Deputatlik eshituvi: Qashqadaryoda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi

30.08.2023, 16:13

Deputatlik eshituvi: Qashqadaryoda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Mavlonovning hisoboti tinglandi.

- Zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan yoshlargina  davr oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni xal eta oladilar,- deydi boshqarma boshlig‘i Olimjon Mavlonov. -  Vohamizdagi barcha yoshlarning tashabbus va iqtidorlarini namoyon etishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish, innovatsion loyihalarini ishlab chiqarishga keng jalb etish, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan o‘zaro muloqot maydonini yaratish, jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlari uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Yangi O’zbekistonimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

-Hisobotda ta’kidlanishicha, vohada 6ta davlat, 6 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, 2022/2023 o‘quv yili davomida jami 68 424 nafar talabalar tahsil olmoqda. Bu yil Davlat oliy ta’lim muassasalarini joriy yilda jami 9 931 nafar talabalar tamomladi. Ularning 7542 nafari ish bilan ta’minlandi. Mamlakatimiz bo‘ylab energiya resurslarini tejash, muqobil, yashil energiya manbalariga o‘tish maqsadida viloyatdagi barcha davlat OTMda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirildi. 6 ta davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan qiymati  18,4 mlrd. so‘mlik jami 1 734 kVtlik quyosh panellari o‘rnatildi.  

 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab 14 nafar bilimdon va jamoa ishlarida faol talabalarga  “Viloyat hokimi stipendiyasi” joriy to‘lanadi. Joriy yil viloyatdan 105 277 nafar  abituriyentdan 20 759 nafari talabalikka tavsiya etilgan bo‘lib, shundan 4 345 nafari grant va 16 414 nafari shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Turkiyaning Egey universiteti bilan Qarshi muhandislik-iqtisodiyoti instituti hamkorlikda “Tekstil muhandisligi fakulteti” va Qarshi davlat universiteti bilan “Turizm fakulteti” ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Oliy ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bo‘yicha boshqarma tomonidan kunlik nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda davlat oliy ta’lim muassasalari huzurida foydalanishga tayyor jami 5 113 o‘rinli 20 ta talabalar turar joylari mavjud.  Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joyiga bo‘lgan talab 8 320 tani tashkil etib, hozirda qamrov darajasi 5 113 tani yoki 61 foizga bajarilgan. Joriy yil sentabr oyida TATU Qarshi filialida qiymati 21,4 mlrd.so‘mlik 540 o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshiriladi.

 Viloyatda 5 ta akademik litsey va 60ta professional ta’lim muassasalari (33 ta kasb-hunar maktablari, 13ta kollej va 14ta texnikum) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda 25 ta professional ta’lim muassasalarida 14 ta mutaxassislik bo‘yicha 2 517 nafar vaqtincha ishsizlar, shumladan ayollar qisqa muddatli o‘quv kurslarga o‘qitildi.

 2022-2023 o‘quv yilida viloyatdagi professional ta’lim muassasalarining 17 479 nafar bitiruvchilaridan 6 665 nafarining bandligi ta’minlandi. Germaniyaning “EURO BUSINESS SCHOOL” kompaniyasi direktori Yax Karl-Xayns viloyat hokimining oliy va profesional ta’lim muassasalariga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlandi.

Yig‘ilishda viloyat kengashi deputatlaridan Alisher Boyqarayev, Ismigul Xushmurodova, Islomiddin Abrorov,  va boshqalar so‘zga chiqib, ta’lim sifatini oshirishda xorij tajribasidan  foydalanish, yoshlarni ijtimoiy, ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquq hamda majburiyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga qulay sharoit yaratish orqali ularni yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylantirish borasidagi vazifalar haqida so‘zladilar.

Shuningdek, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining ham hisoboti tinglandi. Deputatlar tomonidan bildirilgan mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar, takliflar bildirilib, ularni deputatlik nazoratiga olish va partiyaviy vositalar bilan bartaraf etish chora tadbirlari belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    143
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+