O’zbekiston raisligi davrida ShHT nufuzi yanada yuksalib, ta’siri kuchaydi
15.08.2022, 10:04

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) tashkil etilganidan buyon o‘tgan davr mobaynida terrorizm, ekstremizm, separatizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘ygan to‘laqonli mintaqaviy tuzilmaga aylandi. Toshkent shahrida joylashgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasining muvaffaqiyatli faoliyati Tashkilotning muhim ish uslublaridan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga ShHT faqat xavfsizlik sohasidagi ishlar bilan cheklanib qolmayapti, uning faoliyat doirasi ancha keng. Tashkilotning Shanxay deklaratsiyasi va Xartiyasi kabi asosiy ta’sis hujjatlari uni siyosiy, iqtisodiy, madaniy, gumanitar va boshqa sohalarga yo‘naltirilgan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida ilgarilayotgan tuzilma sifatida belgilaydi. Bu omil ShHT ni ta’sis etuvchi davlatlar Tashkilotni yangi turdagi universal kun tartibiga ega mintaqaviy yangi turdagi tuzilma sifatida anglayotganliklarini ko‘rsatadi.
ShHTning universalligi o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar, tenglik, o‘zaro maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi tamoyillarni o‘z ichiga olgan “shanxay ruhi” konsepsiyasining chuqur mohiyati bilan izohlanadi. Shuni ham qayd etish zarurki, Tashkilotga a’zo davlatlar siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudratidan qat’i nazar, barchasi teng huquqlidir. ShHT doirasidagi barcha qarorlarni konsensus asosida qabul qilish ana tamoyilning hayotga tatbiq etilishiga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida Tashkilotga a’zo barcha davlatlarga tuzilma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda faol ishtirok etish imkonini beradi. ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham ustuvor ahamiyat berilyapti.
Tashkilot hayotidagi so‘nggi muhim voqealardan biri, shubhasiz, uning 2017 yilda Osiyoning ikki yirik mamlakati – Hindiston va Pokiston hisobiga yanada kengayishi bo‘ldi. Endilikda ShHT yirik transmintaqaviy tashkilotlardan biriga aylandi. Masalan, XXR (Xitoy Xalq Respublikasi), RF (Rossiya Federatsiyasi), Hindiston va Pokiston yadroviy davlat maqomiga ega, shuning barobarida Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridir. ShHT mamlakatlarida dunyo aholisining qariyb yarmi istiqomat qiladi, a’zo davlatlar umumiy maydoni Yevroosiyo hududining 60 foizini egallaydi. ShHT davlatlari yalpi ichki mahsulotining hajmi dunyo YaIM ning qariyb 23 foizini tashkil etadi.
Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikning susayib borishi ShHT oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. O’zbekiston ShHT ta’sischilaridan biri sifatida barcha mamlakatlarning hayotiy xohish-istaklariga mos keluvchi istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish orqali bu tashkilot salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarilishidan manfaatdor. Shu bois ShHT bilan munosabatlarni rivojlantirish O’zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.
ShHT O’zbekiston uchun birinchi navbatda mazkur tashkilotning geografik o‘qi bo‘lib qolayotgan Markaziy Osiyoda barqarorlik va keng hamkorlikni ta’minlovchi muhim, o‘zida ko‘p yo‘nalishlarni jamlagan maydon hisoblanadi.
Tashkilotning mintaqaviy masalalarga e’tiborini, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasining mintaqaviy jarayonlarda yanada faol ishtirok etishi sharoitida ShHTning afg‘on muammosiga e’tibori kuchayishi muhimligida ham ko‘rish mumkin.
Hozirgi kunda O’zbekiston ShHTga muvaffaqiyatli raislik qilib kelmoqda. An’anaviy hamkorlik va logistika zanjirlariga putur yetishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi vaziyatning keskinlashuvi, inflyatsiyaning tez sur’atda o‘sishi, dunyodagi aksariyat mamlakatlarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi, xavfsizlik va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga shay turish uchun samarali muvofiqlashtirish va yaqin ko‘p qirrali hamkorlik zaruratini kuchaytirmoqda.
Turli mamlakatlarning ShHT va u bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqishi ortib borayotgani bejiz emas. Bugungi kunda o‘ndan ortiq davlatning Tashkilot faoliyatida u yoki bu maqomda ishtirok etish to‘g‘risidagi arizalari ko‘rib chiqilmoqda. Bularning barchasi ShHT siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual salohiyati jihatidan kuchli uyushmalardan biriga aylanayotganidan darak beradi.
O’zbekiston ShHT ga raisligi davrida 70 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi, Samarqand sammiti yakunida qabul qilinishi rejalashtirilgan 28 ta hujjatni muvofiqlashtirish ishlari yakunlandi. Mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport bog‘liqligini kuchaytirish konsepsiyalari va dasturlari shular jumlasidandir. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlarda ham qo‘shma loyihalar va tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Shu kungacha ShHT ga a’zo barcha davlatlarning rahbarlari 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan mazkur tashkilot sammitida ishtirok etishlarini tasdiqladilar. Uchrashuvda ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlarning yetakchilari, hamkor tashkilotlar – BMT, MDH, JHShT, YeOII va boshqa tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etadi. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitda Eron ShHT a’zoligiga kirishi va Eronning ShHT a’zosi sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, Belorussiya ham ShHT ga qo‘shilish to‘g‘risida ariza bergan va sentyabrda bo‘lib o‘tadigan sammitda ushbu mamlakatni tuzilmaga qabul qilish tartibi boshlanadi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti Tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik hamda uning Markaziy Osiyo geografik yadrosi maqomini saqlab qolish, yangi tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirish, transchegaraviy loyihalarni ilgari surish va Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faolroq jalb etish kabi masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini beradi. Bularning barchasi O’zbekistonning mamlakatlar va xalqlar manfaatlari yo‘lida ShHT doirasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishidan dalolatdir.
Azamat Seitov,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi
sektori mudiri, sotsiologiya fanlari doktori.
O'xshash yangiliklar
-
O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi
21.09.2023, 09:50
-
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: xalqimiz orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hayotiy hujjat
13.09.2023, 15:38
-
O‘zbekiston – Ozarbayjon: do‘stlik va qardoshlik aloqalari yanada kengayadi
25.08.2023, 17:16
-
Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish – ustuvor vazifamizdir
21.08.2023, 09:49
-
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti o‘z lavozimiga kirishdi
14.07.2023, 14:53
Fikringizni qoldiring