O‘zLiDeP tashkil etgan sayyor qabulda kogonlik fuqarolar muammosiga yechim izlandi

19.02.2020, 17:06

O‘zLiDeP  tashkil etgan sayyor qabulda kogonlik fuqarolar muammosiga yechim izlandi

O‘zLiDeP  Buxoro viloyat Kengashi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi Kogon shahridagi A.Qodiriy MFYda joylashgan Axborot-kutubxona markazida sayyor qabul tashkil etdi.

Unda xalq deputatlari Kogon shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zosi Mohigul Jo‘rayeva, partiya viloyat va shahar Kengashi vakillari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari qatnashdi.

Qabulda murojaatlar asosan, ishga joylashish, yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr energiyasi, gaz ta’minoti hamda tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash masalalarga oid bo‘ldi. 

—Afsuski, ko‘p hollarda sotuvchilar yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni ham iste’molchilarga sotishi holatlari kuzatilmoqda, — deydi 4-maktab o‘qituvchisi Zamira Turdiyeva. — Agar, taftish o‘tkazilsa, o‘sha kuni ba’zi magazinlar yopib qo‘yiladi. Buni qanday tushunish kerak? Sizlardan yuqori tashkilotlarga yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotayotgan tadbirkorlarga nisbatan jarimalarni oshirish bo‘yicha qonunga o‘zgartirish kiritish taklifini yetkazishingizni so‘rayman.

Vatanparvar ko‘chasi, 22-uy, 16-xonadonda yashovchi otaxon Anvar Rafiyev esa o‘zi yashayotgan hududda aloqa sifati pastligi, elektr tokidagi uzilishlardan shikoyat qildi. Qolaversa, u maishiy chiqindilar sochilib yotgani, bu esa inson salomatligiga katta ziyon yetkazishi mumkinligini aytdi.

Bozorlarda go‘sht mahsulotlari uyulib yotgani, qassoblar buncha mahsulotni 3 kun yoki bir haftadagina sota olishi mumkinligini bildirib, bu vaqt mobaynida mahsulot sifati buzilishi hech kimni qiziqtirmayotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga maktablarda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish payti kelganini aytdi.

Sayyor qabuldan so‘ng partiya vakillari hamda xalq vakili M.Jo‘rayeva “Zirabod” MFYda bo‘lib, ichki yo‘llarni ta’mirlash borasida qilayotgan amaliy ishlarni ko‘zdan kechirdi. Kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

O‘zLiDeP  Buxoro viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    155
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Асия2020-02-19 21:04:46

Мана шу сайер кабулхоналарнинг нима фойдаси бор хеч тушунмадим.Махалла азлини чакиришади борамиз /отар/муаммлни айтамиз кайтамиз /отар/ узгариш йук нимага керак сайер кабулхона янахамма овора....


Fikringizni qoldiring

+