Investitsiyaviy muhit va bank kafolati

12.09.2019, 17:10

Investitsiyaviy muhit va bank kafolati

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashida tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlash, xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish, mulkdorlar huquqlarini himoya qilish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli dasturlarga kiritilgan loyihalar tashabbuskorlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

– Chet ellik sarmoyadorlarni jalb etgan holda gazoblok ishlab chiqarishni rejalashtirganman, – deydi to‘raqo‘rg‘onlik tadbirkor Ismoiljon Mirzaahmedov. – Bugungi ochiq muloqotda yurtimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va investorlarni jalb etish borasida birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Partiya tavsiyasi asosida samarali faoliyat yuritayotgan salohiyatli tadbirkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilib oldim.

– Ochiq muloqot davomida mamlakatimizga chet el investitsiyalarini jalb qilish borasidagi ishlar, sohadagi mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi, – deydi O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Ibrohim Sattorov. – Tadbirda xorijiy investorlar tomonidan investitsiyalarni kiritishda loyiha tashabbuskori bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarining kafolati talab etilishi ta’kidlandi. Shuning uchun tijorat banklari tomonidan salohiyatli, iqtisodiy barqaror bo‘lgan korxonalarga xorijiy investitsiya jalb etish jarayonlarida investorlar talab etayotgan kafolatni berish masalasini me’yoriy hujjatlar bilan qat’iy belgilab qo‘yish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakunida investorlar va investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘tarilgan masalalarning hal etilishi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

  • Ko'rildi
    27
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+