Buxoroda xalqaro zardo‘zlik, zargarlik va kashtachilik festivalida O’zLiDeP a’zolari bo‘lgan hunarmandlar ham faol ishtirok etmoqda

24.05.2022, 14:43

Buxoroda xalqaro zardo‘zlik, zargarlik va kashtachilik festivalida O’zLiDeP a’zolari bo‘lgan hunarmandlar ham faol ishtirok etmoqda

Qadim Buxoroning hunarmandchilik mahsulotlari sayyoh va mehmonlarni asrlar davomida hamisha bu ko‘hna zaminga chorlab kelgan. Joriy yilning 21-25 may kunlari moziyning bu boradagi ko‘rku tarovati  Buxoroi Sharifda yana bir marta namoyon bo‘ldi. Nafaqat mamlakatimiz viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, balki dunyoning 58 ta davlatidan 221 nafar xorijlik ishtirokchilar, shulardan 112 nafar mohir hunarmandlar Buxoroga oshiqdilar .

Festival doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik  san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy–amaliy anjuman o‘tkazildi. Unda dunyoning 22 davlatidan 33 nafar xorijiy va 30 nafar o‘zbekistonlik olim va mutaxassislar ishtirok etdilar. Bir qator davlatlarning vakillari esa anjumanda onlayn tarzda qatnashdilar.

 Festival doirasida o‘tkazilgan modalar haftaligi, xalq sayillari,  maxalliy va xorijlik hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, qo‘g‘irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, Toqi Sarrafon, Toqi Telpakfurushon va Toqi Zargaron gumbazlari ostida yangragan folklor jamoalari qo‘shiq va kuylari barchaga xushnudlik baxsh etdi. “O’zbekiston zargarlik va zardo‘zlik san’ati” kitoblari taqdimoti o‘tkazilib, mohir hunarmandlar, O’zLiDeP faollari, Prezident sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik –tanlovlari g‘oliblari –“Do‘stlik” ordeni sohibasi Xursheda Ruzayeva, “Shuhrat” medali  sohibi, “Sovg‘a” ustozodai zardo‘zon oilaviy korxonasi rahbari, BPT raisi Baxshulla Jumayev, “Mo‘‘tabar ayol” esdalik nishoni bilan taqdirlangan Maxfuza Salimova va boshqalar bilan o‘tkazilgan dildan muloqotlar mehmonlar va barcha buxoroliklar qalbida uzoq vaqtgacha muhrlanib qoladigan bo‘ldi .

Ayniqsa festival dasturiga muvofiq “Malika Sulton zardo‘zlik va hunarmandchilik markazi” ning ochilish  tantanasi esda qolarli bo‘ldi . Maxfuza Salimova nafaqat oddiy hunarmand ayol, balki “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi huzuridagi “Tadbirkor ayollar” klubi a’zosi sifatida ham hormay-tolmay faoliyat olib bormoqda. Ana shu izchil va sermahsul faoliyat samarasi o‘laroq “Malika Sulton” markazi ko‘rgazmasidan o‘rin olgan, tilla va kumush suvi yuritilgan  ip vositasida ipak matolarga tushirilgan naqshlar zardo‘zi gilam va so‘zanalarda, Buxoro kelinchaklari milliy liboslarida, belbog‘, yelpig‘ich va boshqa tikuv mahsulotlarida mujassam ekanligi yarq etib ko‘zga tashlandi.

Xalqaro festivalning muhtasham Ark qal’asi maydonida o‘tkazilgan yopilish marosimi haqiqiy bayram tusini oldi. Bir qator nominatsiyalar bo‘yicha e’lon qilingan ko‘rik–tanlov g‘oliblari va sovrindorlari tashkilotchilar  tomonidan munosib  tarzda  taqdirlandilar .

Taniqli san’atkorlar va ijrochi yoshlar ishtirokidagi gala–konsert  barchaga zavq-shavq ulashdi.

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kenagshi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    410
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+