Deputatlar qonun loyihalari bo‘yicha aniq takliflar berishdi

18.01.2018, 17:11

Deputatlar qonun loyihalari bo‘yicha aniq takliflar berishdi

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tashabbusi bilan 2018 yil 17 yanvarda fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘linmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017 yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida ta’kidlangan vazifalar ijrosi yuzasidan “Qabul qilinayotgan har bir qonun loyihasi saylovchilar, partiya elektorati, turli qatlam va guruhlarning manfaatlari nuqtai nazaridan atroflicha muhokama qilinishi, fraksiyalar ushbu masalalarda prinsipial pozitsiyani namoyon etishi shart” mavzusida amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi. Amaliy muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Sh. Bafoyev, O‘zLiDeP viloyat Kengashi xodimlari, partiya tuman va shahar Kengashi raislari va ularning o‘rinbosarlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolari hamda  ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Amaliy muloqotni O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari F.Aminov kirish so‘zi bilan ochdi.   

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz mahalliy Kengash deputatlari  faoliyati bo‘yicha ham o‘z e’tirozlarini bildirgan edilar. Ana shu nuqtai-nazardan kelib chiqqan holda O‘zLiDeP tuman, shahar Kengashari va partiyamizdan mahalliy vakillik organlariga saylangan deputatlik guruhlarining faoliyati  xolisona tahlil etildi. Endilikda mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlaridan ham ishga munosabatni tubdan o‘zgartirish, aholi bilan doimiy va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish taqozo etilyapti.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuni, “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihalari muhokama qilindi.

Amaliy muloqotda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizni 2017 -2021 yillarda rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash mas’uliyati  bugun  O‘zLiDeP  faollaridan alohida g‘ayrat ko‘rsatib ishlashni, partiyaviy jonkuyarlik va fidoyilik bilan faoliyat olib borish yutuqlar garovi ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

    O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1562
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+