Dehqonchilik qilmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun nimalar o‘zgardi?

07.05.2024, 16:47

Dehqonchilik qilmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun nimalar o‘zgardi?

O‘tgan yil statistikalarida mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 million 600 ming nafar, yoxud aholining 55,6 foizini tashkil qilganini qayd etilgan. Mintaqamizda myehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 ming nafar yoshlar kirib kelayotgani hisobga olinsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetishi inobatga olinsa, ularni oliy ta’limga qamrab olish, kasb-hunarga yo‘naltirish va eng muhimi, bandligini ta’minlash masalasi kun tartibiga chiqadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 5 aprel kuni imzolagan “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-sonli qarori yoshlarni foydali mehnatga jalb qilish orqali daromadini oshirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi yangi imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz. Aytish kerakki, bugun yosh tadbirkorlar, xususan, dehqonchilik, chorvachilik, urug‘chilik yoki ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan yoshlar safi anchagina kengaydi. Ularning nafaqat mahalliy bozor, balki xorijiy bozorlar uchun ham mahsulot yetkazib berishayotgani ham bor gap. Eng muhimi, maktabni bitirayotgan yoshlar orasida o‘zini-o‘zi band qilish uchun kryedit olib faoliyatini boshlayotganlari ham talaygina.

Yangi qarorga binoan, endilikda mamlakatimizning barcha hududlarida hokimlik zaxirasida bo‘lgan jami 60 ming gektar Yer maydoni sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari, dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari elektron onlayn-auksion orqali 30 yil muddatgacha kichik lotlarda «bir massiv – bir mahsulot» tamoyili asosida yoshlarga ijaraga beriladi.

Shuningdek, qarorda «Temir daftar», «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandi, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Mehr daftari»ga kiritilgan yoshlar, oilasi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh fuqaro, huquq-tartibot va mudofaa organlariga biriktirilgan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishdan qaytgan yoshlarga yer ajratilishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj va tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar yetgan yosh fuqarolarga ham yer ajratish belgilangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Ye-auksion”da  kimlar ishtirok eta oladi? Ishtirok etish tartibi qanday? 

Auksion “mahalla yettiligi” tomonidan tavsiya etilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Unda qatnashish uchun talabgorlar badal puli sifatida o‘rtacha oylik ish haqining bir baravari miqdorini to‘lashlari lozim. Auksion g‘oliblari Yer uchastkasini 10 yil davomida teng ulushlarda, foizsiz to‘lash, ya’ni har yili bir xil miqdorda to‘lov qilishadi. Bu ularning reja asosida ishlashlarini ta’minlab, asosiy faoliyatidan chalg‘imasliklarini ta’minlaydi. Agar auksionda faqat bitta talabgor qatnashsa, bu auksion o‘tkazilgan deb hisoblanadi hamda ushbu imtiyozli shartlar asosida o‘tkaziladigan auksion savdolarida yoshlar yer maydonini faqat bir marotaba ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi. Ha yana bir gap: qarorga ko‘ra, 30 sotixdan ko‘p tomorqa yeri bo‘lib, undan foydalanmayotgan, ilgari ochiq elektron tanlovlarda yoki elektron onlayn-auksion savdolarida yerni ijaraga olgan yoshlarga ushbu elektron onlayn-auksion savdolarida qatnashib, yerni ijaraga olishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarorga ko‘ra, talabgorlarga ajratiladigan yer maydonlari o‘lchamlari «mahalla yettiligi» taklifiga ko‘ra aniqlanadi. Eng muhimi, «E-auksion» elektron savdo platformasiga joylashtiriladigan yer maydonlari bo‘yicha kichik lotlarni majburiy biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, qarorga muvofiq, ishni yaxshi tashkil qiladigan tadbirkorlar, mahsulotni qayta ishlovchi yoki eksport qiluvchilarga yaxlit konturdagi yer maydonlari «Yoshlar daftari»dagi bir nechta yoshlarning bandligini ta’minlash majburiyati bilan beriladi. Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratsak: yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi.

Darvoqe, yana bir eslatma: qarorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizimni joriy qilish maqsadida talabgorlar Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limi bilan kelishilgan holda «Agrobank» ATBning «Fermerlar maktabi», «Suvchilar maktabi», agrar sohada kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga va hududlardagi kichik biznesga ko‘maklashish markazlarida o‘qitiladi. Bu esa ularni sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, tajriba orttirishlariga zamin hozirlaydi.

          Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari hamkorligida agrar sohadagi va hududlardagi boshqa oliy ta’lim muassasalariga tegishli o‘quv-tajriba uchastkalarida bog‘ va tokzorlarni barpo etish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlari barpo etiladi.

E’tiborli jihati shundaki, auksionda qatnashib, Yer ijaraga olgan yoshlar «Agrobank» ATB hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan hududlardagi 167 ta «Agromarkazlar» orqali xususiy sektorni jalb etgan holda urug‘, ko‘chat yetkazish, mineral o‘g‘it berish, mini-texnika va agronom xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi hamda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar biriktiriladi.

Darvoqe, shuni ham yodda tutish lozimki, ushbu qarorga muvofiq ijaraga beriladigan yer maydonlarida turar joy, bino va inshootlar qurib, yashash yoki boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanish mumkin emas.

Tabiiyki, tadbirkorni ham, dehqonni ham soliqlar bilan bog‘liq imtiyozlar qiziqtiradi. Soliq kodeksining 428-moddasiga muvofiq, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan yerlar – ushbu amaliyot joriy etilgan oy boshidan besh yilgacha bo‘lgan muddatga, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yangi o‘zlashtirilayotgan yerlar – vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, o‘zlashtirilgan vaqtdan e’tiboran besh yil mobaynida yer solig‘idan ozod etiladi.  Bu soliq imtiyozi yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun ham tatbiq etiladi. Soliq kodeksining 337-moddasiga muvofiq, ushbu Kodeksning 57-moddasida nazarda tutilgan mezonlarga javob beruvchi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga o‘zi ishlab chiqargan o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foydasi bo‘yicha foyda solig‘i stavkasi nol foiz miqdorida belgilanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun tom ma’noda mehnat qilaman, o‘zimni ham, boshqalarni ham ish bilan ta’minlayman degan tadbirkorlikda qobiliyatli bo‘lgan yoshlar uchun shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlar bisyor. Yoshlarning zimmasida esa biroz izlanuvchanlik bilan loyihalar ishlab, faoliyatida tatbiq qilish, shijoat bilan o‘zi uchun yaratilgan sharoitu imkoniyatlardan unumli foydalanishgina qolgan xolos.

Mohinur Bahramova,
yuridik fanlari doktori,
O`zLiDeP Chilonzor tuman kengashi a’zosi

  • Ko'rildi
    58
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+