Deputat mahalladadagi yettilik faoliyatini o‘rgandi  

27.04.2024, 16:34

Deputat mahalladadagi yettilik faoliyatini o‘rgandi   

Bugun yurtimizda mahallabay ishlash tizimini yana-da kuchaytirish, “mahalla yettiligi”ni tashkil qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirish, “yettilik tizimi” faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish borasida amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pakning o‘z saylov okrugi bo‘lgan O‘rta Chirchiq tumanidagi navbatdagi uchrashuvlarida mahallalar faoliyatini ko‘zdan kechirdi.  

Tumanning “Turkiston” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lgan deputat hamda O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyevlar bu yerdagi “mahalla yettiligi” faoliyati bilan qiziqishdi.

Mahalla raisi Ravshanbek Xaydarovga ko‘ra, “mahalla yettiligi” tarkibi 770 dan ortig‘i ayollarni tashkil etadigan 1502 ta aholiga xizmat ko‘rsatishadi. 2023 yilda mahalla aholisining 60 nafari “Ayollar daftari”da turgan bo‘lsa, bugun “yettilik” vakillari saʼy-harakati natijasida ularning soni 48 nafarni tashkil etmoqda. Mazkur daftar ro‘yxatida turgan 10 ta norasmiy ishsizlarning ham mehnat faoliyati qonunchilik asosida rasmiylashtirilishi ustida ishlanmoqda. “Temir daftar”da turganlar esa 14 nafardan iborat.

 Mahalla hududida 8 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatlar, 12 ta oilaviy korxonalar mavjud bo‘lib, undagi drayver sohalar mebelsozlik va parrandachilik hisoblanadi.

Bugungi kunda mahallada xorijga ketib ishlovchi mehnat migrantlari soni juda kam. Aholining katta qismi hududdagi xususiy korxonalarda mehnat faoliyati bilan band. Bundan tashqari, mahalladagi 348 ta xonadonning deyarli 230 tasi tomorqadan unumli foydalanib, qo‘shimcha daromad topishadi.

Hududning ijtimoiy-iqtisodiy holatini sinchkovlik bilan o‘rganish asnosida aholi vakillarining ham fikrlarini tinglagan deputat oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli va ehtiyojlarini o‘rganish, fuqarolarni ijtimoiy daftarlarga kiritish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, subsidiyalar ajratish, fuqarolarning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va bunday vaziyatga tushganlarni og‘ir vaziyatdan chiqarish borasidagi mahalla “yettiligi” vakillarining faoliyatini ijobiy baholadi.

O‘rta Chirchiq tumani “Turkiston” MFYda aholi xonadonlaridagi tomorqalardan foydalanishning samaradorligini ko‘zdan kechirgan deputat bir parcha yerdan yuqori hosil olayotgan omilkorlar bilan ham muloqotda bo‘ldi.

Xususan, mahalladagi ibratli oila sohiblari bo‘lgan Temirpo‘latdoniyorxo‘ja ota hamda Karomat opa Absamatovalarning xonadonlarida olib borilgan o‘rganishlarda ularning moʻjazgina 6 sotixli tomorqasida turli gullar, rezavor mevalar, sabzavotlar yetishtirilib, yiliga 3 martadan hosil olinayotganiga guvoh bo‘lindi.

Temirpo‘latdoniyorxo‘ja ota o‘zining tomorqachilik tajribasini deputat bilan o‘rtoqlasharkan, dastlab nafaqa davrida ermak bo‘lgan mashg‘ulot ortidan kelgan mo‘maygina daromad oila farovonligini yana-da ortishiga sabab bo‘lganini so‘zladi. Shu daromad ortidan farzandlariga to‘ylar qilib, qizlarining oliygohlarda taʼlim olishlarida ko‘maklashayotganini faxr bilan tilga oldi.

Mahalla omilkorlari bilan kechgan suhbatlarda deputat so‘nggi yillarda respublikada dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani xususidagi o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    40
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+