Subvensiyadan chiqarish yangi loyihalarni talab etadi

18.12.2017, 18:53

Subvensiyadan chiqarish yangi loyihalarni talab etadi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Iqtisodchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahalliy budjetlarning daromad qismini oshirish va subvensiyadan chiqarishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati   tashkil etilgan edi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatisi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari, Vazirliklar, tadbirkor va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda viloyatni tuman va shaharlarini subvensiya  chiqarish imkoniyatlari tahlil etilib, Samarqand viloyatining aynan subvensiyada bo‘lgan bir qator tumanlari misolida hududlarni tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, hududlarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali mavjud holatni o‘nglash imkoniyatlari tahlil etilib, ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.

Gulbeka Qo‘chqarova,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi  O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi:

- O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar biz O'zLiDeP deputatlarning zimmasiga alohida mas’uliyat  yukladi.

Hududlarni subvensiyadan chiqarish asosan sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik hisobidan budjetga qo‘shimcha daromadlar olish orqali amalga oshirilishini  nazoratga olgan holda mahalliy hokimliklar, tegishli tashkilotlar mansabdor shaxslari nomiga amalga oshirilgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishlarini so‘rab halq deputatlari viloyat, tuman, shahar deputatlari 900 dan ziyod deputatlik so‘rovi yubordik va so‘rovlarning  aksariyatiga asoslantirilgan ma’lumotlar hamda rahbarlar nuqtai nazarini bayon etuvchi axborotlarni oldik.

Viloyatda tadbirkorlikka yaratilayotgan imkoniyatlarning kengaytirish, ular tomonidan taklif etilayotgan loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash asosida 2017-2018 yilllarda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha 585 ta, xizmatlar sohasi va servis infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 2774 ta, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 934 ta investititsiya loyihalarini amalga oshirish, natijada 38 ming 332 ta ish o‘rinlari tashkil etish imkoniyatlari mavjud.

Subvensiyadan chiqarish bo‘yicha ishlab chiqarilgan dasturning bajarilishini ta’minlash maqsadida tumanlarda yangidan ochiladigan barcha yirik va kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga barcha sharoitlarni yaratish, nazorat ishlarini olib borish kerakligini biz deputatlar bo‘lib o‘tgan tadbirdan keyin o‘zimizga yana bir bor reja qilib oldik.

Shohrux Jo‘raqulov,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi  O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi:

- Tashkil qilingan tadbir va unda o‘rtaga tashlangan fikrlar, olib borilgan munozaralar o‘zining tahliliy ekanligi, ilmiy asoslanganligi bilan ham dolzarbdir. Ko‘rinib turganidek, bu kabi tadbirlarda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli jabhalarida ma’lum yutuqlarga erishgan va mamlakatimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan olim va mutaxassislarning bir davrada jam bo‘lishida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining tashabbusiga alohida e’tibor qaratar ekanmiz, shubhasiz, joylarda olib borilayotgan subvensiyadan chiqarish chora-tadbirlariga nafaqat ma’muriy, balki fan-texnika taraqqiyotiga asoslangan ilmiy taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish orqali yondashish innovatsion jamiyat qurishda qo‘l keladi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mahalliy kengash deputatlari ham o‘z vakolatlari doirasida ish olib bormoqdalar. Jumladan, budjet va ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish, aholi bandligi va farovonligini oshirish uchun tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, ularning vaqt va moliyaviy resurslardan samarali foydalanishlariga ko‘maklashish bo‘yicha qator masalalar hal qilinib, tegishli tashkilot rahbar va mutasaddilarining hisobotlari eshitilib, tegishli tavsiyalar berib borilmoqda. Lekin bularni biz hozircha yetarli deya e’tirof eta olmaymiz. Bugungi tadbirda hududlarni subvensiyadan chiqarishning yangi yo‘nalishlari olimlar va mutaxassislar tomonidan ko‘rsatib berildi. Shu o‘rinda mahalliy kengash deputati sifatida biz ham o‘z oldimizga qator vazifalarni belgilab oldik.

Mahmudov Mansur,

 “Paradis-vayt-Gold-Tekstil” MChJ direktori:

- Qiymati 11,5 mlrd. so‘mlik loyihamizni 1-bosqichda yiliga 1,5 mln dona trikotaj mahsulotlari, sport kiyimlari, katta va bolalar kiyimi, 2-bosqichda yiliga 2,0 ming tonna tayyor mato, bo‘yash va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 170 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bundan tashqari Janubiy Koreya davlati tadbirkorlari bilan hamkorlikda 50 gektar maydonda 85,0 mln. AQSh dollariga teng investitsiya kiritish hisobiga zamonaviy issiqxona, muzlatgich, meva sabzavotni quritish, qayta ishlash, kolibrovka, qadoqlash yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha to‘liq ishga tushishi natijasida 1500 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Tadbir ishtirokchilar tomonidan tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan dolzarb muammolarni hal etish, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda rivojlantirish bo‘yicha manzilli amaliy chora-tadbirlar ijrosini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan tadbirlarning aholi hayotining sifatiga ta’sir etish darajasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha takliflar berildi.

Bobir Sulaymonov,

“Samarqand kamalak invest tekstil” MChJ direktori:

- Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 noyabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi ma’ruzasida yengil sanoat sohasida amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, umumiy qiymati 1 trillion 400 milliard so‘m bo‘lgan 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida viloyatda paxta tolasini qayta ishlash darajasi bugungi 20 foizdan 2018 yilda 60 foizdan oshadi, 2019 yilda esa 100 foizga yetkaziladi. 

Ma’lumki, Pastdarg‘om tumani viloyatda eng ko‘p paxta tolasi yetishtiradigan tuman hisoblanadi. Biroq paxta tolasini qayta ishlash masalasi hal etilmagan.

Shu o‘rinda tumanda 2018 yilda ishga tushishi kutilayotgan umumiy qiymati 15 mln. AQSh dollariga teng loyiha hisoblangan “Samarqand kamalak invest tekstil” MChJ tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, xususan paxta tolasini qayta ishlashda o‘z xissasi qo‘shishiga ishonaman.

Loyiha ishga tushishi natijasida yiliga 6 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash hisobiga ip-kalava olinadi. Bu tumandagi umumiy paxta tolasining 30 foizini tashkil etadi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning birinchi navbatda 70 foizi eksportga yo‘naltiriladi. 2021 yilga borib korxona 100 foiz tayyor mahsulotni ishlab chiqara boshlaydi. Loyihamizni dastlabki bosqichi hozirda ishga tushdi va 300 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Loyihani keyingi bosqichlarida, ya’ni ikki-uch yilda ip-kalava mahsulotlaridan tayyor keyim-kechaklar, turli xildagi matolarni o‘zimiz tayyor mahsulot ishlab chiqaramiz va daromadimizni to‘rt-besh baravarga oshirish imkoni tug‘iladi. Qo‘shimcha qo‘vvatlarni ishga tushirish bilan yana mingta ish o‘rni yaratiladi.

Tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan dolzarb muammolarni hal etishga ko‘maklashish, hududning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish darajasini inobatga olgan holda, hududni rivojlantirish bo‘yicha manzilli amaliy chora-tadbirlarni ijrosini, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ahvolini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan tadbirlarning aholi hayotining sifatiga ta’sir etish darajasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha berilgan takliflar tadbirkorlar manfaatiga xizmat qiladi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1397
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+