Mustahkam siyosiy-diplomatik pozitsiya

28.09.2023, 12:21

Mustahkam siyosiy-diplomatik pozitsiya

Barchamizga ma’lumki, davlatlar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikning o‘ziga xos forumi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning ahamiyati ortib bormoqda. Ushbu tuzilma ko‘p tomonlama diplomatiyaning eng maqbul vositasi yanglig‘ global hayotimizning turli munosabatlariga daxldor murakkab masalalarini hal qila oladi.

O’zbekistonning tashqi siyosatini belgilovchi asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida BMT bilan hamkorlik yanada kengayib, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida intilishi yuksak darajaga chiqqanini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur mustahkam siyosiy-diplomatik pozitsiya davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surilgan global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarda yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi.

– Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik, – dedi davlatimiz rahbari jumladan. – Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat.

Prezidentimiz iqtisodiyotni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish to‘g‘risida gapirib, BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etdi.

Juda chuqur tahlilga asoslangan nutqda “Birlashgan Millatlar Tashkiloti– Xotinqizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan O’zbekistonning manfaatdorligiga e’tibor qaratilib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili mamlakatimizda Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. O’zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qat’iy borishi qayd etildi.

Shu o‘rinda yana bir jihatni nazardan qochirmaslik joiz. U ham bo‘lsa, insoniyat o‘z taraqqiyot yo‘lining tub burilish davrini boshidan kechirayotgani, xalqaro munosabatlarning tabiati keskin o‘zgarayotgani bilan bog‘liq jarayonlardir. Ya’ni, bugungi kunda butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora faollashayotganini, iqlim shiddat bilan o‘zgarayotgani va ommaviy migratsiya oqimi kuchayotganini hech kim inkor qila olmaydi.

O’zbekiston yetakchisi yuksak minbarda bu masalalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini ochiq bayon etdi. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish maqsadida O’zbekistonda YuNYeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qildi. Buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O’zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida turib, barcha siyosatchilarni Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga va bu borada BMT rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilashga chaqirdi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimizning nutqi sessiya ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olinganining o‘zi O’zbekistonning katta yutug‘i bo‘ldi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturi jahonda qo‘llab-quvvatlanayotgani, dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surilgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanligining amaliy tasdig‘idir.

Dilorom XUDAYBYeRGENOVA,

Xalq deputatlari Beruniy tuman kengashidagi

 O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    184
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+