularda qo‘shimcha ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 6,4 ming gektar maydonda intensiv bog‘, 4,7 ming gektar maydonda yangi tokzor va 950 gektar yer maydonida issiqxonalar barpo etiladi. Bu borada keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari bu kabi ijobiy ishlar bilan bir qatorda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish borasida jiddiy kamchiliklar borligi ko‘zga tashlanayotganligini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra mamlakatimizda har yili 20 million tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilib, atigi uchdan bir qismigina eksport qilinmoqda xolos. Ushbu yetishtirilgan mahsulotning aksariyati chuqur qayta ishlanmasdan qolmoqda. Bu esa meva-sabzavotchilikda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish vazifasiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatadi.

Tadbir ishtirokchilari sho‘‘balarga bo‘lingan holda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, logistika va eksportini yanada rivojlantirish, shuningdek mahsulotlarni sertifikatlash, yangi standartlar, innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, ayniqsa sohani yanada taraqqiy ettirish borasida muhokamalar olib borishdi, bu borada bir qator jiddiy fikr-mulohazalar, aniq takliflar bildirib o‘tishdi.

Konferensiyada qishloq xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va chetga sotish jarayonlarining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishda sohaga aloqador barcha vazirlik va tashkilotlar hamkorlikda faol ishtirok etishi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida klasterlarni tashkil qilishni har tomonlama rag‘batlantirish, xorijiy tajribalarni chuqur o‘rgangan holda agrar tadbirkorlikning ilg‘or shakllarini joriy etish, qishloq xo‘jaligida axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarini yanada keng qo‘llash, organik mahsulotlarni yetishtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, “aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihalarini amalga oshirish, bu borada fermer va tadbirkorlar ko‘nikma va bilimlari darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ish tashkil etilishi belgilab olindi.

Konferensiya yakunida hamkor tashkilotlar o‘rtasida muhokama qilingan masalalar, o‘zaro bildirilgan takliflarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashga qaratilgan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum tuzishga kelishildi.

Konferensiya ishtirokchilarining bildirgan aniq taklif va mulohazalari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar meva-sabzavotchilik sohasini yanada takomillashtirish va rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilish hamda eksportni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

  • Ko'rildi
    192
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Даврон Темиров O‘zLiDePБўка туман Кенгаши ижрочи котиби2019-05-01 16:00:05

Мамлакатимизда ҳар йили 20 миллион тоннадан зиёд мева-сабзавот маҳсулотлари етиштирилиб, атиги учдан бир қисмигина экспорт қилиниши ҳали бу соҳада жуда катта камчиликларимиз ва шу билан бирга имкониятларимиз борлигини кўрсатади. Бунинг учун етиштирилган маҳсулотларимизни бозор талабига мослаштиришимиз, қайта ишлаш, қадоқлаш , сифатли сақлашни сифатини оширишимз зарур. Бу ҳол мева-сабзавотчилик соҳасини янада такомиллаштириш ва ривожлантириш, инновацион технологияларни кенг жалб қилиш ҳамда экспортни рағбатлантиришга хизмат қилади.


Fikringizni qoldiring

+