Shofirkonlik mohir tikuvchi “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichiga yo‘llanma oldi

27.04.2024, 16:32

Shofirkonlik mohir tikuvchi “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichiga yo‘llanma oldi

Aholi bandligini taʼminlash, daromadlarini oshirish, xotin-qizlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bugun chekka hududlargacha kirib borib, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ham bu borada aniq-manzilli ishlar olib borilmoqda. Dehqon, hunarmand, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan bu yilgi “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichlari MFYlardagi yangidan-yangi boshlovchi hamda tajribali ayollardan iborat soha xodimlari aniqlab, ularning faoliyati ommalashtirishda qo‘l kelmoqda. Eʼtiborlisi, ularning ko‘pchiligi O‘zLiDeP aʼzolaridan iborat.

Tumandagi 186 ming nafar aholining 86 200 nafarini ayollar tashkil etadi. Aholi vakillari asosan, hunarmandchilik, chorvachilik, meva-sabzavot yetishtirish, tomorqachilik hamda savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Tumanda keyingi paytda ayollar bandligini taʼminlash, ularning shaxsiy daromadlariga ega bo‘lishlari uchun kasanachilikka yo‘naltirish, ularga tomorqa ajratish, xonadonlarida issiqxonalar tashkil etish kabi qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash yo‘lida tumanda olib borilayotgan bunday ishlar o‘zining kutilgan natijasini bermoqda. Erishilgan natijalar esa opa-singillarimizni ko‘zlangan maqsadlar sari dadil yetaklamoqda.

Tumanidagi mavjud 50 ta mahallada endilikda ayollar bandligini taʼminlashga erishilmoqda.

          Tumanning chekka hududlaridan biri “Pattaxon” MFYning Yangiobod qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Qizlarxon Xayrullayeva bundan birmuncha vaqt ilgari “Ayollar daftari” ga kiritilgan edi. Q.Xayrullayeva tadbirkor ayollarga berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xonadonidagi tikuvchilik sexini kengaytirib, bugungi kunda o‘z mahsulotlarini Eron, Arabiston, Xitoy davlatlariga eksport qilishga ham erishmoqda.

-O‘z ish faoliyatimni 11 mln so‘mlik kredit asosida boshlagan edim,-  deydi Q.Xayrullayeva. -Tuman bandlik bo‘limiga qilgan murojaatim tufayli 47- umumtaʼlim maktabining  bo‘sh turgan binosiga ega bo‘ldim. Bu yerda monomarkaz tashkil etdim va mahallamdagi ishsiz xotin-qizlarni o‘qitib, ularga tikuvchilik hunarini o‘rgatdim. Ularni hunarli qilish bilan birga bandligini taʼminlashga ham erishdim. Hozirgi kunda tijorat banklaridan ajratilgan 100 mln so‘mlik imtiyozli kredit evaziga tikuv sexini yana-da kengaytirib, 20 dan ortiq tikuv mashinalari, bichish uchun stollar va boshqa zarur asbob-uskunalarni sotib oldim. Bugungi kunda tikuv seximizdagi ishchi-xodimlar soni 40 nafarga yetkazilgan.

Tumanda ko‘rik-tanlovning MFY miqyosidagi saralash bosqichi davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    38
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+