El dardiga darmon

17.02.2023, 10:29

El dardiga darmon

Inson yaxshi yashashni orzu qiladi. Ammo uy qurish hammaning qo‘lidan kelavermaydi. ayniqsa, nogironlik nafaqasiga kun ko‘radiganlar uchun bu juda mushkul vazifa.

G’uzor tumanidagi Xumdon qishlog‘ida yashovchi nogironlar Marhabo Sayitova va Narvay Toirov anchadan buyon eski uyda yashayotgani bois deputat Shuhrat Aslanovga yordam so‘rab murojaat qilishdi. Xalq noibi ahvol haqiqatan ham achinarli ekanini o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rdi. Zax va vayronaga aylangan imoratlar nurash arafasida edi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay quruvchilar ishga kirishishdi. Qisqa fursatda homiylik asosida zamonaviy uy bunyod etildi. Shuningdek, Guliston, Do‘ltali, Istiqbol hamda Chugurtma mahallalarida yashovchi kam ta’minlangan 5 ta oila ham deputat ko‘magida yangi boshpanali bo‘lishdi.

Shuhrat Aslanovning tashabbusi bilan G’uzor va Dehqonobod tumanlarida istiqomat qilayotgan ishsiz yoshlarning  bandligini ta’minlash maqsadida tegishli vazirliklar hamda “O’zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida “Malaka oshirish bo‘yicha o‘quv markazlari” tashkil etilgan. Mazkur markazni hozirga qadar 200 nafar yigit-qiz tanlagan sohalari bo‘yicha bitirib, turli korxona va tashkilotlarda ishlamoqdalar.

Jonkuyar deputatning saylov okrugi hududidagi oilalar farzandlarini maktabgacha  ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ishlari ham talab darajasida emasdi. Shu munosabat bilan o‘tgan uch yil mobaynida  4 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Ayni paytda Xumdonda 150, Do‘ltalida esa 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini  qurish ishlari jadallik bilan olib borilayotir. Shakarbuloqdagi 55-maktab binosi to‘liq ta’mirlanib, o‘quvchilar ixtiyoriga berildi.

Sherali, Dashtobod, Yangihayot, Yangikent, Toshguzar, Tengdosh, Nurafshon, Mevazor, Istiqbol, Fayzobod, Eshonquduq va Qorako‘l mahallalari hududlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan oilalarning hollaridan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatib kelinmoqda. Ehtiyojmand oilalar farzandlarining xatna to‘ylarini o‘tkazish, sovg‘a-salomlar ulashish an’anaga aylangan. Deputat “Bayramni siz bilan birga nishonlaymiz” xayriya aksiyasining tashabbuskori sifatida ham elning duosini olayotir. Bu aksiya doirasida qishloqlarda yashayotgan boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari va ularning farzandlariga kiyim-kechaklar ulashilmoqda. Nogironligi bor fuqarolardan Sherali Jo‘rayevga Toshkent shahriga borib davolanishi  uchun amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, Akbar Xoliyev uyining tom qismi ta’mirlab berildi. Istiqbol, Chugurtma, Do‘ltali va Guliston qishloqlarida yashovchi Adolat Choriyeva, Dilfuza Davlatova, Dilrabo Xudoyorova va  Zavra Jo‘rayevlarga ham yangi uy  qurib berildi.    

Shuhrat Aslanov nafaqat deputat, balki, yirik korxona rahbari sifatida har yili Qarshi shahar hokimligi va viloyat bandlik bosh bosh qarmasi bilan hamkorlikda fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani takomillashtirish va rivojlantirish hamda talaba-yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Karera kuni” va “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasida ishtirok etadi. “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tomonidan ta’sis etilgan stipendiya sohiblarini o‘zi taqdirlaydi. Korxona istiqboliga xizmat qiladigan bilimdon va iqtidorli kadrlar bitiruvchi yoshlar orasidan ana shu tariqa tanlab olinadi.

– Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga alohida ahamiyat beryapmiz, – deydi O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Shuhrat Aslanov. – Unda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar ijrosi bo‘yicha deputatlarimiz oldida turgan vazifalar aniq.  Keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi vohamizning tuman, shahar kengashlarida o‘rganilib, 7 ta ustuvor yo‘nalish borasida amaliy takliflar ishlab chiqilmoqda. Yil boshidan buyon viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari faoliyati monitoring qilib borilmoqda. Har chorakda ularning partiya dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilish, saylovchilarning muammolarini bartaraf etish borasidagi ishlariga baho beriladi. Zimmadagi mas’uliyatni unutib qo‘ygan, partiya kengashlari bilan aloqani uzgan, saylovchilarning muammolari bilan shug‘ullanmayotgan deputatlarga keskin choralar ko‘riladi.

Bu yil Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil etilganining 20 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat  bilan partiya ishi rivojiga munosib hissa qo‘shgan xodimlar, saylovchilar ishonchini qozonayotgan faol deputatlarni rag‘batlantirishni rejalashtiryapmiz.  

Ha, 9-Guliston saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Shuhrat Aslanov ana shunday siyosiy yetuk, tashabbuskor insonlardan. Zimmasiga ulkan majmuaga, partiya viloyat kengashiga rahbarlik qilish vazifasi yuklatilgan bo‘lsa-da, nomzodi uchun ovoz bergan saylovchilari bilan uchrashishga, ularni qiynab kelayotgan muammolarning maqbul yechimlarini topishga astoydil harakat qilayotganligi bois saylovchilar undan hamisha minnatdor. Uning deputatlik faoliyatini barcha hamkasblariga ibrat qilib  ko‘rsatsa arziydi.

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    153
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+