Buxoro  tumani  mahallalarida “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichlari davom etmoqda

06.05.2024, 13:41

Buxoro  tumani  mahallalarida “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichlari davom etmoqda

O‘zLiDeP Buxoro tuman tuman Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, mahalliy Kengash deputati Gulnora Xasanova hamda “Ayollar qanoti”  hamkorligida  “Zarmanoq” MFY faollari bilan birga hududdagi mohir tadbirkor ayol Shodiya Saidovaning faoliyati o‘rganib chiqilganda u bir necha yildan beri issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotganiga amin bo‘ldilar.

Asosiy va qo‘shimcha tomorqasida jami 3 sotixdan iborat ekin maydonida bugungi kunda pomidor, bodring, rediska va turli xil ko‘katlar yetishtirilib, arzon narxlarda el dasturxoniga yetkazib berilmoqda. Sh.Saidova va uning oila aʼzolari mehnati bilan keyingi paytda har oyda 7-8 million so‘mdan ortiq daromadga erishilmoqda. Bu yerdagi manzarali bog‘da birgina olmaning qator turlarini topsa bo‘ladi. Issiqxona xo‘jaligida hozirgi paytda MFYdagi 3 nafar ishsiz ayolning bandligi taʼminlangan.

Shuningdek, tumandagi “Kunji qalʼa” MFYda xususiy tikuv sexini ochgan tinib-tinchimas, ishbilarmon ayol Umriniso Hamroyevaning ham faoliyati ishchi guruh eʼtiboridan chetda qolgani yo‘q. U.Hamroyeva MFY hududida “Nazokat” tikuv sexini tashkil etgan holda doimiy faoliyat olib bormoqda.

-Bolaligimdan tikish-bichishga qiziqaman, - deydi u. Shu kuchli qiziqish bois bugungi kunga kelib seximda ishsiz xotin-qizlardan 3 nafariga chevarlikning sir-asrorlarini o‘rgatib, ularni barqaror ish bilan taʼminlashga muvaffaq bo‘ldim. Chevar ayollarimiz tomonidan tayyorlab kelinayotgan turli xil liboslar hamyurtlarimiz talabiga mos bo‘lib, bizga tushayotgan buyurtmalar soni vaqt o‘tgan sayin ko‘payib bormoqda. Shuni hisobga olib faoliyatimizni yana-da kengaytirish maqsadida yangi tikuv mashinalarini xarid qilishni, umumiy ishlovchilar sonini esa 10-15 nafarga yetkazishni rejalashtirmoqdaman.

 “Novmetan” MFYda ham o‘z kundalik ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, mahalla hududida “Go‘zallik saloni”ni ochishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor ayol Dilnoza Ismatovaning ham izchil faoliyatidan hamyurtlari mamnun. U bugungi kunda ayollarga soch turmaklash bo‘yicha namunali xizmat ko‘rsatib ular ishonchini qozonib kelmoqda. Negaki, opa-singillarimiz nafaqat kundalik ro‘zg‘or va turmush tashvishlar bilan o‘ralashb qolishlari, balki o‘z tashqi ko‘rinishlariga ham doimiy ravishda eʼtibor berishlari zarur deb hisoblaydigan D.Ismatova o‘z egallagan kasbini 5 nafar shogirdlariga ham sidqidildan o‘rgatgan.    

MFYlarda o‘rganishlar olib borgan ishchi guruh aʼzolari uchala tadbirkor ayolni ham ko‘rik-tanlovning tuman bosqichiga ishtirok etish uchun tavsiya etdilar.

  • Ko'rildi
    44
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+