Xalq ishonchini har kim ham qozonolmaydi

12.10.2023, 17:46

Xalq ishonchini har kim ham qozonolmaydi

Mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch – O’zLiDePning tashkil topganiga yaqinda yigirma yil to‘ladi. O’tgan vaqt davomida partiyaning o‘ziga xos ish usuli, an’analari shakllanib ulgurdi, juda katta siyosiy tajriba to‘plandi. Fidoyilik, odamlar dardiga darmon bo‘lishga intilish, qolaversa, partiyani tashkil etishda bosh-qosh bo‘lgan ustozlar an’analarini davom ettirish, aytish mumkinki, o‘zbekistonlik liberal-demokratlarga xos fazilatlar, desak yanglishmaymiz.

Ushbu siyosiy kuchning bosib o‘tgan yo‘liga nazar solar ekanmiz, uning xalq ishonchini qozonib, bugungi mavqei va obro‘ga erishishida deputatlarning ham alohida o‘rni borligiga guvoh bo‘lamiz. To‘g‘ri, xalq vakillari faoliyati haqida so‘z ketsa, hammadan ham iliq gaplar eshitavermaymiz. Chunki demokratik tamoyillar ustuvor bo‘lib borayotgan jamiyatda bunday munosabat bildirilishi tabiiy hol. Lekin, ochig‘ini aytganda, xalq noiblarining joylarda olib borayotgan faoliyatidan baxobar yoki bevosita deputat ko‘magi bilan og‘iri yengil bo‘lgan kishilar borki, ular o‘zlari saylagan nomzod nomini doimo minnatdorlik bilan tilga olishadi.

Yana bir jihati, mahalliy kengashlarda O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolarining soni saylovdan saylovga faqat oshib borayotgani ularning el ishonchini qozonayotganini ko‘rsatadi.

Misol uchun, mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan dastlabki saylovlarda Jizzax viloyat, tuman (shahar) kengashlariga partiyamizdan jami 72 nafar deputat saylangan edi. Ayni paytda xalq deputatlari mahalliy kengashlarida jami 12 nafar O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari faoliyat olib bormoqda. Ularning 26 nafari xalq deputatlari viloyat kengashi deputati hisoblanadi.

Demak, qayerdaki, xalq noiblari saylovchilar ishonchini oqlasa, tom ma’noda elim, yurtim deb yonib yashasa, o‘sha hududda maslakdosh deputatlarimiz soni keyingi saylovlarda ko‘proq ovoz olayotgani ham bor gap.

Bu borada Xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari faoliyati fikrimiz isbotidir.

– Ayni paytda bizning mahalliy kengashimizni boshqa hududlarga solishtiradigan bo‘lsak, eng ko‘p, ya’ni 15 nafar maslakdosh deputatimiz faoliyat yuritayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Nafaqat son, balki sifat jihatdan ham ular faoliyatini ijobiy baholashimiz mumkin. Shuning uchun ham fidoyi xalq vakillari desak arziydigan Sharofat Noriyeva, Akmal Ahmedov, Nigora Asqarova, Meliqo‘zi Omonliqov va boshqa faol deputatlarimiz nomini tumanimiz ahli behad hurmat bilan tilga oladi, – deydi mazkur tuman partiya kengashi apparat rahbari ƀanisher Avalboyev.

Tumandagi mashhur sulola vakillaridan biri Naxanboyevlarning kenja vakili Zafar Naxanboyevni faxr bilan tilga olsak arziydi. U dastlab Jizzax davlat pedagogika institutini, keyinchalik Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universitetini tamomlagan. Og‘ir-bosiq, mulohazali bu yigitning gap-so‘zlarida ikkala oliy dargohda ustozlaridan olgan ta’limning ta’siri sezilib turadi. Mana yetti yildirki, chorvachilikka ixtisoslashgan “O’rol Naxanboyev” fermer xo‘jaligini boshqarib keladi.

U saylangan 30 – “Yangi qishloq” saylov okrugi hududida dashtu tog‘larga tutashib ketgan uchta – Tinchlik, Ko‘rpasoy, Ravot mahallalari joylashgan. 1650 dan ortiq xonadonda istiqomat qiluvchi aholining turmush tarzi dehqonchilik, chorvachilik bilan uzviy bog‘liq.

– Ochig‘ini aytish kerak, qishloqlarimizda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar nafaqat aholi turmush tarzini oshirishga, balki hududda tadbirkorlikni rivoj lantirishga ham to‘siq bo‘lib kelayotgan edi, – deydi Zafar Naxanboyev biz bilan suhbatda. – Shu sabab mahalliy hokimiyat, mutasaddi tashkilotlar bilan hamjihatlikda so‘nggi yillarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim sohalari bilan bir qatorda, elektr energiyasi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Albatta, aholi ham bu xayrli ishdan chetda turgani yo‘q.

Garchi uning o‘zi istihola qilib aytmagan bo‘lsa-da, ana shu qishloqlarda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlariga partiyamizdan saylangan bu jonkuyar deputat bosh-qosh bo‘layotganini ko‘pchilikdan eshitib, to‘g‘risi, xursand bo‘ldik.

O’zgarishlarni sanaydigan bo‘lsak, ular har qanday kishini quvontirgulik. Ko‘rpasoyda 8 kilometr, Tinchlik mahallasida 12 kilometr, Ravot mahallasida 1 kilometr yo‘llarga shag‘al to‘kildi. Odamlar qishda tizza bo‘yi loy, yozda tuproq kechib yurish azobidan qutulishdi. Uvob qish log‘ida ko‘prik ta’mirlandi. Barcha qishloqlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida kilometrlab yangi kabellar tortildi, simyog‘ochlar almashtirildi. Bugun Jizzax shahridan Zomin tomonlarga yo‘li tushgan har qanday yo‘lovchi umumiy Ravot deb yuritiluvchi qishloq yo‘llaridan o‘tsa, atrofiga gul va nihollar ekilgan, tekis ko‘chalarini ko‘rib ko‘zi quvnaydi. Bir nechta maktab va tibbiyot maskanlari ta’mirlandi. Bu kabi xayrli ishlar aholini yakka tartibda hamda oilaviy tadbirkorlikka jalb qilishga imkon yaratmoqda.

Biz sanab o‘tayotgan bunyodkorliklar 230 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Sharof Rashidov tumanida kechayotgan ulkan islohotlardan bir qismigina, xolos. Ishonch bilan ayta olamizki, bunday savobli ishlarda Zafar Naxanboyev kabi maslakdosh deputatlarimizning bosh-qosh bo‘layotgani odamlarni o‘ziga xos tarzda ruhlantirmoqda.

  • Ko'rildi
    108
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+