O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi

15.09.2020, 16:45

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi

Joriy yilning 15 sentabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda asosiy e’tibor partiyaning yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, yoshlarga qaratilgan partiyaviy loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik fikri va munosabatini o‘rganish, shuningdek, joylarda shakllantiriladigan quyi jamoatchilik kengashlari oldiga qo‘yiladigan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga qaratildi.

Unda partiya “Yoshlar qanoti”ning jamoatchilik kengashi vakillari, deputatlar, partiya va “Yoshlar qanoti” faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Qayd etildiki, partiya oldida turgan asosiy vazifa faol yoshlarni bir g‘oya atrofida jipslashtirib, partiyaning targ‘ibot-tashviqot ishlarida keng va samarali foydalanishning yangicha mexanizmini yaratishdan iborat. Shu boisdan “Yoshlar qanoti” faoliyatini mutlaqo yangicha talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, partiya a’zolari safini bilimli, vatanga sodiq, shijoatli yoshlar bilan kengaytirish, ularning salohiyati hamda intilishlarini faol qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq dasturiy chora-tadbirlar “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Mazkur “Yo‘l xaritasi”da partiya “Yoshlar qanoti”ning kelgusida uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olinib, qator yangi partiyaviy loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, o‘tgan yillar davomida partiya “Yoshlar qanoti” tomonidan yetarli darajada e’tibor qaratilmagan yosh rahbarlarni tayyorlash, ularni davlat boshqaruvi sohasida tajriba va malakalarini oshirish, mamlakatimiz yoshlarini siyosiy jarayonlarda xalqaro maydonlarda ham o‘zini namoyon qilishi borasidagi masalalar yangi ishlab chiqilgan yo‘l xaritasida ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.

Shuningdek, partiya “Yoshlar qanoti” faollarini davlat boshqaruvi akademiyasi tuzilmasida o‘qitish, “Yosh rahbarlar labaratoriyasi” loyihasini amalga oshirish, yosh partiya kadrlarini xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning dunyoqarashi va intellektual salohiyatini oshirib borish, ShHT va MDH davlatlari siyosiy partiyalarining yoshlar tuzilmalari ishtirokida Toshkent yoshlar xalqaro forumini amalga oshirish kabi maqsadlar qo‘yildi.

Shu bilan birga partiyaning “Yoshlar qanoti” faoliyatini tubdan o‘zgartirish, turli toifalardagi yoshlar bilan yaqindan, bevosita ishlash strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu strategiya partiya “Yoshlar qanoti”ning navbatdagi konferenitsiyasida keng muhokama qilinadi.

Matbuot anjumanida O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning hududiy hisobot-saylov konferensiyalari va Respublika konferensiyasini o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi.

Qizg‘in va bahs-munozaralarga boy tarzda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qator savol-javoblar, fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    610
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+