Til millat boyligi

19.10.2023, 15:40

Til millat boyligi

Til – millatning timsolini, ruhini,  madaniy va ma’naviy qarashlarini, madaniyatini, turmush tarzini, tarixini, asrlar davomida shakllangan dunyoqarashini o‘zida aks ettirgan va uni avloddan avlodga yetkazishda beminnat vosita bo‘lgan buyuk  qadriyatdir.

Inson shuuridan o‘tgan har qanday murakkab o‘y-u fikrlarni, qalbida kechgan eng nozik tuyg‘ularni to‘liq ifoda qilishga qodir bo‘lgan tillardan biri – o‘zbek tilidir. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 34 yil to‘lmoqda.  21 oktabr sanasi yurtimizda “O’zbek tili bayrami” sifatida keng nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan O'zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi faollari ham  korxona va tashkilotlarda, ta’lim maskanlarida bir qator  madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etmoqdalar.

Shunday tadbirlarning biri - Jizzax tibbiyot va Axborot texnologiyalari  kollejida ham bo‘lib o‘tdi. Partiya faollari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etgan tadbirda tilimizning hayotimizda tutgan o‘rni, uni rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr yuritildi.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar atroflicha talqin qilib berildi.

Ta’kidlanganidek, 2030 yilgacha bo‘lgan o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga muvofiq, ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish sohasidagi dorlzarb vazifalar belgilab berilgan. Unga ko‘ra, 2030 yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida o‘zbek tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish; Oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish  belgilangan.

Savol-javob va mushoiraga aylanib ketgan tadbir davomida tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash barchamiz uchun  ma’naviy burch ekanligiga yana bir bor urg‘u berildi.

Abdukarim Isaxonov,

O'zLiDeP  Jizzax shahar Kengashi apparat rahbari

  • Ko'rildi
    117
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+