O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining o‘tgan yildagi faoliyati sarhisob qilindi

16.02.2023, 18:44

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining o‘tgan yildagi faoliyati sarhisob qilindi

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlari va joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirok etdi.

Shuningdek, yig‘ilishda O’zLiDeP viloyat Kengashi a’zolari, partiya viloyat, tuman va shahar Kengashlari mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari ham qatnashdilar.

Ta’kidlanganidek, partiya hududiy kengashlar o‘z ish faoliyatini 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi, partiya Saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan vazifalardan kelib chiqqan holda  amalga oshirib kelmoqda.

Hisobot davrida partiya a’zolari safini elektorat vakillari hisobidan kengaytirish, joylardagi korxona va tashkilotlarda partiya quyi bo‘g‘inlarini tuzish, partiyaviy targ‘ibot-tashviqot ishlarini jonlantirish, ularni OAVlarda yoritishga alohida e’tibor qaratildi. 

Joylarda olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida partiya a’zolari soni yil davomida 12 640 nafarga oshib, 2023 yilning 1 yanvar holatida  73 228 nafarni tashkil etdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni bugungi kunda 853 taga yetdi. Bu borada Buxoro shahri, G’ijduvon, Vobkent, Shofirkon tumanlarda quyi bo‘g‘inlar tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlaridagi faoliyatini ham keyingi paytda davr talablari darajasida olib borishga erishilmoqda. Deputatlik guruhlari a’zolari tomonidan aholini qiynayotgan va yechimini kutib qolgan muammo hamda masalalarning 51 tasi mahalliy Kengash sessiyalari muhokamasiga kiritilib ijobiy hal etilgan.

2022 yil davomida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolari tomonidan jami 872 ta deputatlik so‘rovi ijro organlari mansabdor shaxslariga yuborilgan bo‘lib, shundan 223 tasi viloyat, 649 tasi tuman, shahar Kengashlari deputatlari va partiya guruhlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan joylarda saylovchilar ishtirokida  o‘tkazilgan uchrashuv va qabullar davomida aholini qiynab kelayotgan 1058 ta masalaning 935 tasi ijobiy hal etilib, bir qator murojaatlar atroflicha o‘rganish va maqbul yechim topish maqsadida vakolatli idoralarga yuborilgan.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov Buxoro viloyati partiya tashkiloti mamlakatimizdagi peshqadam tashkilotlardan biri ekanligini ta’kidlab, keyingi paytda siyosiy tuzilma faollari tomonidan dasturiy maqsad va g‘oyalarimizni amalga oshirishga qaratilgan muhim tadbirlar, o‘rta qatlam vakillari ishtirokidagi bir qator uchrashuvlarda davlatimiz rahbari ilgari surayotgan vazifalar ijrosini O’zLiDeP saylovoldi platformasidan kelib chiqqan holda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini qayd etdi.

- Viloyatda partiyaviy yo‘nalishda bajarib kelinayotgan galdagi vazifalar doirasida diqqat-e’tibor berilishi lozim bo‘lgan bir qator muhim masalalar ham borki bugun ularni alohida tilga olib o‘tmoqchi edim, - dedi o‘z so‘zida A.Xaitov.-Bu eng avvalo asosiy elektoratimiz vakili bo‘lgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Prezident Farmon va qarorlarining joylarda o‘z vaqtida bajarilishiga bog‘liq. Aynan shu masalada partiyamiz faollari, mahalliy Kengash deputatlari mas’uliyatni o‘z zimmalariga olib, fidoiylik bilan ish olib borishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

A.Xaitov shuningdek, ayollar va yoshlar masalasi, ularning bandligini ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar ham doimiy e’tiborda bo‘lib, bu borada aniq natijadorlikka erishish lozimligini aytib o‘tdi.

Tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda viloyatda muqobil energiyadan foydalanishning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi. Ushbu muhim masala ham partiya mas’ullari va faollari nazoratidan chetda qolmasligi zarur. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shish istagida bo‘lgan kichik va o‘rta biznes hamda xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari safini yanada kengaytirishga olib keladi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha partiya faollari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. O’zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi raisi vazifasiga Buxoro Davlat universiteti rektori, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Xamidov Obidjon Xafizovich bir ovozdan saylandi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    234
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+