“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining mahalla bosqichlari  yangi-yangi nomlarni kashf etayotir

01.05.2024, 09:34

“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining mahalla bosqichlari  yangi-yangi nomlarni kashf etayotir

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazilayotgan “Ishbilarmon ayol - 2024” ko‘rik-tanlovining mahallalardagi saralash bosqichlarida ishtirok etish niyatida bo‘lgan xotin-qizlar soni kun sayin ko‘payib borayotir.  

G‘uzor tuman Kengashi “Ayollar qanoti” guruhi tomonidan “Buyuk karvon yo‘li” MFYdagi ishbilarmon, tadbirkor xotin-qizlar orasidan “Farruxbek G‘anisherovich” hususiy firmasi rahbari Toji Turopova g‘olib deb topildi. Tadbirkor ayol mahallasidagi 10 nafar xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan. Korxonada o‘ttizga yaqin turdagi bolalar va xotin-qizlar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda.

Koson tumani “Arabxona” va Mashʼal MFYlaridagi saralashda “Gulshan-Farzona” oilaviy korxonasi rahbari Gulshana Boborajabova, “Rivoj tekstil” oilaviy korxonasi rahbari Lobar Qurbonovalar faoliyatiga munosib baho berildi. Lobar Qurbonova korxonasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan  11 nafar kam taʼminlangan oila sohibalari mehnat qilishayotir. Korxonada tayyorlanayotgan kiyim-kechak mahsulotlari ichki bozorda o‘z xaridorlarini topgan. Tadbirkor ayol o‘z mahsulotlarini xorijga chiqarish borasida izlanmoqda.    

 Dexqonobod tumani “Beshbuloq” Istiqlol va “O‘zbekiston” MFYlaridagi ishbilarmon, tadbirkor xotin-qizlar faoliyatlari partiya  tuman Kengashi “Ayollar qanoti”  ishchi guruh aʼzolari tomonidan o‘rganildi. “Beshbuloq MFY da faoliyat yuritib kelayotgan Halovat Xolnazarova “Shaxinabonu” tikuvchilik firmasi tashkil etib, xotin-qizlarni 13 nafar doimiy, 50 nafar mavsumiy ish bilan taʼminlab kelmoqda. Istiqlol mahallasida faoliyat yuritayotgan Mavluda Beknazarova 25 nafar ayollarni ish bilan taʼminlagan.  Milliy liboslar, maxsus kiyim-kechaklar ishlab chiqarish, sotish, gilamchilik  va boshqa servis yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi.

   Shuningdek, tadbir davomida O‘zLiDePning dasturiy maqsad va vazifalari, partiya “Ayollar qanoti” loyihalari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berilib,  ishsiz, uyda o‘tirgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning malakasini oshirish, bandligini taʼminlash hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashishda  “Ishbilarmon ayol” loyihasining  ahamiyati katta ekanligi taʼkidlanmoqda.

Hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan mahallalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning faoliyati o‘rganilib, tanlovning tuman va shahar bosqichlarida ishtirok etishga munosiblari saralab olinib, partiya esdalik sovg‘allari topshirilmoqda.

  • Ko'rildi
    48
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+